www.ziyouz.com
kutubxonasi
41
Chindan ham Acha xolaning foli to‘g‘ri chiqdi. Bittasi to‘g‘ri chiqdi. Qor tushgan kuni
tog‘am keldi. Qo‘ltiqtayog‘ini do‘qillatib kirib keldi...
Hoji buvi Acha xola aytganidek o‘g‘lini kutdi. Yigirma yilcha kutdi. Ancha oydin kechalar
o‘tdi. Keyin... uni mahalla ko‘mdi. Oydin kechada Xayri opa aniq-tiniq ko‘rgan Asqar aka
ham kelmadi... Lekin nima uchundir Acha xolani hech kim ayblamadi. Tog‘am eson-
omon kelganida oyim bosh-oyoq sarpo qilolmagani uchun Acha xola ham og‘rinmadi. U
onda-sonda xurjunini ko‘tarib kelib qolar, oyim aylanib-o‘rgilib kutib olar edi. Negaki,
oyimning o‘zi odamsiz turolmas, har doim xonasi gavjum bo‘lar edi. Eshikdan kim kirib
kelmasin, uning ko‘ngli doim yaxshilikni sezib turgan bo‘lardi.
Bir galgisi ayniqsa oshib tushdi. O‘zim bilan bir sinfda o‘qigan bola prorab bo‘lib
mahallaning boyvachchasiga aylandi-qoldi. Shayton yo‘ldan ozdirdimi, boshqami,
ishqilib, bosar-tusarini bilolmay qoldi. Qo‘sha-qo‘sha imoratlar soldi. Oxiri lop etib
qamalib ketdi. Bir kuni ishga ketayotsam, shu yigitning onasi oyimning oldida o‘tirib
hasrat qilyapti.
— To‘xtavoyim tuhmatga uchradi, o‘rgilay. Bolaginamning xusumatga yo‘liqqaniga
qandoq chidayman! O‘zimning qon bosimim bor. Erta-indin o‘lib ketsam, tepkilab
ko‘madiganimdan ayrilib qoldim, aylanay.
— Voy unaqa demang, ovsinjon. — Oyim uni ohista yupatdi. — Yaxshi gapgayam,
yomon gapgayam farishta omin deydi. Nasib etsa hali hech nima ko‘rmagandek bo‘lib
ketasiz. — U ovozini birdan pasaytirdi.— Ko‘nglim sezib turibdi. To‘xtavoy erta-indin
kelib qoladi. To‘xtavoyingiz qandoq yaxshi bolaki! Mana, meni aytdi dersiz. Erta-indin
eshikdan kirib keladi.
— Voy, og‘zingizdan o‘rgilay, ovsinjon! Koshkiy-di-ya! — To‘xtavoyning onasi
yig‘lamsirab fotiha tortdi.— Iloyo aytganingiz kelsin!
Oyimning hamma «karomat»lariga chidasam ham, bunisiga chidolmadim. Kechqurun
ishdan kelganimda shundan gap ochilgan edi, koyib berdim.
— Sizga ham Acha xoladan yuqqan shekilli, — dedim yarim hazil, yarim kinoya qilib. —
Nima, fol ochyapsizmi? Ko‘pchilikning haqiga xiyonat qilgan qallobni maqtab o‘tiribsiz.
Oyim ko‘zimga diqqat bilan tikilib qoldi.
— Qahring shunaqa qattiqmi? — dedi anchadan keyin.
— Qahrning nima daxli bor? — dedim qaysarlik bilan. — Qilg‘ilikni qilgandan keyin
jazosini olsin-da. Qadamini o‘ylab bosadigan bo‘ladi.
— Albatta, senlar o‘qimishlisan, hamma narsani bilasan... — Oyim bir zum jimib qoldi-
da, o‘ziga-o‘zi gapirayotgandek sekin qo‘shib qo‘ydi. — Onasida nima gunoh? Qon
bosimi bo‘lsa, ertaga puf etib dumalab ketsa, shunga suyunasanmi? Ona-ku bu...
Shunaqa qahring qattiqmi?
Oraga noqulay sukunat cho‘kdi. Negadir Acha xolani, o‘sha oydin kechani, o‘sha olma
choyni esladim...
IMON
«Domimiz»ning birinchi qavatida Klava xola degan kampir turadi. Hech kim uni otasining
ismini qo‘shib «Klavdiya Falonchiyevna» deb atamaydi. Klava xola — hamma uchun
Klava xola. Bechora hayotda omadi yurishmagan xotin. Zavodda o‘ttiz yil ishlagan.
Yoshligida beva qolgan. Yolg‘iz o‘g‘lini deb umrini o‘tkazgan. Aytishlariga qaraganda,
o‘g‘lini rejim bilan ovqatlantirib, rejim bilan uxlatib o‘stirgan ekan. Bitta farzanddan ham
buyurmadi. O‘g‘li uylanishi bilan xotininikiga ko‘chib ketdi. Shundan keyin Klava xola
asabiyroq bo‘b qoldi. Eshik tagida o‘tirib, uzzukun hammaga dashnom bergani-bergan.
— Hoy piyonista, ertalabdan zaharingga barmatuxa ichgandan ko‘ra bolangga ikki paket
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |