www.ziyouz.com kutubxonasi
107
Uning o‘rnida andoza bosib chizilgan yo‘g‘on qizil yo‘l turardi, u quvongandek bir ochilib, qo‘rqqandek
yumilardi. Qoshlarini esa butunlay terib tashlagan, atigi ikkitagina ingichka tuk qoldirgan, xolos.
Uolter dong qotib qoldi. Yuzidagi tabassumdan asar ham qolmadi. U hayron bo‘lgancha bir joyda
turib qoldi.
Qiz shokoladlarni yerga tushirib yubordi.
— Siz Jeneveva Selzormisiz? — o‘z ovozi begona ovozdek tuyulib so‘radi Uolter.
— Siz Uolter Griffmisiz? — so‘radi qiz.
— Gripp.
— Gripp, — to‘g‘riladi qiz.
— Salom, — bazo‘r dedi yigit.
— Salom. — Qiz uning qo‘lini siqdi.
Qizning barmoqlari shokoladdek yopishqoq bo‘lib qolgan edi.
— Xo‘sh, — dedi Uolter Gripp.
— Nima, — so‘radi Jeneveva Selzor.
— Men faqat “Xo‘sh” dedim, — izoh berdi Uolter.
— Ha.
Soat kechgi to‘qqiz. Kunduzi ular shahar tashqarisiga borishdi, kechlikka esa, yigit file-minon
pishirdi, biroq Jeneveva uni yaxshi qovurilmagan deb ko‘ngli tortmadi, shunda Uolter uni yaxshilab
qovurishga qaror qildi va yo ko‘p qovurib yubordi, yo kuydirib yubordi, xullas, shunga o‘xshash bir
narsa bo‘ldi-da. U kuldi-da, dedi:
— Ketdik kinoga!
Qiz “mayli” dedi-da, shokolad yuqi qo‘li bilan uning qo‘ltig‘idan oldi. Biroq uning talabi ellik yil
oldingi Klark Geybl qatnashgan film bilan cheklanib qo‘ya qoldi.
— Rosa kulgili narsa ekan-ku? — Qiqirlab kuldi qiz. — Ichagimni uzdi-ya!
Film tugadi.
— Yana bir qo‘yib ber, — buyurdi qiz.
— Yana? — takror so‘radi yigit.
— Yana, — javob berdi qiz.
Yigit o‘girilgan edi, qiz unga yaqinlashdi va quchoqlab oldi.
— Sen hech ham men o‘ylagandek emas ekansan, lekin mayli, bo‘laveradi, — tan oldi qiz.
— Rahmat, — dedi yigit nafasi bo‘g‘ilib.
— Eh-h Geybl tushmagur: — Qiz uning oyog‘idan chimchilab oldi.
— Voy, — dedi yigit asta.
Kinodan keyin ular “xarid qilgani” jimjit ko‘chalar bo‘ylab yurib ketishdi. Qiz oynavand peshtaxtani
urib sindirdi va o‘zi tanlab-tanlab topib olgan eng ochiq rang ko‘ylakni kiyib oldi. So‘ng boshiga bir
shisha atirni to‘nkarib qo‘ydi-da, suvda bo‘kkan iskovichga aylandi-qo‘ydi.
— Yoshing nechada? — qiziqsindi yigit.
— Topib ol. — Qiz uni ko‘chadan yetaklab ketdi, undan asfaltga tinimsiz atir tomchilar edi.
— O’ttizga borgandirsan? — dedi yigit.
— Ana, xolos, — quruqqina javob berdi qiz. — Endi yigirma yettiga kirdim men senga aytsam! Voy,
manavi yerda qandolatxona ham bor ekan! O’lay agar, mana shu mashmashalar boshlangandan beri
men boyvuchchalardek yashayapman. Qarindosh-urug‘larni hech qachon sevgan emasman. Esini
yegan hammasi. Ikki oy burun Yerga uchib ketishdi. Men ham so‘nggi raketada uchib ketishim kerak
edi, biroq qoldim. Bilasanmi nega?
— Nega?
— Chunki menga ta’na qilishdi. Mana shu yerda qoldim. — Istagancha o‘zingga atir quy,
xurmachangga siqqanicha pivo ich, konfet ye, hech kim senga: “Kaloriyang ko‘payib ketadi!” deb
ta’na qilmaydi. O’zim xon, ko‘lankam maydon!
— O’zing xon, ko‘lankang maydon. — Uolter ko‘zlarini qisdi.
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |