www.ziyouz.com
kutubxonasi
27
echkiemarmi — hammasi shu bog‘da bo‘lardi. Ana uzumu mana uzum! Urushning
kasofati bilan ko‘plari yo‘q bo‘p ketdi. Qo‘li qisqalik qip qoldi bechoralarni!
Sartarosh gapirgan sayin g‘ayratga kirar, g‘ayratga kirgan sayin mashinani tezroq
shiqirlatar, unga sayin sochim ko‘proq yulinar edi. Ko‘zimdan yosh chiqib ketdi.
— Avlodida yomon odamlar chiqmaganmi? — dedi onam. — Qimorboz, o‘g‘ri, nashavand
deganday...
— Yo‘q! — dedi sartarosh qat’iyat bilan. — Hammasi yaxshi odamlar.
Onam yengil tortib, xo‘rsinib qo‘ydi.
Endi sochimning orqasini olishga navbat keldi. Sartarosh kaftini botirib, nuqul boshimni
pastga egadi. Boshim egilgan sayin paydarpay burnimni tortaman.
— O‘g‘li-chi? — dedi oyim asosiy maqsadga o‘tib.— To‘laganxo‘ja degan o‘g‘li bor
emish...
— Vo! — Sartarosh mashina bandiga tiqilgan bosh barmog‘ini dikkaytirib ko‘rsatdi. —
Meravoy bola! Ma’lim! Maktabda ma’limlik qiladi.
— Urushga bormaganmi?
— Yo‘q, — sartarosh qitig‘imni keltirib tag‘in bo‘ynimga mashina soldi. Shilt etib
burnimni tortdim.— Ma’limlarni urushga olishmagan. Ammo mera-voy bola! Nima, quda
bo‘lmoqchimisizlar?
— Qaydam, — dedi oyim sekin. — Taqdir qo‘shgan bo‘lsa...
— Ammo og‘iz solishgan bo‘lsa shu boladan qolmanglar. Tag-zoti ko‘rgan, buning ustiga
kimsan, ma’limni kuyov qilasizu jon demaysizmi, singil! O‘zingiz kimning oilasi bo‘lasiz?
Oyim hammasini batafsil aytdi. Dadamni, asli qayerdan kelib chiqqanimizni...
— Yulduzinglar yulduzlaringga to‘g‘ri kepti! — dedi sartarosh mashinani puflab-puflab
tozalar ekan.— Xudo xohlasa osh yer ekanmiz-da!
Qutulganimga shukur qilib, dik etib o‘rnimdan turdim.
Onam do‘ppimni boshimga kiygazib, sartaroshga pul berdi.
— Ie, qudalardan pul olsak qandoq bo‘larkin? — Sartarosh pulni shimining kissasiga
tiqarkan, tayinladi.— Shulardan qolmang, yaxshi odamlar.
Uyga qaytishimiz bilan bir burda zog‘orani oldimu ko‘chaga yugurdim. Maydonchada
o‘ynab yurgan Toy, Vali, jo‘raboshi — hammasi paysalga solmay «ustara haqi» olishdi.
Ayniqsa jo‘raboshi o‘rta barmog‘i bilan chertganda boshim og‘ridi. Lekin chidab turdim.
O‘zim olib kelgan yangilik bilan hammani qoyil qoldirmoqchi edim.
— Yaqinda biznikida to‘y bo‘ladi! — dedim maqtanib. — Opamning to‘yida rosa osh
yeymiz! Keyin quda buvi menga ko‘ylak tikib beradi. «Zinger» mashinasi bor!
...Lekin to‘y bo‘lmadi. Bir oydan keyin ham, bir yildan keyin ham... Bir-ikki marta opam,
«kerakmas», deb yig‘laganini, oyim, «ko‘nglingdagini ayt bo‘lmasa», deganini eshitib
qoldim.
Tanish sovchilar hamon tez-tez kelib turishar edi. Bir kuni ertalab tursam, oyim yo‘q.
Tushga yaqin xomushroq qaytdi. Ertasiga opam ishga ketganida, nonushta ustida
dadamga qiziq gap aytdi.
— Pishmaydigan savdoga o‘xshaydi. Urug‘ida jinni bor ekan. To‘laganxo‘janing katta
amakisi uch-to‘rt marta jinnixonaga tushgan ekan.
— Bo‘lmaydi! — dedi dadam keskin qo‘l siltab. — Sovchilar yana kelsa javobini berib
yubor.
Bir narsani hech tushunmasdim. O‘shanda onam sovchilarning kelib chiqishi
qayerdanligiyu, avlodida yomonotliq odamlar bor-yo‘qligini, kasb-kori nimayu,
qarindoshlarida kasallar bor-yo‘qligini nima uchun bunchalik surishtirganiga hech aqlim
bovar qilmasdi.
Bu savdolar, bu savollar bora-bora yodimdan chiqib ketdi. Biroq kunlardan birida g‘alati
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |