www.ziyouz.com
kutubxonasi
108
— Menda ham o‘zimga yarasha dard-alam bor. Undan xabardor bo‘lganingizda, halokat
yo‘li tomonga o‘zingizdan oldin mening borishimni talab qilgan bo‘lardingiz. Mayli,
salomat bo‘lsak, hammasini keyin aytib beraman. Har holda mening ishimning oqibati
ham siznikiga bog‘liq.
Vardonning yuragi shunchalik kengligidan Zirg‘om taajjublandi. Uning ko‘nglida nimadir
borligini Zirg‘om ilgaridan sezib yurgan bo‘lsa ham, o‘zi gap ochmagani uchun so‘rashga
iymangan edi:
— Mayli, do‘stim, Vardon, sen nima istasang, shu bo‘ladi. Ertaga Afshinning bizga
tayyorlab qo‘ygan vazifasini ko‘ramiz.
Afshin shu kechani Somon bilan Zirg‘omning kunini ko‘rsatish ustida reja tuzib o‘tkazdi.
Ertasiga ertalab Zirg‘om Vardon bilan birgalikda Afshin huzuriga borishdi. Afshin yolg‘iz
o‘zi o‘tirardi. Zirg‘om Afshindan qanday qarorga kelganini so‘ragandi, u:
— Dushmanni yana bir muddat qamal qilib turishni maslahat ko‘ryapman, — dedi.
Bu o‘zgarishdan Zirg‘om cho‘chidi, hujumni keyinga surish unga ma’qul tushmadi:
— Ne vajdan bunda qarorga keldingiz?
— Bugun hujum qilmog‘imizni men yomon natija beradigan shoshma shosharlik deb
o‘ylayapman. Kechasi bu ishni har tomonlama o‘ylab, mulohaza etib ko‘rdim. Bizning
g‘alaba qilishimizga kafil bo‘la oladigan hozirlikni topmadim.
— Bugun hujum qilishga nimadan qo‘rqayapmiz? Shuni menga ma’lum qilsangiz? —
qaytib so‘radi Zirg‘om. Afshin o‘rnidan turib, chodir eshigi yoniga borib to‘xtadi-da,
Bazzga va uning qo‘rg‘onlariga sinchiklab tikildi.
— Bu shaharni ko‘ryapsanmi? U osmondagi shunqordan ham badasturroq. Xususan, ana
shu qasr joylashgan g‘arbiy tomon, u Bobakning qasri. Biz shaharni olish uchun uning
yonidagi tuproqqo‘rg‘onga yetib borishimiz kerak. Shaharning g‘arbiy tomoniga qarab
turgan anavi baland tepani ko‘ryapsanmi? Qasrga o‘sha tepaning orqasidan bo‘lak yo‘l
yo‘q. U yo‘l esa g‘oyat xatarli. Undan ko‘p askar yurolmaydi, kam askar esa
xurramiylarning o‘qi va manjaniqidan qo‘rqib, jasorat qila olmaydi. Bobak yashirinib
turgan kishilariga qattiq suyanadi. O‘sha tepaning orqasida yoki uning vodiysida yashirib
qo‘yilgan askarlari bo‘lishi kerak. Ana shundan xafsirayapman.
— O‘sha tepaga farg‘onalik askarlarim bilan men borsam? — dedi Zirg‘om dadil.
— Agar shunday qiladigan bo‘lsang, men qo‘rg‘onlar atrofiga har tomondan askar
to‘playman. Xudo xohlasa, shu bilan g‘alabaga erishamiz.
— Hujumni qachon boshlaymiz?
— Sen ma’qul ko‘rgan paytda.
— Shu kechasi, — dedi Zirg‘om qat’iy, — men kechasi ularga bostirib kiraman,
tongotargacha eson-omon Bazzga kirib olsam bo‘lgani. Sizlar shaharning boshqa
tomonidan hujum qilasizlar. Shu bilan g‘alabani qo‘lga kiritamiz.
— Menimcha, kechasi hujum qilish uchun hammamiz puxta tayyorlanishimiz kerak: sen
askarlaring bilan tepaning orqa tomonidan borib, shaharning ro‘baro‘sida turasan. Vaqt
yarim kechadan og‘gach, u yerda uch joyda olov yoqiladi. Undan askarlarimiz har
tomondan shaharga hujum qilganini bilasan-da, sen ham o‘z tarfingdan hujum
boshlaysan. O‘g‘lim, sen joylashadigan tomon boshqa hamma tomonlarga qaraganda
xavotirliroq, buni esingdan chiqarma!
Zirg‘om:
— Xavf-xatarning men uchun ahamiyati yo‘q. Hozir men kishilarimni tayyorlash uchun
boray, ertaga hammamiz Bobak qasrida uchrashamiz, — dedi-da, tashlanmoqchi bo‘lgan
sherdek tishining oqini ko‘rsatib kuldi. G‘azab va umidsizlik uni yanada haybatliroq
qilgan edi. Ikki mo‘ylabi dikkayib, qoshlari chimirildi, ko‘zlari chaqnadi. Afshin unga
qarashga va ko‘ziga tikilishga hayron bo‘lib: «Agar senga o‘xshash o‘n azamat
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |