HUDHUDNING BU QUSHGA JAVOBI
Hudhud dedi:
- Ey, ojizu behafsala! Qachongacha dilingda qo‘rquv va tahlika bilan yurasan? Sening
bu olamda nima qadring bor? Tirikliging bilan o‘liming barobar. Dunyo boshdan oyoq
najosatdir, xalq shu najosat uzra talashib yurib o‘ladilar oqibat. Yuz minglab xalq sariq
qurt kabi dunyoda zor-zor dard bilan o‘lib ketadilar. Biz agar bu vodida azob bilan o‘lsak,
bu najosat uzra xoru zor bo‘lib o‘lgandan yaxshi emasmi? Bu talab agar sendan va
mendan xato bo‘lsa ham, agar g‘amdan o‘lsak bu ham ravodir. Dunyoning xatolari
ko‘pdir, bir xato ikkinchi xatoni inkor qiladi. Agar birovga ishq badnomlik keltirsa, lekin
bu axlatkashlik va qon olishlik kasbidan afzaldir.
Yuzminglab odamlar kissavurlik va makru hiyla bilan mashg‘ullar — pastkash dunyo
o‘laksasi ustida talashadilar. Deylik bu savdo kissavurlikchalik emasdir, sen kamrog‘ini
tanla, bu mening uchun kamroq g‘amdir. Qachongacha bu savdo daryosiga diling g‘arq,
hamma narsani makru hiyla, kissavur-lik bilan o‘lchaysan. Agar birov buni g‘urur yoki
havas desa, shunday joyga yetasanki, hech kim yetmagan bo‘ladi. Bu havas orzular
g‘ururi yo‘lida jon berish, uy va do‘konga ko‘ngul bog‘lashdan ko‘ra yaxshiroq.
Buning hammasini eshitdik va ko‘rdik ham, ammo bir nafas bo‘lsin o‘zimizdan
qutulolmadik. Ishimiz xalq bilan uzoq bog‘lanish bo‘ldi, qachongacha bu tilanchilik, bu
sig‘inish-lar? O’zimizdan va halqumdan o‘lib poklanmasak, jonim halqumdan
poklanmaydi. Kimki u xalqqan butkul qutulmasa, yo‘lning erani va bu pardaning
mahrami bo‘lolmaydi. Bu pardaning mahrami ogoh jondir. Halqumiga suyangan tirik
kishi mard bo‘lganmi? Agar sen ish (so‘fiylik yo‘li) eranidirsan, oyog‘ingni dadil qo‘y.
Xotinlarga o‘xshab ojizlik oshkor etma. Shuni qatiy ishonch bilan bilginki, bu talab agar
kofirlik bo‘lsa ham, ammo asl ish shudir, bu yuzaki, yengil-yelpi ish emas.
Ishq daraxtining mevasi benavolik, qashshoqlikdir. Agar kimningki mevasi - mol-
mulki bo‘lsa, bu yo‘ldan chiqsin. Ishq agar bir ko‘ngildan joy olsa u kishining jonida orom
qolmaydi, borlig‘ini berishga tayyor bo‘lib qoladi. Bu dard eranlarning qoniga kirib
boradi, boshini pastga qilib, pardadan tashqariga olib chiqadi. O’zligiga bir nafas ham
yo‘latmaydi, nafsni o‘ldiradi va qon bahosini talab qiladi. Agar suv bersa, faqat judolik,
man’ etish suvini, agar non bersa, judolik alamidan pishirilgan patirni beradi. Zaiflikda
chumolidan ojizroqdir, chunki ishq lahza-lahza zo‘rayib boradi — vujudini yemiradi. Mard
kishi xavfu xatar dengiziga tushgach, jigar qonisiz bir luqma non yemaydi...
Mantiqut-tayr (nasriy bayon). Farididdin Attor
Do'stlaringiz bilan baham: |