www.ziyouz.com
kutubxonasi
56
— Yuzimni yorug‘ qildingiz, oyijon... — Bu Bashor opamning ovozi edi. — Kuyovingizning
oldida yerdan sug‘urib oldingiz. Turmush qurganimizga uch yil bo‘lyapti. Kuyovingizga
nima deyishimni bilmayman. Otam bor deymanu borolmayman, onam bor deymanu
ko‘rsatolmayman. — Opam yana chuqur xo‘rsindi. — Oyim tirikligida, otangning ko‘ziga
ko‘rinma, deb tergab turardi. Onam o‘lgandan keyin nima deb borishni o‘zim ham
bilmadim. Bir zamonlar dadam bilan oyimning turmushi buzilgan bo‘lsa, mening aybim
nima, oyijon... Oyim adamning dilini og‘ritgan bo‘lsa bordir, ammo menda nima gunoh?
— Qo‘ying, jon bolam, — oyim ohista yupatdi. — Turmush o‘lgur shunaqa ekan. Odam
bu dunyodan nima obketadi? Boradigan joyi bo‘yradek yer... Adangizning jahli tez
bo‘lgani bilan ko‘ngli bo‘sh. Uch-to‘rt kundan keyin o‘zingiz boring. Kuyovniyam oboring.
Siz bolasiz, u kishi ota. Mening kelganimni aytmay qo‘ya qoling. Eski ginalarni
unutinglar.
— Bormoqchiyam bo‘luvdim... — Opam taraddudlanib jimib qoldi. — Tag‘in sizning
ko‘nglingizga kelmasin, deb...
— Gapingiz qurmasin, — oyim opamning so‘zini kesdi. — Etni tirnoqdan ajratib esimni
yebmanmi? Ming qatla shukr, adangiz borlar, singlingiz, qo‘sha-qo‘sha ukalaringiz bor,
qaddingizni ko‘tarib yuring, jon bolam.
Oyim bilan opam hamon dardlashar, «mushuk soat» bir me’yorda chiqillar, yonimda
yumshoqqina bo‘lib singilcham pishillab uxlab yotar edi. Yana ko‘zim ilindiyu qotib uxlab
qopman.
...Ertasiga hovlimizga mahallaning tabibi — Hoji buvi, Xayri opa, Mo‘min akaning xotini
Kelinoyi, Valining oyisi Zebi xola, Sepkilli xola, Xolposh xola to‘planishdi. Oyim aytib
kelganmi, bayram bahona bo‘lganmi, unisini bilmayman. Oyim garmdori gulli piyolada
qo‘shnilarga choy quyib uzatar ekan, og‘zini to‘ldirib maqtanar edi:
— Qizim berdi! Qarang, piyolasining chiroyliligini qarang! Voy, o‘rgilay sizlardan,
shundoq qizim bor ekanu men ahmoq bilmay yurganimni qarang! U bog‘-rog‘lar, u oq
uy-olabargaklar desangiz! Qo‘sha-qo‘sha gilamlar! Bir radiosi bor, sandiqdek keladi.
Qizimning chaqqonligini ko‘rsangiz. Birpasda bir guruch, bir go‘sht qilib, chigit
bosgandek osh damlab keldi. Kuyovimni aytmaysizmi, peravodniylarning boshlig‘i ekan.
Uyog‘i Ashxobod, buyog‘i Leninobod — yetti iqlimda ko‘rmagan joyi qolmabdi. Biram
odobli, biram aqlli...
Oyim opamning hovlisidagi tutdan boshqa qaysi bog‘ni, eski sholchadan boshqa qaysi
gilamni, moshkichiridan boshqa qaysi palovni aytayotganini bilmasdim-u, lekin hamma
gapiga ishongim kelardi.
— Siz ko‘pam ixtimat qo‘yavermang! — Kelinoyi oyimning gapini og‘zidan oldi. — O‘gay
bari bir o‘gayligini qiladi. Undan sizga nima foyda!
— Unaqa demang, ovsinjon. — Oyim unga ta’nali qarash qildi. — Bu dunyodan hech kim
hech narsa orqalab ketmaydi, o‘rgilay. Bolalarim buyoqda otasining bag‘rida yayrab
yursin-da qizim uyoqda tirik yetim bo‘lib yursin... Shuyam diyonatdanmi? Bunaqa
gapingizni bir aytdingiz, ikkinchi qaytarmang, ovsinjon.
Boshqa xotinlar oyimning so‘zini ma’qullab chuvillashdi:
— To‘g‘ri aytasiz!
— Oxiratni o‘ylagan odam shundoq qiladi.
— Ammo-lekin... — Oyim ovozini pasaytirdi. — Adasi men borganimni bilmay qo‘ya
qolsinlar. Qiz bo‘lib u kelmaydi-yu, ona bo‘lib sen borasanmi, deb dillari og‘riydi... Erta-
indin qizimning o‘zi keladi.
Bashor opam ertasiga emas, uch kundan keyin keldi. Dadam bodom soyasida cho‘kkalab
o‘tirgancha, arraning tishini egov bilan qayrar, oyim oshxonada, men esa supada ukam
bilan kurash tushayotgan edim. Gurji kuchugim darvoza tomonga yugurdi. Ko‘kshoyi
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |