www.ziyouz.com
kutubxonasi
23
Ko‘zi Zirg‘omga tushishi bilan Jahon hissiyotlarini qanday yashirishni bilmay qoldi. U
yuragining duk-duk urayotganini, vujudidagi titratmani bir amallab yashirsa ham,
chehrasida va ko‘zlarida namoyon bo‘lgan zo‘r xursandlik belgilarini yashirishga sira
chora topolmasdi. U otasining dardini ham unutib qo‘ydi. Uning butun fikr-yodi
sevgilisiga otasi qiladigan muomala bilan band. Otasi Zirg‘omni muborakbod
qilayotganini ko‘rib, Jahon shodlanib ketdi. U ma’buda yonidagi ustunga suyanib turar,
ma’buda ustidagi changni artish bilan butun vujudini qamrab olgan hayajonni
yashirmoqchi bo‘lardi. U Zirg‘omdan yuzini bekitmadi, zotan, farg‘onalik ayollar o‘sha
vaqtlarda paranji-chimmat yopinishmasdi, Jahon ham yuzini to‘sishni o‘ziga or deb
bilardi.
O‘z sevgilisi bilan tasodifan uchrashib qolgan Zirg‘omning qanchalik shodlanganini asti
so‘ramang. U hokimga salom berib, engashib ikki qo‘lini o‘pdi. Bu bilan hayajonini
birmuncha yashirishga muvaffaq bo‘ldi.
Hokimning amri bilan Zirg‘om bir ko‘rpachaga, Jahon ikkinchi ko‘rpachaga o‘tirishdi.
Hokimning hol-ahvol so‘rab bergan savollariga javob qilganidan keyin u: «Bayram bilan
sizni hammadan avval muborakbod qilaman deb shoshilib kelgandim, betob
ekaningizdan bexabar ekanman. Tezroq tuzalib, ko‘rmagandek bo‘lib keting», — dedi.
— Bugun ertalabdan beri yaxshiman, seni ko‘rib shodligim yana ziyoda bo‘ldi. Seni
qanchalik sevishimni o‘zing yaxshi bilasan.
Zirg‘om unga tashakkur aytib, engashib qulluq qildi. Hokimning mehribonchiligidan u
xushnud bo‘ldi, lekin Jahonning shodligi oldida uning xushnudligi hech narsa emasdi.
Jahon sevinganidan yuragi duk-duk urar, dadasining gaplarini jon qulog‘i bilan tinglardi.
Zirg‘om hokimga minnatdorchilik bildirdi:
— Janob hokimning iltifotlaridan benihoya minnatdorman. Tarbiyangizda bo‘lgan
chog‘imdayoq lutfu marhamatlaringizdan boshim ko‘kka yetgan edi.
Zirg‘omning maqtovlaridan xijolat tortgan hokim: «Sen to‘g‘ri Iroqdan kelyapsanmi?»
deb so‘radi.
— Balli, janob hokim, Farg‘onaga kecha kechqurun yetib keldim.
— Iroqda odamlarning ahvoli qalay?
— Hammaning o‘ziga yarasha bir tashvishi bor, hamma bir-biridan, hatto do‘stlaridan
ham xavfsiraydi, o‘zini ehtiyot qilmoqchi bo‘ladi, boshqa millat askarlaridan yordam
istaydi. Ammo shu kunlarda peshqadamlik turk askarlari qo‘liga o‘tib boryapti, — javob
berdi Zirg‘om.
— Yangi xalifa Mu’tasim* o‘z xalifaligini mustahkamlash uchun turk tog‘laridan yordam
so‘raganidan, ular shu jumladan Ushrusana hokimi Afshin ham, sen ham unga yordam
ko‘rsatganlaringdan xabarim bor, — dedi hokim.
Hokim Afshin qatori o‘z nomini tilga olganidan to‘lqinlanib ketgan Zirg‘om bunday dedi:
— Xalifalikni himoya qilishda Afshinning xizmatlari katta, men esa hali biror arziguli ish
qilganim yo‘q.
Hokim uning so‘zini bo‘ldi:
— Botirlik, saxovating seni yaqinda baland martabalarga erishtiradi. Zo‘r qahramonliklar
ko‘rsatganing uchun xalifaning askarlari o‘rtasida ancha-muncha obro‘ qozonibsan.
Zirg‘om quvonib ketdi:
— Siz janob hokimning marhamatlari bilan kamina soqchilar boshlig‘i bo‘ldim.
— Xalifa soqchilarining boshlig‘i bo‘ldim degin? — hokim so‘radi.
— Balli, janob hokim, shunday...
Hokimning chehrasida shodlik alomati ko‘rindi va Zirg‘omning shitob bilan yuqori
martabaga ko‘tarila boshlagani haqidagi suhbatga Jahonni ham aralashtirmoqchi bo‘lib
unga qaradi. Jahon esa Zirg‘omga tikilganicha, uning gaplarini zavq bilan tinglardi. Agar
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |