www.ziyouz.com
kutubxonasi
18
aylantirib kelay.
Toy onamni oldingi o‘rindiqqa o‘tqizdi. Yarim soatcha aylantirib keldi.
Onamning yosh boladek birovning mashinasiga tushib «kataysa» qilishi menga erish
tuyuldi. Ammo onam xursand edi.
— Nordek yigit bo‘pti, — dedi quvonib. — Istalovoyda sheppovar ekan. Xudoyo umridan
baraka topsin.
Toy keyin ham o‘tgan-ketganda biznikiga tez-tez kirib turadigan bo‘ldi.
Uni har ko‘rganimda bolaligimni eslayman. Kichkinaligimizda oramizda eng bo‘sh-bayov
bola shu edi. Uyimizning orqasida kattagina maydoncha bo‘lardi. Uzoq-yaqindan mol
boqishga kelgan bolalar shu yerda yig‘ilib shovqin-suron solib o‘ynardik. Toy hammadan
uzoqdan — Beshqo‘rg‘ondan o‘ziga o‘xshash yuvosh, shoxsiz sigirini oldiga solib kelardi.
Har faslning o‘z o‘yini bor: erta bahorda chillak, varrak, yozda futbol, kech kuzda lanka
tepish... Faqat ikkita bola o‘yinga ko‘p qo‘shilmasdi. Bittasi— ko‘zlari doim javdirab
turadigan Xo‘ja, yana biri — Toy. Xo‘janing o‘zi o‘yinga uncha qiziqmas, Toyning esa o‘z
yumushi bor edi. Nega deganda zimmasida mol boqish vazifasi bor. Birovning daydi
sigiri, birovning shaytonga dars beradigan echkisi zum o‘tmay ekin oralab ketadi.
Shunda mo‘ylovi qorayib, do‘rillab qolgan jo‘raboshimiz buyuradi:
— Toy! Galing keldi, echkini qaytar!
— Sigirga qara, Toy, sigirga!
— Toy! Qo‘y kartishkaga oralab ketdi-ku!
Negadir Toyning navbati hammanikidan tez kelaverardi. Sigiri xuddi o‘rgatib qo‘ygandek
egasidan nari ketmaydi. Ammo boshqalarning moliga ham kimdir qarashi kerak-ku. Toy
burnini tortib qo‘yadi-da, indamay polizga qarab yuguradi. Dikonglab sakrayotgan takani
qaytarib kelguncha biron buqacha dumini xoda qilib jiydazorga yugurgilab qoladi...
O‘ynab-o‘ynab charchaganimizdan keyin hammamiz tol soyasida dam olamiz.
Jo‘raboshimiz dadasi urushdan olib kelgan shinelni o‘tga yoyib, ustiga yonboshlaydi-da,
maza qilib esnaydi:
— Toy, biz charchadik. Bir mizg‘ib olmasak bo‘lmaydi. Sen dejursan, mollarga qarab
turasan.
Toy burnini jahl bilan tortadi-yu, indamaydi.
Bir kuni u astoydil yalindi:
— Meni Toy demanglar. O‘zimning otim bor — Toyir.
Jo‘raboshimiz quvlik bilan hammaga bir-bir qarab qo‘ydi.
— Bo‘pti! — dedi do‘rillab. — Senga uch kun muhlat. Uch kungacha hammaning molini
yaxshilab boqsang, Toy otingni o‘zgartiramiz. Ammo kechqurun sigirimning yelini
tirsillab tursin, bildingmi?
Chindan ham Toy uch kungacha sidqidildan xizmat qildi. Biz maza qilib futbol tepdik.
To‘rtinchi kuni jo‘raboshimiz «majlis» to‘pladi.
— Bolalar, — dedi tantana bilan. — Endi Toyni hech kim Toy demasin. Bugundan
boshlab uning oti — Xo‘tik. Yana bir yil harakat qilsang, o‘sib Eshak bo‘lasan.
Hammamiz xaxolab kulib yubordik. Toy bolalarga birma-bir qarab chiqdi-da, burnini
tortdi. Indamay yer chizib o‘tiraverdi.
Chillak o‘yinining shafqatsizroq bir qoidasi bor: yutqazgan bola zuvlab nafasi yetmay
qolsa, bir oyoqda hakkalaydi. Qoqilib ketsami, ikkinchi oyog‘i yerga tegsami, tamom!
Tag‘in tayoq bilan chillakni urib sanaladi-da, yana chillak otiladi. Chillak borib tushgan
joydan qaytadan zuvlash shart.
Bir gal Toyni salkam yarim chaqirim joydan zuvlashga majbur qildim. Turgan gapki,
nafasi yetmadi.
— Lo‘killa! — dedim baqirib.
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |