Haq hamisha g’olib (Umar al-Foruq).
Ahmad Muhammad
www.ziyouz.com kutubxonasi
21
«Men ham kechirdim»
Hazrati Umar roziyallohu anhuning xalifalik yillarida adolat bilan ish tutganlari,
ayniqsa, faqir, nochor, mazlum kishilarga jon fido qilganliklari tillarda doston bo‘lib
ketgan. U kishining xalifalik yillarida bir odam janjalkash, shaddod xotinining janjallariyu
baqir-chaqirlaridan to‘yib, xalifaga shikoyatga keldi. U Umarning (r.a)
eshiklari oldiga
kelib, endi chaqirmoqchi bo‘lib tursa, ichkaridan ayol kishining qattiq-qattiq gapirgani
eshitildi. Boyagi kishi hayron bo‘lib qoldi, quloqlariga ishonmadi. Nahotki, xalifaning
xotini baqir-chaqir qilayotgan bo‘lsa? Astoydil quloq solsa,
xalifaning xonimi Ummu
Gulsum eri hazrati Umarga qattiq gapirmoqda. Xalifadan esa sado chiqmasdi.
Xotinidan shikoyatga kelgan odam o‘ziga- o‘zi shunday dedi:
– Men xotinimning janjallaridan, uning yomon fe’lidan, menga nisbatan
hurmatsizligidan xalifaga arz-dod qilib kelgandim. Bu qanday bedodlikki,
mening
boshimdagi g‘am-alam xalifaning boshida ham bor ekan. Yaxshisi, bu yerdan tinchgina
ketaqolay!
U qaytib ketayotgan edi, Umar (r.a.) uni ko‘rib qoldilar:
– Nega kelding-u endi nega ketyapsan? – dedilar.
– Sizga xotinimdan shikoyat qilib kelgandim. Qarasam, bu dard,
bu tashvish sizning
boshingizda ham bor ekan. Shuning uchun shikoyat qilishdan kechib, qaytib ketayotgan
edim, - dedi arzga kelgan kishi.
– Agar gap shundoq bo‘lsa, endi menga yaxshilab quloq sol, - dedilar xalifa. –
Oiladagi ayollarimizning
bizga sabr-qanoat, tog‘at bilan qilgan xizmatlari ham, ayni
paytda erning zimmasida uning haqlari ham bor. Xotinim jahannam otashi bilan mening
o‘rtamda bir parda-to‘siqdir. Ko‘nglim u bilan rohat topadi, haromga boqmayman,
chunki u menga xotinlik vazifasini qiladi. U uyim va mulkimning qo‘riqlovchi muhofizidir,
uydan chiqsam,
u uydagi mol-mulkimni saqlab, bekalik vazifasini bajaradi. Kiyimlarimni
yuvib-tozalaydi, uyning boshqa yumushlarini bajaradi, hamma yoqni orasta tutadi,
bolalarni
yuvib-tarab, yedirib-ichiradi, tarbiya qiladi. U mening ovqatimni pishirib,
oldimga qo‘yadi, boshqa yumushlarimni qiladi. Shuncha xizmatlarni o‘rniga qo‘yib
bajarib, biror marta ham minnat qilmaydi, zorlanmaydi.
Boyagi odam hazrati Umarning bu nasihatlarini eshitgach:
– Sizga qilinadigan bu xizmatlar menga ham qilinadi. Sizki ayolingizni xush ko‘rib,
ba’zi qusur-kamchiliklarini kechirganingizdan keyin men
ham xotinimning qusurlarini
kechirdim, - dedi.
Do'stlaringiz bilan baham: