www.ziyouz.com
kutubxonasi
21
— Kecha mani shundoq so‘kdi, shundoq so‘kdi, yigitgina o‘lgur! — Kelinoyi ikki qo‘li bilan
sharaqlatib soniga shapatiladi. — Onamni so‘kdi-ya, bo‘yginang go‘rda chirigur.
— Qo‘ying, xafa bo‘lmang, — deb onam uni yupatishga urindi.
— Nimaga xafa bo‘lmas ekanman? — Kelinoyi yana ham qattiqroq shang‘illay boshladi.
— Kechqurun o‘sma ezib qo‘yuvdim. Shu savil qurib qolmasin, deb qoshimga qo‘ya
qoluvdim. Ha, moshkichiri jindak tagiga olib, qotib ketibdi. Shungayam ota go‘ri qozi-
xonami? «Pardoz-andoz qilgandan ko‘ra ovqatingga qarasang o‘lasanmi!» deydi-ya,
go‘rso‘xta! Ha, pardoz qilsam, o‘ynashimga qipmanmi, qirchiningdan qiyilgur!
Qirmochmi, balomi, zahringga yeyavermaysanmi, yergina yutgur! Xah, onamni so‘kkan
tillaring tanglayingga yopishgur! Tag‘in nima deydi, deng? Aybni menga to‘nkaydi: tiling
bir qarich, deydi. Voy, tilimni gapirgan tillaring jodida qiyma-qiyma bo‘lsin-a. Yeldek
kelib, seldek olmasa aslo rozimasman!
— Qo‘ying, ovsinjon, — onam ma’yus jilmaydi. — Oshsiz uy bor, urishsiz uy yo‘q...
Qarg‘amang bechorani.
— Voy nega qarg‘amas ekanman? Og‘zi-burningdan laxta-laxta qoning kelgurni, nega
qarg‘amas ekanman? Ketaman!
— Olti bola bilan qayoqqa borasiz, ovsinjon? — dedi onam kulimsirab. — Jo‘jabirdek
jonsiz. Shularning shukurini qilsangiz-chi.
— E, oltita bolamni oydinda oyog‘im bilan boqib olaman. Oyiginamning tor qorniga
siqqan keng uyiga sig‘maymanmi? Birov mani ko‘kragimdan itarmas. Mana shu ajalning
tig‘i parroniga uchragur bilan turgandan ko‘ra... — Kelinoyi birdan jimib qoldi.
Kipriklarini og‘ir-og‘ir pirpiratib onamga uzoq tikil-di-yu, ovozi pasaydi. — Voy,
yuzingizga nima qildi?
— O‘tin tegib ketdi, — dedi onam sekingina. — Qarasam, o‘tin o‘lgur qolmabdi. Bolalar
o‘qishda, adasi ishdalar. Ko‘zliroq sarjin ekan, tesha bilan urganimni bilaman... — Onam
qovog‘ini silab qo‘ydi. — Adasi ishdan kelib juda xafa bo‘ldilar. «Birpas sabr
qilmaysanmi, o‘zim yorib bermaymanmi», dedilar.
Men turgan joyimda qotib qoldim. Onam yolg‘on gapirardi. Yolg‘on gapirardi-yu, negadir
bu menga juda yoqar edi...
— Ana! — Kelinoyi tag‘in shang‘illadi. — Sizning eringiz o‘tiningizgacha yorib beradi.
Maniki bo‘lsa, bir paqir suv olib kelmaydi, qo‘lginang sinib, akashak bo‘lgur. Uyim-joyim
deb bo‘ynini egmaydi, bo‘yniginang kesilgur, eshshak! Xudoyo bo‘yniginang hazrati
Alining qilichida kesilmasa, u dunyo-bu dunyo rozimasman-a!
Ortiq qarab turolmadim. Negadir yig‘lagim keldi.
...Hozir ham eri sal qovog‘ini solsa, «melisa» bilan qo‘rqitib, «o‘n besh sutkani» pesh
qiladigan ba’zi xotinlarni ko‘rsam, onamning qanoatini, Kelinoyining qarg‘ishlarini
eslayman.
Do'stlaringiz bilan baham: |