Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy
Zaydon
www.ziyouz.com
kutubxonasi
88
O‘ylagan fikrini erta bilan turib Hayzuronga aytdi U: «Durust o‘ylabsan, janob Zirg‘omga
«Jahon Bazzda, Bobak huzurida», degan fikrni bildirsak kifoya», — dedi. «Mening ham
ra’yim shunday», — dedi Jahon.
— Hozir Haylonaning oldiga boramiz. U yerda men xodimasiga uchrashib, qiladigan
ishini o‘ziga yaxshilab uqtiraman.
— Yaxshi bo‘ladi, — dedi-da, Jahon kiyinib, borishga tayyorlana boshladi. Uydan
chiqishga harakat qilayotganlarida bir xodima kelib: «Sayida Jahon qaerdalar?» — deb
so‘radi.
Jahon o‘z nomini aytib chaqirilganidan «Bobak kelib qolgan bo‘lsa,
qizni olib kel, deb bu
xodimani yubordimi» deb cho‘chib ketdi. U jim turgan edi, Hayzuron turib, nima ishi
borligini surishtirdi.
U Jahonning akasi kelganini, u bilan ko‘rishmoqchi ekanini aytdi.
«Akasi» degan so‘zni eshitgan hamona Jahon ikki fikr o‘rtasida qoldi: biri, «akam
Zirg‘om to‘g‘risida yaxshi gap topib kelganmikin», deb shodlanishi bo‘lsa, ikkinchi
tomondan, «bu qallob, ayyorga ko‘zim uchayotibdimi», deb xafalanishi bo‘ldi. U
xodimaga: «Ayting, kira qolsin», — dedi.
Yig‘idan qizarib ketgan ko‘zlaridan yosh oqizib Somon kirdi. Jahonga ko‘zi tushishi bilan,
dodlab oyog‘i ostiga o‘zini tashladi. Shu bilan o‘zini koyishdan Jahonni alahsitgan bo‘ldi.
Jahon uning nimaga yig‘layotganini tushunmadi-da, «Sizga nima bo‘ldi, nega
yig‘layapsiz?» — deb so‘radi.
U yig‘idan bo‘g‘ilgan tovush bilan: «Bilmadim», dedi.
— Bilmadimingiz nimasi... aytavering... gapiring...
Somon javob bermay,
boshini yerga egib, yeng uchi bilan ko‘z yoshini artaverdi. Jahon
«Qaerdan keldingiz?» — deb so‘ragan edi. «Somurrodan» — deb javob qildi.
— Zirg‘om qalay? U bilan uchrashdingizmi? — Jahon Zirg‘omni so‘rashi bilan Somon
yana yig‘lay boshladi. Jahonning yuragi notinchlanib, birdan o‘rnidan turib baqirdi:
— Gapiring, sizga nima bo‘ldi? Zirg‘om qalay?.. O‘zi qaerda?
Somon orqasiga qaytib: «Tura tur, men nafasimni rostlab olay»,
degandek, Jahonning
qo‘lidan ushladi. Keyin: «Uning qaerdaligini bilmayman», deb javob qildi.
— Somurroda edim, demadingizmi?
— Ha, Somurodda edim, lekin Zirg‘om u yerda emas.
— Zirg‘om Somurroda emasmi?
— Ha, singlim, u yerda yo‘q, hamma yerdan surishtirdim. Uni ko‘rdim degan biror
odamni uchratmadim.
Jahon angraygancha akasiga qarab qoldi. Somon yana gap boshladi:
— Nima desam bo‘ladi? Zirg‘om Somurroda yo‘q, Farg‘onaga
ketgandan keyin qaytib
kelganini hech kim ko‘rmabdi.
Uning gapini eshitgandan keyin Jahonning qoni qaynadi, jahlidan o‘zini yo‘qotib qo‘ya
yozdi, lekin chidadi, o‘zini bardam tutdi. Hayzuron kelib Somonning qo‘lidan ushlab, o‘zi
tomon torti-da: «Ochig‘ini ayt, nima gap eshitding?»— dedi.
Somon singlisi eshitib qolmasin, deb ovozini pasaytirib dedi:
— Bizga qaroqchilar hujum qilib, Jahonni
va sizni ushlab olishgach, bu falokatdan
bahodir Zirg‘omni ogoh qilishni o‘zimga ham farz, ham qarz deb bildim-da, Somurroga
yugurib, to‘g‘ri uyiga bordim. Uyi bo‘m-bo‘sh, hech zog‘ yo‘q.
Keyin undan-bundan
surishtirib boqdim, hech kimdan biror darak topmadim. Ammo bir odam menga aytdi...
— dedi-da, tupugini yutub, boshini eggancha jim bo‘lib qoldi. Bu gaplarining hammasini
Jahon eshitib turgandi. U to‘xtalib qolgandan keyin, Jahon bo‘ynini cho‘zib yana quloq
soldi.