www.ziyouz.com
kutubxonasi
25
sigiri bilan echkisiniyam qiz qilib qo‘yibdi. Uchala qiz bir xil emish. Uch sovchi uch qizini
to‘y-tomoshalar bilan olib ketibdi. Shunda saxoba Xudoga yana nola qipti. Qaysi biri
o‘zimning qizim ekanini endi qayoqdan bilaman, debdi. Xudodan nido kepti: eshikdan
kirib borganingda salom berib kutib oladigan, erini, qaynota-qaynonasini, qayn-
bo‘yinlarini hurmat qiladigan qiz— o‘zingning qizing. Hech kimni hurmat qilmaydigan,
shaltoq qiz sigiring. Hech kimni hurmat qilmaydigan og‘zi shaloq qiz — echking bo‘ladi
debdi. Har xil xotinlar o‘shandan tarqalgan emish. Biri esli-hushli, chaqqon, biri —
shaltoq, biri adabsiz...
— Kennoyiga o‘xshaganmi? — deb yuborganimni o‘zim ham bilmay qoldim. Bu shunday
kutilmaganda bo‘ldiki, oyimning cho‘pchagi shartta kesilib qoldi. Keyin opam ikkovlari
sharaqlab kulib yuborishdi.
— Voy shayton, uxlamaganmiding?! — dedi opam qaddini rostlab. O‘rnidan turdi-da,
piligi pasaytirilgan lampali tokcha oldidan o‘tib kelib, meni quchoqladi. U yuzimdan, bu
yuzimdan o‘pdi. Opam urishib beradi, deb qo‘rqib turgandim. O‘pgani uchun judayam
yaxshi ko‘rib ketdim...
Ertasiga choydan keyin oyimning mahsi kiyayotganini ko‘rib, mehmonga otlanayotganini
sezdimu darrov ergashdim.
— Menam, menam boraman!
— Mehmonga ketayotganim yo‘q, — dedi oyim bosh chayqab. — Ishim bor.
— Boraman, oborasiz!
Onam bir zum ikkilanib turdi-da, rozi bo‘ldi.
— Mayli, ammo charchadim demaysan.
Ona-bola yo‘lga tushdik. Yomg‘ir kechasi tinib qolgan, ammo yer hamon ko‘pchib
yotibdi. Oyoq bossangiz bir botmon loy yopishadi. Avval jiydazordan, keyin Qonqus
ustiga tashlangan yakkacho‘pdan o‘tdik. Lopillab turgan yakkacho‘pdan o‘tayotganda
qo‘rqdimu o‘tib olgandan keyin shundoq suv bo‘yida o‘sib yotgan sambittollarga
angrayib qoldim. Sambittol zo‘r! Hushtak yasasa ham bo‘ladi, «ot» qilib o‘ynasa ham...
— Yur, tezroq, — dedi oyim qo‘limdan tutib...
Nihoyat guzarga yetib keldik. Choyxonada odam yo‘q hisob, eski namat tashlangan
so‘rida bir chol oftobda mudrab o‘tiribdi, yonida tumshug‘i chegalangan choynak, sopol
piyola... Keyin devorlari nurab ketgan otxona oldidan o‘tdik. Qovurg‘asi sanalib qolgan
uchta ot dumi bilan pashsha qo‘rib charchoq qiyofada boshini solintirgancha mudraydi.
Otxona hovlisining burchagiga uyib qo‘yilgan go‘ngdan hovur ko‘tariladi.
— Qayoqqa ketyapmiz, oyi?
— Keldik shekilli, — dedi onam atrofga alanglab.— Qurib ketsin, so‘raydigan odam ham
yo‘q.
Ikki betida tollar, teraklar o‘sib yotgan loy ko‘chadan yana ozgina yurgan edik, obkashda
suv ko‘tarib kelayotgan semiz xotin ko‘rindi.
— Hoy egachi, shu yerlikmisiz? — dedi oyim, yaqinroq borib.
Semiz xotin obkashni yelkasidan oldi. Ustiga chambarak tashlangan ikki paqir suvni
yerga qo‘ydi. Harsillab oyim bilan ko‘rishdi.
— Mahmud bukurning uylari qaysi, o‘rgilay? — dedi onam semiz xotinga iltijoli termilib.
Semiz xotinning rangi o‘chib ketdi.
— Bukur bo‘lsa Xudo qilgan! — dedi harsillab. — Tavba deng!
Shunday dediyu, sharaq-shuruq qilib ilgakni ilgancha obkashni ko‘tardi. Shartta burilib
ketdi. Sirg‘alib-sirg‘alib borarkan, obkashi bilan qo‘shilishib orqaga burildi.
— Ta’na tagi tayg‘oq, — dedi harsillab. — Betamiz!
Oyim hang-mang bo‘lib qolgan, og‘ir-og‘ir kiprik qoqar, hozir yig‘lab yuboradigan
alpozda edi.
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |