www.ziyouz.com
kutubxonasi
94
Iroqqa ketgan ayg‘oqchining qaytishini Jahon bir necha kun sabrsizlik bilan kutdi. Jahon
Haylona bilan sirdosh bo‘lib, boshidan o‘tgan qiyinchiliklarni unga aytib bergandi.
Haylona Jahonga hamdard bo‘lib, uning to‘g‘risida qayg‘uradigan bo‘lib qoldi.
Ayg‘oqchining qaytib kelishini u ham Jahon kabi intizorlik bilan kutardi. Ayg‘oqchi qaytib
keldi. Xuddi shu kuni Jahon Haylonaning uyida bo‘lib, xodima uning xizmatida edi.
Hayzuron esa qaergadir ketgan. Aftidan, Jahon xodimaning chehrasida bir o‘zgarish
ko‘rdi shekilli, Haylonaga qarab: «Xodimangizdan so‘rang, jazmani nima gap topib keldi
ekan?» — dedi. Bu tasodifdan hayron bo‘lgan Haylona: «Ayg‘oqchini keldi, deb
o‘ylayapsizmi?» dedi.
— Ha, kelganu, lekin sevinchli xabar topib kelmaganga o‘xshaydi.
Jahonning bu karomatidan taajjublanib, Haylona xodimani imlab chaqirdi-da, «Do‘stimiz
Somurrodan qaytdimi? Qachon keldi?» — deb so‘radi.
— Ha, keldi, ikki soat chamasi bo‘ldi.
— Nega shu mahalgacha bizga aytmading?
Bularning gapiga quloq solib turgan Jahon hayajonlandi, sabri tugab, xodimadan: «U
senga nimalar dedi?» — deb so‘radi.
— Somurrodan surishtirib daragini bilib kelsin, degan kishingizni u surishtiribdi-yu,
ammo hech darak topmabdi.
— Uning o‘zini ko‘rib, so‘rasak bo‘larmikin?
— Bilmadim, — dedi xodima. — Oqsoch ruxsat berarmikin?
— Farg‘ona malagi istagan narsaga u albatta ruxsat beradi. Chunki Jahon oqsochni
sehrlab, ko‘nglini o‘ziga rom qilib oldi. Jahon jazmanimni ko‘rib, undan bir narsani
so‘ramoqchi ekan, deb oqsochga borib aytgil,— dedi Haylona.
Xodima borib jazmanini birga olib keldi.
— Ko‘rgan-bilganlaringni aytib ber, — deb Jahon Somurroga borib kelgan ayg‘oqchidan
so‘radi.
— Zirg‘om to‘g‘risida surishtirdim, lekin uni hech kim bilmadi, — javob berdi ayg‘oqchi.
— Xalifa saroyidan surishtirmadingmi?
— U yerdan ham surishtirdim, hech daragini topmadim.
— Uni soqchilar boshlig‘i deb so‘raganingda, balki topgan bo‘larding.
— So‘radim, odamlar soqchilar boshlig‘ining oti Sohib deyishdi.
Jahon o‘zini tutolmay qoldi.
— Aytayotgan gaping rostligiga ishonching komilmi?
— Kishilar, soqchilar boshlig‘iga zo‘r e’tibor berayotganlari uchun men uni diqqat bilan
tekshirdim. Eshituvimga ko‘ra, u shijoatli, botir kishi emish. Xalifa uni juda e’zozlarmish,
qasridagi qizlardan bir go‘zaliga uylantirib, qimmatbaho tuhfalar bergan emish.
Uning bu gaplaridan rost so‘zlayotgani Jahonga aniq bo‘ldi. Uning uylanganligi
to‘g‘risidagi gapi bo‘lmaganda, Jahonning xayoliga Sohib deyayotgani Zirg‘omning xuddi
o‘zidir, degan fikr kelishi ham mumkin edi. Lekin Zirg‘om buni tashlab, boshqaga
uylanishiga Jahonning aqli sira-sira bovar qilmasdi. Akasining: «Afshin Zirg‘omni
o‘ldirtirgan», degan gapi Jahonga rostdek tuyuldi-da, o‘ch olishga ko‘proq intildi.
Umidsizlik uning boshini aylantirib, qaerda turganini ham unutib qo‘ydi. Shu payt
Hayzuronning chaqirayotganini eshitib, uyalib ketdi. Ko‘ngli tan-holikka mayl qilib, uyiga
qarab yugurdi. U Hayzuron chaqirganini ham unutdi. Haylonaning yonidan chiqa turib,
Hayzuronga duch keldi.
— Sayidam, qaerga oshiqyapsan? — dedi Hayzuron.
— Siz meni chaqirgan edingiz, oz bo‘lmasa unutayozibman. Nima demoqchi edingiz?
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |