www.ziyouz.com
kutubxonasi
91
Jahonning ko‘zi Bobakka tushishi bilan jahldan qaltirab ketdi. U otasining qasrida ekan
paytlarda kishilarning ta’zim qilish hangomasini ko‘p ko‘rgan, ko‘zi pishib qolgan edi.
Shuning uchun undan ajablanmadi. Lekin o‘zi ular qatori Bobakka ta’zim qilishni
istamadi. Avval baland martabada bo‘lib, keyin bir oz pasaygan kishi o‘z obro‘sini
qo‘ldan bermaslikka uringanidek, Jahon ham unga bo‘y bermay turaverdi.
Bobak yag‘rindor, xum kalla, barkash yuz, ko‘zlari chaqchaygan, lablari qalin, ko‘kragi
ko‘tarilgan bir odam edi. Yurgan paytida yerga «minnatdor bo‘lsang bosaman»,
degandek viqor bilan qadam tashlardi. U turganda ham, o‘tirganda ham bir xilda
mutakabbir edi. Mabodo biror narsasi yerga tushsa, engashib uni olishga a’zolari bo‘y
bermaydi. Hamma vaqt va hamma yerda uning nomini ulug‘laydigan, soyasiga
ko‘rpacha soladigan, nima desa, buyrug‘ini jon fido qilib bajaradigan laganbardorlari
ko‘p. Xurramiylar boshlig‘i va urush sarkardasi bo‘lmish Bobakday bir odamning shunday
bo‘lishi ajablanarli emasdi. Buning ustiga Bobak shijoatli, qattiqqo‘l, paytlari baquvvat,
o‘z kuch-qudrati bilan g‘ururlanuvchi kishi edi. Agar u ayshu ishratga qattiq berilmasa,
nafs balosiga giriftor bo‘lmasa, ulug‘ kishilar — yo‘lboshchilar safidan joy olgan bo‘lardi.
Lekin u sharobga ruju qilib, xususan tinchlik vaqtlarida ko‘p ichadigan bo‘lib ketgan. Shu
kuni u o‘z qasrida ichkilik bazmi qurib, Jahonni olib kelishga kishi yuborgan, uni kutib
sharobxo‘rlik qilib o‘tirgandi. Oqsoch: «Jahon kelishdan bosh tortdi», deb xabar bergan
vaqtda, sharobdan boshi aylanib, garang bo‘lib turgandi. «Ha-ha, hali gap shunaqami,
men unga bosh tortish nimaligini ko‘rsatib qo‘yaman», — deb jahl bilan Jahonning oldiga
kelayotgandi. U Jahonning xonasiga yaqinlashganda, oqsoch ilgariroq yurib eshikni
ochdi-da: «Mana, Jahon shu yerda», — deb orqasiga qaytdi va Hayzuronni tashqariga
chaqirib, nariroqqa olib ketdi.
Tik turgan Jahon Bobak kirgach, o‘tirib oldi. Bunday mensimaslikni Bobak o‘zi uchun
tahqir deb hisobladi, lekin qizning ajoyib jamolini va ko‘zidagi sehrli boqishni ko‘rarkan,
o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. U fors, gruzin, cherkas va rum go‘zallaridan ko‘pini ko‘rgan
bo‘lishiga qaramay, bu qadar sehrli malakka ko‘zi tushmaganini sezdi-da, jahldan bir
parda tushdi, lekin «o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas» deganlaridek, hamisha
odamlarda itoat va ta’zim ko‘rgan bu hukmdor takabburlikni qo‘ygisi kelmay: «Meni
ko‘rib, o‘rningdan turish o‘rniga, o‘tirib oldingmi?» — dedi.
Jahon esa irodasi mustahkam bo‘lishiga qaramay Bobakning haybatini ko‘rib, suvdan
chiqqan qushdek bir seskanib tushdi. Keyin sochini tuzatgan bo‘lib, boshini ko‘tardi-da,
unga tikilib qaradi. U qizning ko‘zlariga qaragan Bobakning ko‘kragini bir o‘q teshib o‘tdi-
yu, vujudidagi bor jahli g‘oyib bo‘lib ketgandek tuyuldi. Jahon:
— Qalbim sizniki bo‘lmaganidan keyin turganimdan sizga nima foyda? — dedi.
Jahonning javobidan ro‘shnolik kutgan Bobak uning yonidagi ko‘rpachaga o‘tirdi:
— O‘sha qalb menga nasib bo‘larmikan, degan umiddaman. Unga mendan ko‘ra
mustahiqroq kishi bo‘lmasa kerak, deb o‘ylayman. Musulmon askarlarining ashaddiy
dushmani, Xurramiya toifasining boshlig‘i, buyuk davlatmand va bahodir Bobakning
kimligini bilasan, albatta. Seni men majburan oldirib kelganim yaxshi bo‘lmadi, lekin
yaxshilik yo‘li bilan uddasidan chiqa olmaganim uchun shunday qildim. Xo‘sh, endi men
to‘g‘rimda fikring qanday?
Uning yalinayotganini va o‘zini yaqin tutmoqchi bo‘layotganini ko‘rgan Jahon: «Sizni
bahodir, dovyurak va qattiqqo‘l kishi, shu bilan birga asir deb bilaman», — dedi.
Bobak hayajonlanib ketdi:
— Asir? U nima deganing?!
— Ha, xuddi shunday. Siz asirsiz, maishat, shahvoniy his asirisiz. Qattiqqo‘l ulug‘
podshoh uchun bunday asirlik yarashmaydi... Og‘zingizdan sharob hidi anqiydi.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |