www.ziyouz.com
kutubxonasi
28
voqea bo‘ldi. Redaksiyada ishlab o‘tirsam, egnidagi kiyimidan tortib taqinchoqlarigacha
juda yarashgan ko‘hlik ayol kirib keldi.
Anchagacha gapni nimadan boshlashni bilolmay uyalib o‘tirdi-o‘tirdi-da, oxiri dardini
ochdi.
— Usmon akam ikkalamiz bir-birimizni yaxshi ko‘ramiz. Ammo ajrashmasak bo‘lmaydi.
Xudo haqqi, bunaqa masalalarga aralashishni jinimdan yomon ko‘raman.
Ko‘hlik juvonga to‘g‘risini aytdim, o‘z hayotingizni o‘zingiz hal qiling, dedim.
Ayol bir zum yerga qarab turdi-da, iltimos qildi.
— Usmon akam bilan bir gaplashib ko‘rsangiz...
«Usmon akasi» kelishini xayolimga ham keltirmagan edim. Uch kundan keyin eshikdan
har jihatdan mukammal yigit kirib kelib o‘zini tanishtirganida hayron qoldim. Ikkovlari
bir-biriga shu qadar munosib ediki, shundoq oilaning ajrashmoqchi ekaniga achinib
ketdim. Gapni nimadan boshlashni bilmay garangsib turgan edim, Usmonning o‘zi
muddaoga o‘tdi.
— Xotinim meni, men xotinimni sevaman. Bolamiz yo‘qligiga xafaman. Ammo choramiz
ham yo‘q!
— Hozirgi zamon meditsinasi uchun shuyam problema bo‘ptimi, — dedim Usmonni
yupatib. — Uchrashib ko‘ringlar axir.
Ma’yus jilmaydi.
— O‘zim vrachman. Vrach bo‘lganim uchun xotinimning tug‘ishini xohlamayman.
Butunlay esankirab qoldim.
— Nega axir? Bir-birlaringni sevsangiz. Munosib bo‘lsangiz...
— Men vrachman, — dedi Usmon yana bo‘g‘iq ovozda. — Genetikani yaxshi bilaman.
Xotinimning o‘g‘il tug‘ishidan qo‘rqaman. — U yana xo‘rsindi. — Qo‘rqaman. Umuman,
hammasiga o‘zim aybdorman. Nazirani sevardim. Xudbinlik qildim. Boshida aytishim
kerak edi.
U nimanidir, juda muhim narsani aytishga ikkilanar edi.
— Mayli, — dedi nihoyat. — Rostki, sizga yuragimni ochdimmi, bu yog‘iniyam aytishim
kerak. Mening buvam — dadamning otasi ShZ bo‘lgan.
— Nima u ShZ? — dedim daf’atan tushunolmay.
— Shezofreniya kasalligi. Ruhiy xastalikni meditsinada shunaqa deyiladi. Bu — naslga
o‘tadigan dard. Ota avlodida bo‘lsa o‘g‘ilgami, nevaragami, xullas kimgadir o‘tadi.
— Qiziq ekansiz, — dedim uni yupatib. — Vrachlar vahimachiroq bo‘ladi o‘zi! O‘tmasa-
chi!
— O‘tsa-chi! — Usmon mahzun qiyofada boshini quyi soldi. — Men-ku mayli, Nazirada
nima ayb? Ruhiy xasta bola bilan umrbod ezilib yuradimi?!
Yana allanimalar deb ko‘nglini ko‘targan bo‘ldim. Usmon mahzunlik bilan jilmayib o‘tirdi-
o‘tirdi-da, indamay chiqib ketdi.
...Shunda chakka o‘tgan o‘sha kecha, erta bahorda oyim bilan loy kechib, Qa’niga
borganimiz, frontovik sartarosh, yana ko‘p narsalar yodimga tushdi. Onamni qo‘msash
aralash sog‘inch tuyg‘usi vujudimni sirqiratib yubordi. Shu paytgacha o‘zim tushunmay
yurgan ko‘p haqiqatlarni anglagandek bo‘ldim.
...Qaysi kuni metro stansiyasi oldida Gulini ko‘rib qoldim. Yonida baland bo‘yli, jingalak
sochli yigit. Mo‘ylovi o‘ziga xo‘p yarashgan. U Gulining jajji sumkachasini ko‘tarib olgan.
Guli uni qo‘ltiqlab kelar, yigit xushchaqchaq bo‘lsa kerak, allanimalarni gapirar, Guli
xandon otib kular edi.
Uch kundan keyin Gulini ko‘chada uchratdim.
— Yaxshi bolaga o‘xshaydi, — dedim o‘sha yigitni eslab.
— Kim?
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |