www.ziyouz.com
kutubxonasi
12
— Urush kino ekan.
Akalarim kinoga borsa, men qarab turarmidim.
— Men ham boraman, — dedim qaysarlik bilan.
— Bo‘pti, borasan. Aytgan ishlarimizni hammasini qilsang, oboramiz.
Shu kuni nima yumush buyurishsa, oyog‘im olti, qo‘lim yetti bo‘lib yugurib yurdim.
Yong‘oqqa bog‘lab qo‘yilgan echkini ikki marta sug‘ordim, hovlidagi supaga to‘shalgan
bo‘yra ustiga yoyilgan turshaklarni qush talamasin deb qo‘riqlab o‘tirdim... Hatto
rogatkamning rezinkasini uzib, ukamga ishtonbog‘ qilish uchun berdim.
Kechqurun qulog‘imni ding qilib turgan edim, ko‘chada qo‘shni bolalar chaqirib qolishdi.
Akalarimga ergashib yugurdim. Akamning Damin degan o‘rtog‘i meni ko‘rib so‘radi:
— Sen qayoqqa?
— Kinoga! — dedim ishonch bilan.
Damin o‘ylanib qoldi.
— Bo‘lmasa, botinkangni kiyib chiq, — dedi oyog‘imga qarab.
Hammamiz yalangoyoq edik.
— Botinkani nima qilaman?
— Devordan oshib tushamiz, bildingmi! — Birdan Daminning jahli chiqib ketdi. —
Qorovul quvlasa, yantoqzordan qocha olasanmi? Chop, kiyib chiq! Biz kutib turamiz.
Otilib hovliga kirdim.
Oyim cho‘nqayib o‘tirib, echki sog‘ayotgan ekan. O‘tirgan joyida shu saratonda botinka
nimaga kerak bo‘lib qolganini surishtirdi.
— Kerak! Kerak! — dedim nafasim tiqilib. Oyimning javobini ham kutmay bostirmaga
yugurdim. Eski lash-lushlar qalashib yotgan sandiqni kavlashtirib, poshnasi qiyshayib
ketgan botinkamning bir poyini topdim. Aksiga olib ikkinchisi yo‘q edi. Hammayoqni
ag‘dar-to‘ntar qilib tashladim. Mana, nihoyat ikkinchisi ham topildi. Ikki poy botinkani
ikki qo‘limda ushlagancha ko‘chaga chopdim. Chiqsam... Akalarim ham, bolalar ham
yo‘q. Meni kutishga va’da bergan Damin hammani boshlab ketganini tushundim.
Yalangoyoq tuproq sachratgancha katta ko‘chaga yugurdim. Yo‘q, hammayoq jimjit
edi...
Hovliga qaytib kirdimu botinkalarni yerga uloqtirgancha yig‘lab yubordim. Ilgari hech
qachon bunaqa alam bilan yig‘lamagan bo‘lsam kerak, oyim qo‘rqib ketdi.
— Nima bo‘ldi? — dedi tepamga kelib.
— Meni aldashdi!
— Kim, nimaga?
— Aldashdi! Aldashdi! — Boshqa gap aytolmasdan nuqul shu so‘zlarni qaytarar, yer
tepinib yig‘lar edim.
— Aldashdi! Aldashdi!
Oyim sut hidi anqib turgan qo‘llari bilan peshonamni siladi.
— Qo‘yaver, o‘g‘lim. Ba’zan shunaqasi ham bo‘p turadi. — U bir zum jimib qoldi-da,
sekin qo‘shib qo‘ydi. — Faqat o‘zing bunaqa qilmagin, xo‘pmi?
...To‘rtinchi sinfda o‘qiyotganimda yana bir voqea bo‘ldi. Bir sinfda o‘qiydigan, bir
partada o‘tiradigan o‘rtog‘im bor edi. Uning dadasi urushdan qahramon bo‘lib kelgan,
o‘zining oti ham Qahramon edi. Otasi qahramon bo‘lgani uchunmi, o‘qituvchilar uni
yaxshi ko‘rishardi. Maktabimiz hovlisida yong‘oq ko‘p bo‘lardi. Katta tanaffusda
o‘qituvchilarning ko‘zini shamg‘alat qilib, yong‘oq qoqardik. Faqat issiqxona yonidagi
yong‘oqqa kesak otishga hech kim jur’at qilmas, oyna sinsa, oqibati yaxshi bo‘lmasligini
bilardik. Bir kuni katta tanaffusda Qahramon o‘sha yoqqa boshlab qoldi.
— Qo‘ysang-chi, — dedim uning qo‘lidan tortib. — Teplitsaning oynasi sinadi.
— Shunaqa qo‘rqoqmisan! — Qahramon kuldi. — Bunday qilamiz. Sen qarab turasan.
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |