www.ziyouz.com
kutubxonasi
25
Hokim: «O‘g‘lim, kelganingdan juda quvondim, boshim osmonga yetdi. Bayram oldidan
seni ko‘rishni yaxshilik xudosi o‘zi muyassar qildi», — dedi-da, rangi o‘zgarib ketdi va
yuzlarida xafalik alomatlari paydo bo‘ldi. Yig‘lab yubormaslik va hayajonini yashirish
uchun u yo‘taldi, mo‘ylovini, yuz-ko‘zini silab qo‘ydi. Shu orada Jahon va Zirg‘om bir-
birlari bilan ohista ko‘z urishtirib olishdi.
Jahon otasining Zirg‘omga qilayotgan shirin muomalasidan sevinayotgan bo‘lsa ham,
hokimning umidsizlanishidan bir oz tashvishga tushib qoldi. Otasining Zirg‘omga bu
xayrixohligi mangu bo‘lishini istardi u. Zirg‘om o‘zining umr yo‘ldoshi bo‘lishiga otasi
qarshilik qilmasligiga ham Jahon to‘la ishongandi va qulay payt keldi deguncha shu
gapni unga aytishni ko‘ngliga tugib qo‘ygandi.
Zirg‘omni gapga solish uchun hokim:
— Onang qalay? — deb so‘radi.
— Xudoga shukur, juda yaxshilar, hamisha janobingizni va bizga qilgan
marhamatlaringizni eslab turadilar. Sayida Jahonni tillaridan qo‘ymaydilar, u kishiga
ixloslari juda baland.
Zirg‘om bilan gaplashishga mavrid kutib turgan Jahon:— Bechora Oftob xola, u kishini
onamdek yaxshi ko‘raman, u kishidek qalbi pok ayolni uchratmaganman. Oftob xola
mening ovunchog‘im edilar, — dedi.
Hokim bir narsadan cho‘chigandek, birdan joyidan qo‘zg‘aldi-da: «Somon qaerda?
Kohinga bordimi? Darrov oldimga chaqirib kelinglar. Somonga inonib bo‘lmaydi», —
dedi. Keyin boshini shunday sarak-sarak qildiki, bundan allaqancha ma’no anglashilardi.
Zirg‘om irg‘ib o‘rnidan turib: «Kohinni men chaqirib kela qolay, u kishini taniyman,
uylarini ham ko‘rganman»,— dedi. Hokim e’tiroz bildirdi:
— Yo‘q, ovora bo‘lma, qasrimizda nima ko‘p — xizmatchi ko‘p. Somonning o‘zi, men
borib kelaman demaganda, ulardan bittasini allaqachon yuborgan bo‘lardim.
— Otamning buyruqlarini o‘zim bajarib kelaman, deb Somon juda yaxshi ish qilgan, agar
janoblari ruxsat bersalar, hali ham bo‘lsa men borib kela qolay, — dedi Zirg‘om
qo‘zg‘alib. Hokim uning so‘zini bo‘ldi:
— Yo‘q, sen borma.
— Bo‘lmasa, men sodiq xizmatchimni, uzr, o‘rtog‘imni yubora qolay. U har nima qilib
bo‘lsa ham buyurgan ishimni ko‘ngildagidek bajarib keladigan kishi, — dedi Zirg‘om va
tashqari chiqib:
— Vardon! — deb chaqirdi. Qirq yoshlar chamasida, yurish-turishi chaqqon, siyrak
soqolli bir kishi hokim oldiga yugurib kirdi. Uning burni, butun qiyofasi armani ekanini
bildirib turardi. U yaqinginada Somurroda Zirg‘omning xizmatiga kirib, oradan sal fursat
o‘tmasdanoq o‘zining fasohati, tirishqoqligi tufayli unga yoqib qolgandi. Zirg‘om u bilan
o‘z do‘stidek muomala qilardi. Uning boshida yumaloq salla, egnida kalta shim va qo‘y
terisidan tikilgan po‘stin. Zirg‘omning oldiga kelishi bilan, Zirg‘om undan:
— Kecha kechqurun bir otashxona yonidan o‘tgandik, tepasida chirog‘lar yonib turgan va
bayroqlar osilgan edi. O‘sha yerni topib bora olasanmi? — deb so‘radi.
— Ha, albatta, topib boraman, — dedi Vardon.
Zirg‘om:
— Unday bo‘lsa o‘sha yerga borib, kohinni izlab topasan-da, unga «Hokim sizni
so‘rayaptilar, hozir borar ekansiz», deb aytasan, keyin o‘zing bilan birga olib kelasan, —
dedi. Xizmatkor:
— Xo‘p bo‘ladi, — deb chiqib ketdi.
Jahon esa Zirg‘om bilan so‘zlashish, azaliy muhabbat bahsiga ko‘chishga oshiqardi.
Ancha vaqtlik hijrondan keyin o‘z sevgilisi visoliga yetishgan oshiq gaplashgan bilan gapi
tamom bo‘lmasligi tabiiy. Jahonning ko‘nglida ham Zirg‘omga asrab qo‘ygan gaplari
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |