www.ziyouz.com
kutubxonasi
93
— O‘z xohishing bilan bormasang, majburan oldirib ketaman. Men aytganimni qilmay
qo‘ymaydigan kishi ekanimni bilasan. Seni men Farg‘onadan Armanistonga olib
keltirsamu, orasi yuz qadam kelmaydigan bir qasrdan ikkinchi qasrga olib o‘tishni men
uchun qiyin deb o‘ylaysanmi?
— Ko‘z o‘ngingizda turganim uchun meni Farg‘onadalik vaqtidan ko‘ra yaqinroq keldi deb
hisoblayapsiz shekilli? Yo‘q, yaxshi bilib qo‘yingki, men sizdan hamon Farg‘onada yoki
undan ham olisroqda turgandek uzoqman.
— Ikki panjam orasida turib, shu gapni aytyapsanmi?— g‘azabi qo‘zg‘adi Bobakning. —
Istasam, seni temir changalimga olaman, istasam, odamlarimga buyurib, bog‘latib olib
ketaman. Mayli, hali ham bo‘lsa yaxshilab o‘ylab ko‘r.
Jahon ham bo‘sh kelmay, o‘zini undan yuqori tutishga harakat qilardi. Nihoyat unga
mag‘rur bir nazar tashladi:
— Bo‘ynimdan bo‘g‘ib olarsiz. Balki kishilaringizni chaqirib, meni bog‘latarsiz yoki
o‘ldirtirarsizu, lekin iflos niyatingizni amalga oshirish, biror yerimga tegish qo‘lingizdan
kelmaydi. Istasangiz o‘ldiring, o‘ldirishga yuragingiz dov bermasa, o‘zimni o‘zim
o‘ldiramanu, tahqir va tahdidingizdan qutulaman. Sizdan ustunroq, sizdan dovyurakroq
va kuchliroq bir qiz bilan gaplashayotganingizni unutmang. Meni qasringizdagi ko‘chadan
topilgan, asir qilingan yoki sotib olingan cho‘ri ayollarga tenglashtirayotgan bo‘lsangiz,
yanglishasiz. Siz Farg‘ona hokimining qizi bilan gaplashyapsiz. Falakning gardishi bilan
uning poyqadami sizning tomoningizga yetib qolibdi. Uni o‘zingizga do‘st qilib olingu,
bas, boshqa xayolga o‘tmang, yoki bu yerdan tuyog‘ingizni shiqillatib qoling-da, meni
ham, o‘zingizni ham tinch qo‘ying.
Jahon bu gaplarni ulug‘ saltanat egasidan sira top tortmay gapirardi. Bobak esa uning
oldida o‘zini yengilayotgandek his qilardi. Jahon har bir nazar tashlaganida, uning yomon
niyatlaridan biri qulab tushayotgandek bo‘laverdi. U Jahonga qarab:
— Xo‘sh, nima demoqchisan? — dedi.
— Meni o‘z holimga qo‘ying, demoqchiman.
— Xo‘p, senga bir necha kun muhlat beraman, tanangga yaxshilab o‘ylab ko‘r! Menga
itoat etsang, baxt topishingni bilib qolarsan, — dedi-da, teskari qarab, rangi o‘chgancha
uydan chiqib ketdi. Bobakning oqsochi Hayzuron ularning ba’zi gaplarini eshitib,
Jahonning dovyurakligi va Bobakning sira pisand qilmayotganidan ajablanib turishgan
edi. Jahonga teskari bo‘lib qolgan oqsoch shundan keyin uning tomoniga o‘tdi. Shu
vaqtdan boshlab yuzaki emas, balki astoydil xushmuomala bo‘lib qoldi.
Jahonning Bobakka aytgan gaplari uni qo‘rqitish uchun emasdi, balki u yomon niyatidan
qaytmagan taqdirda, o‘zini mudofaa qilishning, bunda ham iloji bo‘lmasa, o‘zini o‘zi
o‘ldirishning chorasini ham ko‘rib qo‘ygandi. U Iroqqa ketgan ayg‘oqchining Zirg‘om
to‘g‘risida olib keladigan xabarini kutish uchun Bobakdan bir necha kunlik muhlatni
undirib olishga ataylab harakat qildi, xabar kelgandan keyin, o‘shanga qarab ish
ko‘rmoqchi bo‘ldi.
Shu kuniyoq Jahon voqeasi butun qasrdagilarga yoyildi. Hamma xotinlar unga hayron
qolishdi. Ular bunga yosh bola kattaning yoki nodon odam aqlli kishining ishiga ajablanib
qaragandek qarashdi. Haylona Bobakning qasrdan chiqib ketganini bilib, Jahonning
oldiga yugurib keldida, bo‘lgan voqeani surishtira boshladi. Jahon kamtarlik bilan izoh
berib, Bobak oldida ko‘rsatgan jasoratini xaspo‘shladi. Jahonning bu ishi Haylona oldida
uning obro‘sini yana bir necha pog‘ona ko‘tardi.
Shunday qilib, Jahonning bu ishi butun bazzliklar og‘ziga tushdi. Ularga zarbulmasaldek
bo‘lib qoldi. Jahon esa bu gaplarga e’tibor bermasdi, fikr-xayoli faqat Zirg‘omda, qanday
qilib bo‘lmasin, unga o‘z boshiga tushgan falokatlarni ma’lum qilishda edi. Xoin Somonni
qaytib uchratmadi.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |