www.ziyouz.com кутубхонаси
47
ham, sozi ham ishq bo‘lib qoldi. O’zga gap qulog‘iga kirmas, o‘zga narsalar mutlaqo
e’tiborini tortmas edi. Tarso qizi uning muhibi, qiblasiga aylandi.*
Shayxning muridlari bu holni ko‘rib, qattiq qayg‘urdilar, nima qilishlarini bilmay
hayron qoldilar. Sarsonu rargardon bo‘lib, goh shahar kezar, goh shayx oldida yig‘ilib,
uni bu yo‘ldan qaytarishga urinardilar. Ammo shayx San’onga gap ham, nasihat ham kor
qilmas, olamni unutgan edi u. Qalbi tarso qizi farmonida bo‘lgach, boshqaning gapi
qulog‘iga kirarmidi? Oshufta oshiqning podshosi ham amru farmon beruvchisi ham
ma’shuqadir. Bu dardning bedavoligini ishq dardiga chalinganlar biladi, bedardlar buni
qaerdan bilsin? Shayx uchun kecha va kunduz barobar edi. Kunduz kechaday qorong‘i,
tun esa firoq zulmatiday uzun va vahimali edi.
Shayxning ishqi tug‘yon urib, o‘zini ham, olamni ham unuta boshladi, boshiga tuproq
sochib, o‘z holiga o‘zi motam tutdi. Ko‘ziga uyqu kelmas, goh nola chekar, gohida
o‘rtanib yonardi. Qopqora tunlarning zulmati - firoq zulmati poyonsizday edi.
- Ey Alloh, — deb nola qilardi Shayx San’-on, - nahotki, bu tunlarning oxiri
ko‘rinmasa, nahot mening quyoshim porlab chiqmasa? Yo falak mashali o‘chdimi abad,
so‘ndimi tiriklik olovi? Behad ko‘p tunlarni riyozatda o‘tkazgan edim, ammo bunday
zulmat tunlarni ko‘rmagan edim. Sham’day yonib ado bo‘lyapman, jigarim yonib,
ichimdagi olov alanga urmoqqa! Nafasimdan o‘t chiqadi, ey parvardigor! Ishq meni o‘z
qonimga tashna qildi-qu, yo‘q-yo‘q, bosh-oyog‘imni qonga beladi. Bir kechada yuz
kechaning azobini tortayotirman, bilmadim, kunduzim qanday o‘tar ekan? Tun odamzod
uchun shuncha mashaqqatlimi, shuncha azob ekanmi, endi bildim buni. Kecha-kunduz
isitma ichidamanki, qachon kunduz boshlanib, qachon kech kirishini anglamasman.
Magar vujudim tarhini tuzganda parvardigor shu bir kecha uchun asrab qo‘yganmidi
meni? Dunyoda g‘am shuncha ko‘pmi, ishq shunday beintiho qudratmi? Bu qiyomatning
alomatimi yo ohimdan gardun sham’i xiralashdimi yo dilbarimdan uyalib, quyosh parda
ichiga kirib ketdimi?
Kuydimu yondim bu tun azobidan, ilojin topolmadim ishq dardining, endi toqatim ham
qolmadi bu g‘avg‘olarga. Tog‘day sabotim-sabrim qani, hashamatu matonatim qayon
ketdi, o‘tkir zehnim, zakovatimdan ayriddim: qilni qirq yorib, ne-ne mushkil masalalarga
javob topgan aqlim xiralashdi. Biroq oshiq uchun aql nima kerak, ishqqa aqlning kuchi
yetarmidi? Yorni izlab eshigiga boray desam, oyog‘im qimirlamaydi. Ovoz chiqarib,
mahbubamni chaqiray desam, tilim so‘zga kelmas, qon oqaverib ko‘zlarim ko‘rmaydigan
bo‘ldilar.
Aql ketdi, sabr ketdi, ketdi jon, Bu ne savdo, ne azobu ne fig‘on?!
Shayx San’onning muridlari yig‘lashib, uning qo‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘ldilar. Yaqin
mahramlaridan biri dedi:
— Ey shayxi kibor, o‘rningdan tur, vasvasani o‘zingdan uloqtir, tahorat olib, namoz
qil, shaytoni la’inni quvgin nari.
Shayx dedi:
— Ey bexabar, bu kecha jigar qoni-la yuz daf’a tahorat qildim, yuz rakaat namoz
qildim Allohga, mahbubim visoliga etkizgin deb.
Boshqasi dedi:
— Tasbehing qani, tasbehsiz shayx shayx bo‘ladimi? Tasbehni qo‘lga olib zikrga tush.
Shayx dedi:
— Belimga zunnor bog‘lash qulay bo‘lsin uchun qo‘llarimni tasbehdan bo‘shatib oldim.
Boshqasi dedi:
— Ey mo‘ysafid, agar gunohu xato sodir bo‘lgan bo‘lsa, tavba qil, parvardigor rahm
qiluvchidir.
Shayxdedi:
Mantiqut-tayr (nasriy bayon). Farididdin Attor
Do'stlaringiz bilan baham: |