www.ziyouz.com
kutubxonasi
87
— U bu qasrda emas. Shu shaharcha qo‘rg‘onlari yaqinidagi boshqa bir qasrda yashaydi.
U yerda o‘z istehkomlarini kuzatib turadi. Bu qasrdagi ayollardan istaganini u yerga
oldirib borib, bir kun-ikki kun u bilan ishrat qiladi.
— Bilishimcha, u bir muhim ish bilan ovora bo‘lib, bu qasrdan ham, qasrdagilardan ham
xabar olmay qo‘ygan emish.
— Shunday, u katta bir jangga hozirlik ko‘ryapti.
— Kim bilan jang qilmoqchi? — qiziqib so‘radi Jahon.
— Iroqdagi musulmonlar ahvolini bilib kelish uchun o‘z ayg‘oqchilarini yuborgan edi.
Ayg‘oqchilar kecha qaytib kelib, musulmonlar Afshin qo‘mondonligida Bobakka qarshi
katta hujumga tayyorlanayotgani xabarini aytishibdi.
Afshin nomini eshitgach, Jahonni qaltiroq bosdi va hamma baloning boshi shu Afshinning
o‘zi ekanini esladi. Haylona diqqat bilan tikilsa bormi, shu topda Jahonda yuz bergan
o‘zgarishni ko‘zlaridan bilib olsa bo‘lardi. Lekin Jahonni birinchi ko‘rishi. Farg‘onadagi
katta mulkdor hokimning qizi ekanini, Bobak uni so‘raganda rozi bo‘lmagani uchun
majburan olib kelinganini biladi xolos.
— Afshin o‘zi kelganmi? — deb so‘radi Jahon.
— Bilmadim, lekin kelgan bo‘lishi kerak. Bobak yo‘lga poyloqchi va to‘siqlar qo‘yish
uchun bir qancha odamlari bilan Bazzdan chiqib ketgan, u bir necha kunsiz qaytmasa
kerak, — dedi Haylona.
Bu xabardan Jahonning ko‘ngli yorishdi. Ayg‘oqchilarning Iroqdan qaytib kelganini
eshitib: «Ularning orasida sizga tanish kishilar ham bormi?» deb so‘radi Haylonadan.
— Mening xodimam ularning bittasi bilan tanish.
Shu paytda Hayzuron Jahonga kechki ovqatni olib kelib, gapga quloq solib turgandi. U
Haylonaga qarab: «Qaysi xodimangiz?» — dedi.
— Sizga meni ko‘rsatgan xodimam.
— Ha, uni tanib oldim, u chindan o‘zingizga o‘xshagan xushchaqchaq ayol ekan, — dedi
Hayzuron.
Haylona gapida davom etdi:
— Shuning uchun o‘sha ayg‘oqchi buning ilinjida, hamma vaqt unga tufhalar olib keladi,
uning maslahati bilan ish qiladi, shunga uylanmoqchi.
Bu gapni eshitib, Jahonning chehrasi ochildi. Ular Hayzuron bilan ko‘z urishtirib, bir-
birlarining ko‘ngillaridagini bilib olishdi. Hayzuron ayolga:
— Men shu xodimangizdan bir narsani iltimos qilmoqchi edim. Agar oshig‘i yana Iroqqa
boradigan bo‘lsa, shu iltimosimni unga aytsa, siz shu ishda menga yordam bera
olasizmi? — dedi.
— Bosh ustiga, siz tayyorlaydigan narsangizni tayyorlay bering, — dedi Haylona.
Hayzuronning yuziga qon yugurdi. Chunki u endi o‘z sayidasi xususida shu ayg‘oqchi
orqali Zirg‘omga ma’lumot yuborish imkoniyatiga ega bo‘lgandek edi. Shundan keyin
suhbat tugab, Hayzuron o‘rtaga dasturxon yozdi. Hammalari birgalikda ovqatlanishdi.
Safarda toliqib kelgan Jahonning dam olishi kerakligini eslab, Haylona ketishga ijozat
so‘radi va «ertaga erta bilan o‘zim kelib sizni uyimga olib ketaman», — deb gapni bir
yerga qo‘yib, chiqib ketdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |