www.ziyouz.com
kutubxonasi
149
bo‘lib (bularning ko‘pi o‘rta asr tarixiga oid), ular chuqur o‘rganishga, tadqiq etishga
arziydi.
Zaydonning tarixiy romanlari ikki qismli «G‘asson qizi»dan boshlanadi. Bu asarni avtor
1886—1897 yillar orasida yozgan. Asar arablarning islomdan oldingi davrdagi urf-
odatlari, ulardagi ichki qarama-qarshiliklar, ilk islom davri va bu dinning kelib chiqishi,
islom dinini joriy etish uchun bo‘lgan kurashlar, musulmonlarning Makka shahrini
egallashi, ikkinchi xalifa Umar davrigacha (634—644) bo‘lgan voqealarni, Suriya, Iroq,
Eronning bosib olinishini o‘z ichiga oladi. Uning ikkinchi romani — «Misrlik Armanusa»da
arab qo‘mondoni Ibn al-Os rahbarligida Misrning bosib olinishi, vizantiyaliklar odatlari,
arab qo‘shinlarining jang usullari to‘g‘risida hikoya qilinadi.
Xalifalik ichida bo‘lgan ichki nizolar, toj-taxt uchun o‘zaro kurashlar, xalifa Umarning
o‘ldirilishi, Alining xalifalik taxtiga o‘tirishi kabi voqealar «Quraysh go‘zali», «O‘n
yettinchi ramazon» romanlarida aks etgan. «Karbalo go‘zali» romani xalifa Alidan
so‘nggi qonli urushlarga, uning o‘g‘li Husaynning Karbaloda o‘ldirilishi — shialar bilan
sunnilar o‘rtasidagi mazhab kurashi voqeasiga bag‘ishlangan.
Zaydon arablarning Ispaniyani fath etilishi va Frantsiya chegarasigacha yetib borishi
voqealariga «Andalus fathi» va «Sharl (Karl) va Abdurahmon» romanlarini bag‘ishlagan.
Shu tariqa Zaydon islom paydo bo‘lganidan keyingi har bir yirik voqeani chuqur,
atroflicha o‘rganib, ularni keng o‘quvchilar ommasiga yetkazish uchun roman janrini
tanlaydi. Uning «Abu Muslim Xurosoniy», «Ar-Rashid singlisi — Abbosa», «al-Amin va al-
Ma’mun», «Ahmad ibn Tulun», «Abdurahmon G‘olib», «Qayruvon qizi», «Salohiddin
Ayyubiy», «Dur daraxti kabi romanlari shular jumlasidan bo‘lib, VII—XII asrlar
o‘rtasidagi davrni o‘z ichiga oladi.
* * *
«Farg‘ona kelini» romani IX asrda arab xalifaligida bo‘lib o‘tgan voqealarga
bag‘ishlangan. Roman voqeasini yaxshiroq tasavvur qilmoq uchun tarixiy voqealarni bir
lahza ko‘z oldimizga keltiraylik.
Xalifalik territoriyasida IX asrda xalq harakatlari boshlanib, ba’zi bir joylarda avj olib
ketgan edi. Xalifa hukmronligini dahshatga solgan voqealardan biri Bobak qo‘zg‘oloni
edi.
Bobak Xurramiy Ozarbayjon, Armaniston va Shimoli-g‘arbiy Eronda boshlangan
xurramiylar harakatiga bosh bo‘lib, yigirma yildan ortiq kurashdi. Hatto xalifa
Ma’munning (813—833) ham bu qo‘zg‘olonni bostirishga qurbi yetmadi. Shu bilan bir
vaqtda Misrda (829—832) qo‘zg‘olon ko‘tarilib, uni bostirish uchun xalifaning o‘zi bosh
bo‘lib Misrga boradi, qo‘zg‘olonchilarni qattiq jazolaydi. Bu orada ichki ziddiyatlar va taxt
uchun kurashlar zo‘rayadi. Xalifalikda hatto arab qo‘shinlariga ham to‘la ishonch
qolmaydi, ularning turini o‘zgartishga kirishiladi. Bag‘dod a’yonlari va qo‘mondonlarining
doimiy fitnalaridan xavfsiragan xalifa, avvalo O‘rta Osiyodagi xalqlardan qo‘shin to‘plab,
o‘z taxtiga tayanch qilib oladi. Dastlab bu askarlar chegara to‘qnashuvlarida asir tushgan
hamda o‘sha davrda qul bozorlaridan sotib olib kelingan qullardan, keyinchalik maxsus
tuzilgan qo‘shinlardan iborat bo‘ldi. Bular xalifa dargohida turib, poytaxtdagi arab
isyonkorlariga qarshi kurashda, ularning qo‘zg‘olonlarini bostirishda xizmat qilgan. Bu
askarlar mahalliy arab aholisi bilan aloqada bo‘lmas, hatto ularga uylanish ham
ta’qiqlangan edi. Shu boisdan ham ular uchun O‘rta Osiyodan turk cho‘rilari sotib
keltirib, bir qismini uylantirib ham qo‘yishardi. (Bu holat romanda ham aks ettirilgan).
Xalifa bular xizmatidan yaxshi manfaatdor bo‘lgani uchun ularga yetarli maosh va
mukofotlar berib turgan. Turk askarlaridan tuzilgan gvardiyaga keyinchalik shu xalqdan
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |