www.ziyouz.com
kutubxonasi
83
o‘rtasiga rahna solish uchun Iroqqa bordi. U Zirg‘omning botirligini, Jahon uchun jon fido
qilishga tayyorligini yaxshi bilardi. Jahonni Afshin olib ketdi, degan gapga ishonsa,
Afshinni o‘ldirmay qo‘ymasligini ham bilardi. Somon olisni ko‘rolmaydigan, kaltafahm
edi. Shuning uchun o‘ylagan tadbirini o‘rinlata olmadi. Uning hiylasi Zirg‘omga ma’lum
bo‘lib qoldi. Lekin kaltafahmligi tufayli u «Vazifamni to‘liq bajardim va maqsadimga
erishdim», deb Iroqdan qaytdi.
Jahon esa Armanistonning o‘sha vaqtdagi viloyat markazi bo‘lmish Ardabilga
yaqinlashayotganini sezgach, oldida turgan xavf-xatarga qarshi kurashish tadbirini ko‘ra
boshladi. U Bobak to‘g‘risida ancha narsalar eshitgandi. Uning rasvo va aysh-ishratga
berilgan odam ekanini, Ardabilda istiqomat qilishini ham bilardi. Uni olib ketayotgan
kishilar qorong‘i tushmasdan serdaraxt bir o‘rmonga yetishdi. Bu ardabilliklarning
yashirinadigan joyi bo‘lib, biror falokat yuz bersa, shu o‘rmonda jon saqlashardi. Uy
jihozlari va idish-tovoq yasash uchun kerakli yog‘ochni ham shu o‘rmondan kesib
ketishardi.
Shu o‘rmonga qarab turib Jahon Bobakning zulmidan o‘zini mudofaa qilish tadbirini
o‘ylay boshladi. U Zirg‘omni eslab: «Boshimga tushgan savdolar qulog‘iga yetsa, holi
nima kecharkin?» — deb qo‘ydi.
Jahon shu xayol og‘ushida ekan, ular Ardabilga boradigan yo‘ldan burilib, o‘rmonga
kirayotganlarini sezdi. Kishilardan bittasi kelib Jahonga qashqa otining jilovini o‘rmon
tomon burish lozimligini aytdi. Buning sababini bilmasa ham, Jahon otini o‘sha tomonga
burdi. Bir-biriga birikib ketgan daraxtzorni kesib o‘tib ular noqulay yo‘ldan borishardi.
Jahon esa bu tariqa yurilayotganining boisini bilish maqsadida goh o‘ng, goh so‘l
tomonni diqqat bilan kuzatardi. Shu payt ularning boshlig‘i Jahonning yoniga kelib: «Bu
tomonga burilganimizdan ajablanayotgan yoki xavfsirayotgan bo‘lsangiz kerak?» — dedi.
«Men hech narsadan cho‘chiyotganim yo‘q, lekin Ardabilga yaqin qolganda bu noqulay
yo‘ldan borayotganimizdan hayron bo‘lyapman, xolos», — dedi qiz. Boshliq Jahonning
jur’ati va dovyurakligiga tahsin aytib: «Yo‘lning chekkasida tikib qo‘yilgan bayroqni
ko‘rmadingiz shekilli»— dedi.
— Yo‘q, ko‘rmadim, qani bayroq?
Boshliq uni yetib kelgan joylaridagi bir tepalikka olib chiqdi:
— Huv anavi bayroqni ko‘rmayapsizmi? — dedi-da, bayroq tomonga ishora qildi.
Jahonning ko‘zi bayroqqa tushdi-yu, uning Afshinniki ekanini payqab, yuragi orqasiga
tortib ketdi:
— Bu musulmonlar bayrog‘i-ku, — dedi u.
— Ha, to‘g‘ri, bir kishi kelib: «Kattamiz Ardabilni tashlab chiqib ketdilar, u yerni
musulmonlar bosib oldi» — deb xabar yetkazdi.
— Siz Bobakni aytyapsiz shekilli, u qaerga ketibdi? — hayajon bilan so‘radi Jahon.
— U Armanistonning ichkarisiga kirib, Ars daryosi yonidagi Bazz degan bir shaharchaga
o‘zini olibdi. Buni bizga xabarchi aytdi.
Jahon: «Bu kishi mehribon, marhamatli odamga o‘xshaydi. Odamlar jang qilish bilan
ovora bo‘lib ketsa, bizni, balki bo‘shatib yuborar», deb umid qildi-da: «Demak, bizni
Bazzga olib ketyapsizlarmi?» deb so‘radi.
— Hovva, Bazz bu yerdan bir necha kunlik yo‘l.
— Nahotki, meni o‘zlaringiz bilan birga borishga majbur qilsanglar?
Bu savolidan Jahonning «bizni bo‘shatib yuborishingiz mumkinmi?» demoqchi
bo‘layotganini sezgan boshliq:
— Kattamizning farmoni qat’iy. Uni buzishning sira iloji yo‘q. Basharti biz sizni bu yerda
bo‘shatib yuborsak, qaroqchilar qo‘liga tushmaganingizda ham, yirtqich hayvonlarga
yemish bo‘lasizlar, — dedi.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |