www.ziyouz.com
kutubxonasi
80
Shu orada «Bobak qo‘zg‘olon ko‘taribdi, harakati kuchaygan emish», — degan xabar
kelib qoldi-da, xalifaning Afshin butun askarlari bilan Ardabil tomonga otlansin degan
farmoni e’lon qilindi. Shu vajdan Afshin bilan uchrashish Zirg‘omga muyassar bo‘lmay
qoldi.
_________________
* M u ‘ t a z i l a — Islom avvalida vujudga kelgan bir mazhab.
* U sh r — hosildan olinadigan soliq. Hosilning o‘ndan bir hissasi.
FARG‘ONADAN JO‘NASH
Jahon akasi va oqsochi bilan birgalikda Farg‘onadan qochib ketishga qat’iy qaror
qilgandan keyin o‘ziga tegishli qimmatbaho, yengil narsalarni joylab qo‘ydi. Iroq yo‘lidagi
dashtu biyobon, cho‘lu sahrolardagi xatardan emin bo‘lish uchun birga ketadigan
yo‘lovchilar masalasini hal qilishni u akasiga topshirdi. Somon singlisi topshirig‘ini bajo
qilganini aytdi. Ular «yaqin yerdagi dam oladigan bir joyga ketyapmiz», degan bahona
bilan tayyorlangan yuklarni yo‘l yoqasiga tashiy boshlashdi. Endi safar payti
yaqinlashmoqda. Bundan keyin o‘z shahriga qaytib kelmasligini bilgan Jahonga kindik
qoni to‘kilgan, yer-suvi, havosi va soya-salqiniga o‘rgangan joydan judo bo‘lish,
otasining qasri, birga yashab, birga o‘sgan yaqin qavm-qarindoshlarini tashlab ketish
juda og‘ir tuyulardi. Uning yuragi siqildi, chehrasidagi quvnoqlik yo‘qoldi. Akasi unga
ketishga dalda bersa, oqsochi yo‘l azob-uqubatlarini ko‘z o‘ngiga keltirardi. Jahonning
o‘zi esa Farg‘onadan ajralish tufayli yuz beradigan hamma og‘irliklarni bir tomonga surib
qo‘yib, niyatidan qaytmasdi.
Safarga otlanadigan kechasi saroy boshlig‘ini chaqirtirib, saroyga va unda yashaydigan
kishilarga yaxshi qarab turishni tayinladi, o‘zining tez qaytib kelmasligini unga sir
tariqasida uqtirib, ishonchni oqlashi, serg‘ayrat, serharakat bo‘lish kerakligini ham
alohida ta’kidlab qo‘ydi. Saroy boshlig‘i Jahonning boradigan yerini bilmasa ham, har
holda uning safarga chiqishidan afsuslandi. Agar uning Iroqqa ketayotganini bilsa, u
ham, boshqa tanishlarning hammasi ham qayg‘urib, yig‘i-sig‘i qilgan bo‘lishardi, albatta.
Chunki qizning mehribonligi, ziyrakligi va husn-jamoli tevarak-atrofdagi hammani o‘ziga
maftun qilgan, uni xuddi ma’budadek ulug‘lashga odatlanishgan edi.
Ertasi erta bilan Jahon sayohatga yoki yozlik dam oladigan yerga ketayotgandek qashqa
otini minib chiqdi. Uning yonidagi akasi va oqsochi ham otga minishgan. U shahar
darvozasidan chiqarkan, otasidan qolgan mol-mulk, bog‘-rog‘larni tashlab ketayotganiga
achinib, ko‘ziga yosh oldi: lekin sevgilisi yonida bo‘lishdan ko‘ra buyukroq baxt-saodat
yo‘qligini eslab o‘ziga-o‘ziga tasalli berdi.
Bular hamroh bo‘lgan savdogarlar karvoni Hind mamlakatidan har xil attorlik mollar va
kiyim-kechak ortib, Xurosonga bormoqda edi. Jahon ham o‘z buyumlarini va yo‘l
anjomlarini ana shu savdogarlarnikiga qo‘shadigan bo‘ldi. Bu ishni asosan akasiga
topshirib, o‘zi safar kiyimlarini kiyishga taraddudlandi. Shundan keyin ba’zisiga yuk
ortilgan, ba’zisiga odamlar minib olgan, bir-biriga matashtirilgan tuya va xachirlardan
iborat karvon kechqurun yo‘lga chiqdi. Itlar, qozon-tovoq va o‘rin-to‘shaklar ham ularda.
Kirakash va molboqarlar esa tuyada borishmoqda. Chunki karvon o‘z odamlari,
hayvonlari va uy anjomlari bilan yurardi. Ular kunduzning uzun-qisqaligi, havoning issiq-
sovug‘i va boshqa sharoitlarni hisobga olib yo‘l yurardi. Safarga, uning xavfu xatariga
o‘rgangan, yo‘l-yo‘riqni bilgan, jismoniy baquvvat qo‘riqchilar karvon atrofini qurshab,
qo‘riqlab bormoqda. Ularning Amudaryo bilan Toshkent daryosi (Sirdaryo) oralig‘idagi
sahrolarda tarqoq holda yashaydigan turkman qabilalari bilan aloqa va do‘stliklari bor.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |