www.ziyouz.com
kutubxonasi
84
Jahonning orqasidan Hayzuron kelardi. Jahon unga qayrilib qarashi bilan u: «Bobakning
oldiga borishdan nega muncha qo‘rqmasang? Sendek malika undan qo‘rqarmidi?» —
dedi.
Hayzuronning gapi Jahonga dalda bo‘ldi, u buni biror mo‘ljal bilan aytayotganini
tushundi. Ular yana yo‘lda davom etishdi. Jahon tevarak-atrofga qarar, u yerlarning
jimjitligini, o‘rmonning kengligini o‘ylab borardi. Olisdan Ardabil shahriga ko‘zi tushdi.
Uning katta maydonida askarlar va islom bayroqlari g‘uj-g‘uj.
Jahon Afshinning Farg‘onada qolganini va Ardabilga kelganlar uning askaridan bir bo‘lagi
ekanini bildi.
Choshgoh vaqti edi. Jahon bilan Hayzuronni olib borayotgan kishilar qorong‘i tushib,
kechasi bu o‘rmonda qolib ketishdan qo‘rqib, otlariga ustma-ust qamchi bosishardi. Ular
o‘rmondan chiqib, yo‘lda davom etisharkan, Arshak, Xash va Barzand shaharlaridan
o‘tishdi. Bobakning urush vaqtini hisobga olib, askarlarning oziq-ovqatlarini saqlab
qo‘yiladigan omborlari ustida, bu shaharlarning qo‘rg‘onida musulmonlar bayrog‘i
ko‘rindi. Oldinga yurilgan sari Jahon havoning sovuqligini his etardi. Shu yo‘sinda ular
Bazzga kirib borishdi.
Bazz shahar emas, qal’a yoki tuproq qo‘rg‘onga o‘xshagan bir joy ekan. Chunki u
qo‘rg‘onga o‘xshash bir necha qasrlardan iborat bo‘lib, qasrlar ustida bir qancha qubba,
atrofini vahimador paxsa devor o‘ragan. Qubbalar tepasida Xurramiylar bayrog‘i osilgan.
U tomonlarning yeri tog‘liq bo‘lib, askarlarning yuk bilan o‘tishi g‘oyat mashaqqatli.
Binobarin, Jahon Bobakni musulmonlar olishi mumkin bo‘lmaydigan shu mustahkam
istehkomga joylashgan ekan deb bildi.
Jahonni olib kelayotganlardan biri Bazzga kirishga, Jahonni qasrga tushirishga ijozat
olmoq uchun oldinroq chopib ketdi. U qaytib kelib, bular kirmoqchi bo‘lib turgan
darvozadan emas, boshqa bir darvozadan kirishlariga ishorat qildi. Qo‘rg‘on ichkarisiga
kirgan Jahon o‘zini qafasga tushganday his qildi. Uning bu ahvolini payqagan Hayzuron
otini qamchilab, boshliq yoniga keldi-da: «Bizni qaerga olib bormoqchisizlar?» — deb
so‘radi.
— Ulug‘imiz hozir Bazzdan tashqaridalar. Go‘zal qayliqlarini ayollar qasriga eltib qo‘yishni
buyurdilar. U kishi o‘zi qaytguncha izzatu ikromda yashayverasizlar.
Uning «qayliqlari» degan so‘zini eshitib Jahon cho‘chib ketdi, lekin o‘zini bardam tutib,
qasr yoniga kelguncha indamadi. Qasr alohida devor ichida bo‘lib, sahni va tomorqasi
bor. Soqchilar ularni istiqboliga tik turib, yo‘l bo‘shatishdi. Jahon Hayzuron bilan otidan
tushmay, katta darvozadan ichkari kirishdi. Ularga kiradigan kichik darvozaga yaqin
kelganda, Jahon, undan keyin Hayzuron ham otdan tushdi. Xizmatchilardan bittasi
yugurib kelib, ikkala otni olib ketdi. Jahonning yuzi ochiq bo‘lgani uchun uning husn-
jamolini ko‘rib, hamma hang-mang bo‘lib qoldi.
Bularni olib kelgan karvonboshi Jahonning oldiga kelib, ehtirom bilan tik turgancha:
«Hurmatli sayidam, sizni xohishingizsiz bu yerga olib kelishga jur’at qilganim uchun avf
etasiz, chunki ulug‘imizning topshiriqlariga ko‘ra, men bu ishga majbur edim. Lekin
qiynalmay kelishingizga iloji boricha harakat qildim. Endi shu qilgan yaxshiligimni
ulug‘imiz amir oldilarida gapirib qo‘ysangiz, negaki, bundan keyin hamma ish sizning
ixtiyoringizda bo‘ladi»,— dedi.
Jahon so‘radi:
— Otingiz nima?
— Behzod.
— Meni hozir qaerga olib borasiz?
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |