www.ziyouz.com
kutubxonasi
24
— Mayli, sizlar ham so‘rang, surishtiring, — dedi pakana xotin choy ho‘plab. — Qa’nida
turamiz. Shundoq guzar oldidagi qo‘shqavat darvoza. Odilxo‘ja desangiz hamma biladi.
Mahmud bukurning yonidagi hovli.
— Ovsinim kuyov bo‘lmishning onalari! — Atlas ko‘ylakli ayol jilmaydi. — Muborak
chevar desangiz, hamma taniydi. «Zinger» mashinalari bor.
Meni Odilxo‘jayu Mahmud bukur ham, Muborak chevaru, «Zinger» mashinasi ham
qiziqtirmas, ikki ko‘zim qandda edi. O‘zimning borligimni bildirib qo‘yish uchun
qalamtaroshni qo‘limdan tushirib yubordim. Oyim yalt etib qaradi-yu, pastki labini
tishlab, bilinar-bilinmas bosh chayqab qo‘ydi. Bu — «uyat bo‘ladi, chiqib ket», degani
edi. Qanddan umidimni uzib chiqib ketishdan bo‘lak choram qolmadi. Yarim soatdan
keyin sovchilar ketishdi. Kuchugimning alami ichida qolgan ekan shekilli, oyimning hay-
haylashiga qaramay, sovchilarni ancha joygacha «kuzatib» keldi.
Uch kundan keyin sovchilar tag‘in kelishdi. Sochining uchiga so‘lkavoy taqqan paranjili
xotin bilan yana o‘sha novcharog‘i. Bu safar novcha xotin qarg‘ashoyi ko‘ylak kiygan,
bo‘yniga dur osib olgan edi. Oshxonada ovqat qilayotgan opam darvozadan kirib
kelayotgan mehmonlarga ko‘zi tushishi bilan tomorqaga qochib ketdi. Bu safar sovchilar
uzoqroq o‘tirishdi, oyim ularni moshxo‘rda bilan mehmon qildi. Kechki ovqatdan keyin
opam idish-tovoqni yuvish uchun oshxonaga chiqib ketganida oyim dadamga qaysi kungi
sovchilar tag‘in kelishganini aytdi.
— Yaxshi, tag-zoti ko‘rgan odamlarga o‘xshaydi. O‘g‘liyam muallim emish. Uningiz yo‘q,
buningiz yo‘q deb o‘tirmaymiz, boriga baraka qilib to‘y qilaveramiz deyishyapti.
Dadam anchagacha indamadi.
— Surishtirib ko‘rish kerak, — dedi oxiri. — Bu— umr savdosi. — Keyin shisha
nosqovog‘ini olib, nos otdi. — Qizingni ko‘ngliniyam bilish kerak.
Shu bilan gap boshqa yoqqa aylanib ketdi. Dadam eski paxtaligini kiyib, kechqurungi
smenaga ishga jo‘nadi. Biz — aka-ukalarga jon kirdi. «Qushim boshi» o‘ynadik, o‘rta
barmoqni topish o‘ynadik. Oxiri o‘yindan o‘q chiqdi. «Oshxo‘rakam kaptar»
o‘ynayotganimizda akamning boshi ukamning boshiga qattiqroq urilib ketdi shekilli,
ukam arillab yig‘lay boshladi. Oyim bilan opam koyib-koyib, joy solib berishdi. Hamma
uxlab qoldi. Men bo‘lsam anchagacha uxlolmay yotdim. Bir mahal tashqarida chaqmoq
chaqdi. Ketidan momaqaldiroq gulduradi. Sharillab jala quyib yubordi.
— O‘lsin, — dedi oyim o‘rnidan turib. — Chakka o‘tyapti.
Opam ikkovlari tokchadan tovoqlarni olib chakka o‘tadigan joyga qo‘yishdi. Ko‘zimni
yumib yotsam ham qayerdan o‘tishini bilaman. Burchakda, sandiqning oldidan, keyin
kavshandoz yaqinidan o‘tadi.
Opam bilan onam yana joylariga kelib yotishdi. Opam deraza tagiga, oyim — ukamning
yoniga. Men bo‘lsam chakkaga quloq solib yotibman. «Chak-tik-puk», «Chak-tik-puk...»
Chakillayveradi, chakillayveradi, xuddi soatga o‘xshaydi. Faqat ohangi har xil: «chak-tik-
puk...»
Endi ko‘zim ilingan ekan, opamning xo‘rsinganini eshitib yana uyg‘onib ketdim.
— Nimaga kelishaveradi, oyi!
— Sovchimi? — dedi oyim. — Keladi-da, qizim. Qizlik uy — bozor. Shoh ham keladi,
gado ham. Birovning eshigiga umid bilan kelgan odamni xafa qilish gunoh.
Oyimning uyqusi o‘chib ketdi shekilli, ovozini ancha balandlatib gapira boshladi.
— Qadim zamonda bir saxoba o‘tgan ekan. Oy desa oyday, kun desa kunday, yakkayu
yagona qizi bor ekan. Bir kuni uch joydan uch sovchi kepti. Saxoba sovchilarning dili
og‘rimasin, deb uchalasigayam rozilik berib yuboribdi. Keyin nima qilishni bilmay,
Xudoga nola qipti. O‘zi bittayu bitta qizim bo‘lsa, uch joyga so‘z berib qo‘ygan bo‘lsam,
endi nima qilaman, deb yig‘labdi. Shunda Xudoning rahmi kelib bir kechada saxobaning
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |