Haq hamisha g’olib (Umar al-Foruq).
Ahmad Muhammad
www.ziyouz.com kutubxonasi
19
Qay biri mahbubroq?
Kunlarning birida janob Rasululloh (s.a.v.) Amr Ibn Osni qo‘shinga qo‘mondon qilib,
Zotus-Salosilga yuboradigan bo‘ldilar. Safar oldidan ikkovlari biroz suhbatlashib qolishdi.
Amr Ibn Os Sarvari olamdan (s.a.v.) so‘rab qoldi:
– Ey Allohning rasuli, qo‘shinda Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumo bo‘laturib,
meni bosh qilib tayinladingiz. Bu odamlardan qay biri siz uchun mahbubroq?
– Oishaning otasi Abu Bakr, – dedilar Sarvari olam (s.a.v.).
– U kishidan keyin-chi? – yana so‘radi Amr Ibn Os.
– So‘ng Umar ibn Xattob, – dedilar va u zot hazrati Umardan so‘ng yana bir necha
kishining nomini sanab o‘tdilar.
Jannat bashorati
Ulug‘ sahobiylardan Abu Muso al-Ash’ariy uylarida tahorat olib, ko‘chaga chiqdilar. U
kishining niyati Rasulullohga (s.a.v.) chin dildan komil ixlos bilan xizmat qilish, kunlarini
u zot bilan birga o‘tkazish edi. Abu Muso yaqindagi masjidga borib,
Rasuli akramni
(s.a.v.) so‘radi. Masjiddagilar: «Hozirgina bu yerdan chiqib, hov anavi tarafga ketdilar»,
deyishdi.
Sahobiy ular ko‘rsatgan tomonga bordilar. Axtara-axtara surishtirsalar, Bi’ru Arisga,
ya’ni sahnida qudug‘i bo‘lgan bir boqqa kirib ketgan ekanlar. Payg‘ambar alayhissalom
toki tahorat olib, poklanib bo‘lgunlaricha, Abu Muso bog‘ning
xurmo shoxlaridan
yasalgan eshigi oldida sabr bilan kutib turdi. Keyin u zot turgan joyga bordi. Qarasalar,
Payg‘ambar alayhissalom quduq taxtasining o‘rtasida izorlarini shimarib, oyoqlarini
quduq ichiga osiltirib o‘tiribdilar. Sahobiy u zotning qoshlariga borib, salom berdilar.
Rasuli akram (s.a.v.)
alik oldilar-da, yana indamay xayolga berildilar.
Abu Muso yana eshik oldiga borib o‘tirdi. «Bugun bir eshikbonlik qilib, Payg‘ambar
alayhissalomni xushnud etayin», deb dildan o‘tkazdi. Shu asnoda Abu Bakr Siddiq (r.a.)
kelib, eshikni taqillatdilar. Abu Muso:
– Kim? – dedi.
– Men Abu Bakrman.
– Shoshmay turing, men janobi Rasulullohdan so‘rab kelay, – deb u zotning
huzurlariga ketdi va Abu Bakr kelib, ichkariga kirmoqqa izn so‘rayotganini izhor etdi.
Shunda u zot:
– Ijozat ber
va jannati ekanliklarini aytib, xushnud qil! – dedilar.
Abu Bakr (r.a.) boqqa kirib, Rasulullohning (s.a.v.) huzurlariga bordilar.
Salomlashishgach, Abu Bakr (r.a.) ham izorlarini Payg‘ambar alayhissalom kabi
shimarib, u zotning o‘ng tomonlarida quduqning ichiga oyoqlarini osiltirib o‘tirdilar.
Abu Muso yana eshik yoniga qaytib keldi. Boya ko‘chaga chiqayotib, birodari Abu
Burdaga «Tahorat olib, ortimdan yetib bor», deb tayinlab kelgandi.
Shuning uchun Alloh
taolo birodariga yaxshilikni ravo ko‘rgan bo‘lsa, bu yerga yetib kelib, Rasuli akram
(s.a.v.) suhbatlaridan bahramand bo‘lishini orzu qilib o‘tirgandi. Shu payt eshik taqillab
qoldi. Abu Muso shoshilib so‘radi:
– Kim bu?
– Umar ibn Xattobman, – degan ovoz keldi.
–
Biroz kutib tursangiz, – dedi o‘tinch ohangida Abu Muso. – Men ijozat so‘rab kelay.
U Rasulullohning (s.a.v.) qoshlariga borib, salom berdi va Umar ibn Xattob kelib,
ichkariga kirish uchun ruxsat so‘rayotganini ma’lum qildi. U zot: