MAHALLANING «SHAYXI»
Qachondir uning ismi bo‘lsa bo‘lgandir. Biroq mahallada hech kim uning otini bilmaydi.
Hamma Shayx deb chaqiradi.
Aytishlaricha, urush paytida bir beva xotin besh-olti yoshlardagi bolasi bilan shu yerga
kelib qolgan. Insofli odamlar bevaga choyxona yonboshidagi pastak hujrani ajratib
berishgan. Bola bari bir bola-da. Bahorda hujraning tomiga chiqib varrak uchirayotgan
ekan, varrak havolagan sayin qiziqib ketib ipni torta-torta tisarilib boribdi-yu, tomdan
chalqanchasiga yiqilib tushibdi. Sho‘rlik onaning dod-faryodiga choyxo‘rlar yopirilib
chiqishsa, bolaning boshi yorilib, qonga belanib yotganmish. Hoji buvi uning boshiga
kigiz kuydirib bosibdi, qorakuya suribdi, haytovur, bola tuzalib ketibdi. Faqat esi
aynibroq qolibdi. O‘shandan buyon hech kim uning biron marta yig‘laganini ko‘rmagan.
Qachon qarasangiz, iljayib turadi. Iljayganda ham tilining uchi og‘ziga sig‘may doim
chiqib turadi. Shundan bo‘lsa kerak, onda-sonda ustara tegadigan do‘rdoq labining ikki
cheti oqarib yotadi. Urushdan keyin onasi vafot etadi-yu, Shayx yolg‘iz qoladi. Eski
choyxona buzilganida ularning hujrasidan ham nom-nishon qolmadi. Biroq Shayx
ko‘chada qolgani yo‘q. Mahalladagi hamma uy Shayxniki. Uning uchun hamma eshik
ochiq. U biznikiga ham tez-tez kelib turadi. Onam bilan uzoq-uzoq gaplashganini
ko‘rardimu onam bu devona bilan nimani gaplashishiga aqlim yetmasdi.
Jamiki to‘y, jamiki ma’raka Shayxsiz o‘tmaydi. Uning o‘z vazifasi bor: samovar qo‘yadi.
Xotinoshida mahalla otini, nikohu bazmlarda to‘yboshi erkaklar Shayxning xizmatiga
muhtoj.
— Shayx, to‘rt choynak choy! Uch choynak famil, bir choynak ko‘kidan bo‘lsin.
— Hodzir...
Shayx g‘alati gapiradi, «z»ni aytolmaydi, «dz» deydi, «s» deyolmaydi, allaqanday «ts»
qilib aytadi.
— Shayx tezroq! Nozik mehmonlar kelib qoldi.
Shayx shoshilmaydi. Ishini bilib qiladi.
— Tsekin. Nodzik bo‘tsa, o‘dziga, — deydi iljayib.
Odamlar ranjimaydi. Shayxning puxtaligini bilishadi. Shuncha yildan beri bironta to‘yda
choynak darz ketmagan, biron mehmon choysiz qolmagan.
U faqat pivo ichadi. Ko‘p emas, ikki shishagina. To‘y egalari Shayxning ulushini alohida
ajratib qo‘yishadi. To‘y tarqashi oldidan, xizmatini qilib bo‘lgandan keyin Shayx shishani
og‘ziga qo‘yib pivo ichib oladi-da, birdan o‘yinga tushadi. Yoqavayron bo‘lib, og‘zidan
ko‘pik sachratib xo‘p o‘ynaydi.
Odamlar qarsak chalgan sayin balandroq sakraydi:
— Bo‘sh kelma, Shayx!
— Malades, Shayx! Orangutan bo‘p ket-e!
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |