SOVCHILAR Ishdan charchab qaytdim. Bilamanki, bunaqa paytda televizor ro‘parasiga o‘tirsangiz,
tamom! Bahona o‘zidan o‘zi topilaveradi. Bosh qurg‘ur toliqqani, yangi film
boshlangani...
Yaxshisi, kabinetga kirib ishlash kerak. Hech bo‘lmasa kitob o‘qish... Jurnalning yangi
sonini varaqlab o‘tirsam, eshik taqillab, qassob qo‘shnimizning qizi — Guli kirib keldi.
— Kel, Guli, — dedim jurnaldan bosh ko‘tarmay. — Yaxshimisan?
Guli eshik oldida turib qoldi.
— Ensiklopediya kerak edi, — dedi negadir qovog‘ini solib.
— Ana, xohlagan tomingni olaver.