www.ziyouz.com
kutubxonasi
49
mushtlab kular, boshi ham, gavdasi ham muttasil silkinar, sarg‘ish yuzi sholg‘omdek
qizarib ketgan edi. Oyim og‘zini lang ochgancha, bir dadamga, bir Dalavoyga qarab
qolgan, negadir nuqul ko‘ylagining yoqasini g‘ijimlardi.
— Voy, voy kennoyi tushmagur-ey! — dedi Dalavoy kulgidan nafasi qaytib. — Voy sodda
xotin-ey! «Qurug‘i» desam, turshak obchiqibdi. Qarang, oka! Qarang! «Qurug‘i»
desam... «Qurug‘i» desam... — U dadamga qaradiyu kulgisi kesildi. Dadamning qiyofasi
shiddatli, yuzi qizarib-bo‘zarib ketgan edi.
— «Qurug‘i» kerakmi? — dedi ovozi xirillab.
Dalavoy butunlay jiddiy tortdi.
— Mengamas, o‘rtoq Toshevga, — dedi sarg‘ish qoshini chimirib. — Men sizga jabr
bo‘lmasin, deyapman, oka, jo‘jabirdek jonsiz.
— «Qurug‘i» kerakmi! — Dadam yanayam pastroq, ammo yanayam tahdidliroq ovozda
takrorladi. — Mana buni qirqib beraymi! — U kindigidan pastroqqa imo qildi. Dadam
birovdan qattiq g‘azablansa, padaringga la’nat deb so‘kar, ammo biron kimsani
bunchalik qo‘pol haqorat qilganini eshitmagan edim. Onam ham, yostiqqa suyangan
akam ham, men ham qotib qoldik.
— Shunaqami, hali! — Dalavoyning kulrang ko‘zlari yonib ketdi. — Endi o‘zingdan ko‘r!
— Shunday dedi-yu, hatlab o‘rnidan turdi. Dadam ham sapchib turib ketdi. Oyim dod
solib, dadamning yo‘lini to‘sdi. Dalavoy shiddat bilan charm paltosining cho‘ntagiga qo‘l
suqdi-da, allaqanday qog‘ozni dasturxon ustiga uloqtirdi. — Indinga tegishli joyga
bormasang, militsiya yuborib, ottirib tashlayman! Umringni turmada chiritmasam,
Dalavoy otimni boshqa qo‘yaman!
Oyim bekorga dod solgan ekan. Dadam Dalavoyga tashlanmadi. Piymasini kiyib chiqib
ketguncha, uy o‘rtasida turaverdi. Faqat g‘azabdan pishqirib nafas olar, mo‘ylovi uchib-
uchib qo‘yar edi. Tashqarida it akilladi. Keyin jimlik cho‘kdi.
— Endi qo‘ymaydi, — dedi onam ingrab. — Qamatmay qo‘ymaydi. — U hamon
g‘azabdan titrab turgan dadamga iltijoli termildi. — Jon adasi, aylanay adasi, johillik
qilmang, keling, shular to‘ya qolsin. Mayli, sholchani sotamiz.
Kuzda opamni uzatamiz, deb dadam bir sholcha olib kelgan edi. Oyim shuni gapirganini
tushundim.
— Nega?! — dadam sandal chetiga cho‘kkalagancha, hayqirib yubordi. — Nega?! Nega
men pora berishim kerak? Nega?! Porani harom odam beradi, bildingmi! Porani harom
odam oladi! Bildingmi?! Porani imonsiz odam imonsiz odamga beradi! Tushundingmi?!
Nega men o‘z imonimni sotib poraxo‘rga yalinishim kerak? Nega?
U esdan og‘ib qolganga o‘xshar, har gal «Nega?» deganda, dasturxonni mushtlar,
Dalavoy tashlab ketgan qog‘oz ham, jiyda-yong‘oqlar ham har yoqqa sochilib ketgan
edi.
— Yo‘q! — dedi u nafasi qisilib. — Men pora bermayman. Qamasin! To‘piga solib otib
yuborsin!
Beshikdagi ukam cho‘chib ketdi shekilli, chirillab yig‘lay boshladi. Oyim mahzun qiyofada
cho‘kkalab o‘tirgancha, ko‘krak tutdi. Dadam tirsagini sandal chetiga tirab, kaftlari bilan
yuzini to‘sib, uzoq o‘tirdi. Qo‘li hamon bilinar-bilinmas titrar edi. Nihoyat, jahl bilan
o‘rnidan turdi. Onam vahima ichida unga termildi.
— Qayoqqa? Hoy adasi, o‘zingizni bosing.
— Achinskaga boraman, — dedi dadam sekin. — Ariza yozdiraman.
Shunday dedi-yu, eski choponini kiyib, chiqib ketdi. Peshinga yaqin tekis qilib yozilgan
allaqanday o‘rischa xat ko‘tarib keldi.
Keyin bilsam, dadam to‘g‘ri qilgan ekan. Uni ikki-uch hafta sudrab yurishdi-yu hammasi
tinchib ketdi. Faqat Dalavoy keyinroq, nalugchi bo‘lganidan keyin boshqa yo‘l bilan
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |