www.ziyouz.com
kutubxonasi
13
Men qoqaman. O‘qituvchi ko‘rinib qolsa, hushtak chalasan.
Yong‘oq, hech qoqilmagani uchun bo‘lsa kerak, g‘uj-g‘uj bo‘lib yotardi. Qahramon bir
kesak otgandayoq o‘ntachasi duv etib to‘kildi. U ikki cho‘ntagini to‘ldirib oldi-da, kattaroq
kesakni olib, yana otdi. Bu safar mo‘ljali xato ketdi shekilli, qars etgan tovush eshitildi.
Teplitsa oynasi chil-chil sindi. Nima bo‘lganini anglab yetgunimcha, Qahramon lip etib
g‘oyib bo‘ldi. Shu payt birov qo‘limdan mahkam ushlab tortdi. Qarasam, sinf rahbarimiz.
Maktabdagi eng badjahl o‘qituvchi shu edi. Qo‘rqib ketdim.
— Nima qilding? — deb so‘radi u darg‘azab bo‘lib.
— Hech nima, — dedim tovushim titrab.
U qo‘limni qo‘yib yubormay, sudrab ketdi. O‘qituvchilar xonasiga olib borsa kerak, deb
battar qo‘rqib ketdim. Biroq u idoraga emas, sinfimizga yetaklab kirdi. Qiy-chuv
qilayotgan bolalar bir zumda jimib qolishdi. O‘qituvchi partalar orasidan yetaklab o‘tib
meni doska oldiga turg‘azib qo‘ydi. Sekin Qahramonga qaradim. Begunohgina bo‘lib
derazaga qarab o‘tiribdi.
— O‘rtoqlaringni oldida ayt! — dedi sinf rahbarimiz dona-dona qilib. — Hozir nima
qilding?
— Hech nima, — dedim yerga qarab.
— Teplitsani kim sindirdi?
— Bilmayman.
— Bilmaysanmi? — O‘qituvchi qahr bilan ovozini balandlatdi. — Bo‘lmasa, kim tosh otdi?
Tomog‘imga bir nima tiqilib turar, gapirsam yig‘lab yuborishimni bilar edim.
— Kim?! — dedi o‘qituvchi battar g‘azablanib.
Labimni tishlagancha bosh chayqadim.
— Mana bu, — dedi u barmog‘ini menga nuqib, — qilg‘iliqni qilib qo‘yib, tonyapti. —
Uning ovozi birdan pasaydi. — Bolalar, uning yong‘oqqa tosh otganini hech kim
ko‘rmadimi?
Iltijo bilan o‘rtoqlarimga qaradim. Hamma jim edi.
— Sen-chi? — dedi o‘qituvchi ovozi tovlanib. — Sen ham ko‘rmadingmi, Qahramon?
Qahramon sekin o‘rnidan turdi.
— Ko‘rdim, — dedi ming‘illab. — O‘zi otdi.
Ko‘z o‘ngim qorong‘ilashib ketdi. Uning nima deyayotganini yaxshi eshitmasdim. Faqat
bitta gap qulog‘im ostida jaranglab turardi: «Ko‘rdim, o‘zi otdi».
— Xayriyat! — o‘qituvchi bosh silkidi. — Oranglarda hech bo‘lmasa bitta mard bor ekan.
O‘tir, Qahramon. — U menga yuzlanib davom etdi. — Sen yolg‘onchisan! Yolg‘onchi
bo‘lganing uchun qo‘rqoqsan. Dadangga borib ayt, hoziroq oynani joyiga keltirib qo‘ysin.
Ko‘zimga yosh quyilib kelar, butun sinfga, butun maktabga eshittirib hayqirgim kelardi:
«Men emas, o‘zi otdi, o‘zi sindirdi! Ishonmasanglar cho‘ntagini qaranglar!» Shunday
degim kelardi-yu, negadir ovozim chiqmasdi. Sinfdan otilib chiqib ketdim. Ko‘chaga
chiqqandan keyingina yig‘lab yubordim. Uyga kelib entika-entika hammasini oyimga
aytib berdim. Oyim boshimni silagancha, ohista yupatdi:
— Qo‘yaver, o‘g‘lim. Ba’zan shunaqasi ham bo‘ladi. Faqat o‘zing unaqa qilma.
Ko‘rdingmi, yolg‘on gapirgani uchun o‘rtog‘ingni yomon ko‘ryapsan. Agar yolg‘on
gapirsang seniyam hamma yomon ko‘rib qoladi.
...Student edim. Farishtadek go‘zal, farishtadek pokiza bir qizni sevib qoldim. Oy sutdek
yorug‘ nur sochgan oqshomlari uzoq sayr qilardik. Bizning «o‘z» xiyobonimiz, «o‘z»
anhorimiz, «o‘z» skameykamiz bor edi. Keyin... negadir u mendan o‘zini olib qochadigan
bo‘lib qoldi. Xayol suradi, ko‘zini yashiradi...
Aybim nimaligini bilolmasdim. Hasratimni eng yaqin do‘stimga aytardim. Do‘stim bilan
tanaffus paytlari to‘rt tiyinlik studentlik somsasini bo‘lishib yerdik. Paxtaga, hasharga
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |