www.ziyouz.com
kutubxonasi
20
nonmi o‘rab chaqaloqning og‘ziga solib qo‘yishadi. Shunda deng, bir kuni Poshsha opam
kelib qoldilar. Aylanib-o‘rgilib, Toyirjonni bag‘rilariga bosib emizdilar. Shu yerdan
Beshqo‘rg‘onga saratonda kuyib har kuni uch marta qatnaydilar. Qirq kun shunday
qildilar. Bir ko‘kragini siz emasiz, bittasini— Toyirjon. — Niso xola hiqillab qoldi. Yosh
g‘iltillagan ko‘zini ro‘molining uchi bilan artdi. — Qandoq xotin edilar-a! Nima bilan rozi
qilishimni bilmayman. So‘rasam, urishib berdilar. «Voy, gapingiz qurmasin, ovsin, ona
sutiyam sotiladimi», deydilar. «Birovga yaxshilik qilib, ketidan tama qilgan odamning
savobi gunohga aylanadi», deydilar... Qandoq edilar-a!
Niso xola ro‘molining uchini g‘ijimlagancha o‘yga toldi. Men ham, shu paytgacha o‘zim
bilmagan ko‘kaltosh ukam Toyirjon ham bir nuqtaga tikilib qolgan edik. Har qaysimiz o‘z
o‘yimiz bilan band edik, biroq hammamiz bir odamni — onamni o‘ylardik.
QANOAT
Otamning jahli yomon edi. Badjahl bo‘lib aka-ukalardan, birontamizni chertgan emas.
Biroq onam: «Hoy, ehtiyot bo‘l, adangning jahllari yomon», deb shunchalik uqtirib
qo‘yganki, otamizni ko‘rishimiz bilan hammamiz yuvosh tortib qolardik.
Tirikchilik vajidan bo‘lsa kerak, otam kechalari soat tuzatardi. Qo‘ni-qo‘shni, mahalla-
ko‘yda kimning soati buzilsa, biznikiga olib kelar, otamning hujrasida katta-kichik soatlar
muttasil chiqillab turar edi. Onam bizni bu hujraga hech yo‘latmasdi. Bir kuni ukam
ikkalamiz u yerga kirsak, stol ustida kichikroq piyolaning og‘zidek keladigan zanjirli
cho‘ntak soati yotibdi. Qopqog‘i, oynasi ochilgan, murvatlari bir chekkaga tartib bilan
terib qo‘yilgan. Aka-uka o‘zimizcha «ustachilik» qildik. Soatning yurishidan darak yo‘q.
Bir mahal narigi uyda onamning sharpasini sezib qoldigu sekingina sirg‘alib chiqib
ketdik.
Kechqurun otam hujraga kirishi bilan xunob bo‘lib qichqirdi:
— Soatga kim tegdi?
— Hech kim kirgani yo‘q-ku! — dedi onam hayron bo‘lib.
— Hammasini sochib tashlabdi-ku! — otam jahl bilan chiqib keldi. Qo‘lida biz «tuzatgan»
soat. — Mili yo‘q. Egasiga nima deyman!
Ukam ikkalamiz churq etmay mo‘ltirab o‘tiribmiz. Yaxshi hamki akalarimiz ko‘chada,
bo‘lmasa, hamma ayb o‘shalarga tushishi aniq.
Ko‘p o‘tmay ovqat keldi. Ukamga yog‘och qoshiq, menga temir qoshiq tegdi. Ikkalamiz
qoshiq talashib qoldik. Ukam u yoqqa tortadi, men bu yoqqa. Ikki orada kosa dumalab,
dasturxonga sho‘rva to‘kildi. Boyagi xunobgarchilik ustiga bunisi ham qo‘shildi-yu, biz bir
yoqda qolib otam onamni tushirib qoldi. Aka-uka pildirpis bo‘lib, in-inimizga kirib ketdik.
Onam sho‘rlikning qovog‘i ko‘karib chiqdi. Achindik. Ammo nachora?..
Ertalab tursam, otam ishga ketgan, hovli tomondan ayol kishining shang‘illagani
eshitilyapti. Ovozidan tanidim: qo‘shnimiz Mo‘min akaning xotini. Mo‘min aka —
ketmonchi. O‘zi ham mo‘mingina odam. Xotini boshqacharoq. Kattayu kichik hamma uni
Kelinoyi deb chaqiradi. Kelinoyining qiziq odati bor. Ichida gap yotmaydi. Uyida qaysi
sholchaga xokandozdan cho‘g‘ tushib, qancha joyi kuygani, qaysi o‘g‘li sholg‘omni
yomon ko‘rishi, qaysi qizining sochiga sirka oralagani— hammasini birpasda mahallaga
yoyib chiqadi.
— Ketaman! — dedi u ovozini baralla qo‘yib. — U qo‘ymasa, mana man qo‘ydim!
Ketaman! Ketgandayam uyini vayron qilib ketaman!
Tushundim. Bundan chiqdi, Kelinoyi eri bilan urishgan. Uyida sal janjal chiqsa, albatta
oyisinikiga «ketadigan» bo‘lib qoladi. Tomosha ko‘rish uchun asta mo‘raladim.
— Nima bo‘ldi o‘zi, ovsinjon? — dedi onam sekingina.
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |