UMIDNING UMRI UZOQ YOXUD HALINCHAK UCHAYOTGAN QIZALOQ
— Iltimosingiz inobatga olindi, — dedi tovarish Yak menga. — Ertaga ertalab Xalq tabobati ilmiy
tadqiqot markazida bo‘lishimiz kerak.
Sira esimdan chiqmaydi: «Shu yoshda-ya! — degan edi daroz do‘xtir qog‘ozlarimni ko‘zdan
kechirarkan, tashvish bilan bosh chayqab. — Koxlear nevriti.Davolash qiyin. Juda qiyin. Bedavo desa
ham bo‘ladi». O’shanda u ko‘zimga azroildek ko‘rinib, bo‘g‘ibgina o‘ldirgim kelgani rost. Tamagirlik
qilyapti, deb o‘ylaganman. Ana, Shavkatga (rahmatli Shavkat Rahmonga) sha’ma qilgan-ku: «O’sh
tomonlarda qazi boshqacha bo‘ladi, deb eshitaman...»
Afsuski, uning gapi to‘g‘ri chiqdi. Bormagan joyim, uchramagan do‘xtirim qolmadi hisob. Bu yog‘i
har turli tabibu jodugaru afsungargacha. Quloqning orqasiga cho‘g‘ joylab puflab turadigani deysizmi,
kallangizni g‘alvirsimon qasnoqqa solib bichimini to‘g‘rilaydigani deysizmi, baroq qoshlari ostidagi
chag‘ir ko‘zlari bilan kiprik qoqmay basharangizga tikiladigan nigohiy tabibmi — hammasi shuning
ichida. Quloqdagi chingillashmi, shang‘illash esa miyani ham ishg‘ol etgudek tobora kuchayib borardi.
Goho toqat qilib bo‘lmaydigan darajaga yetadi. Tanasi boshqa odam buni tasavvur etmog‘i qiyin,
albatta. Ba’zilar hatto dosh berolmay joniga qasd qilmoqqacha ham borar ekan. Necha o‘n yillab
quloq-miya beto‘xtov shang‘illab tursa, qaysi mard chidaydi bunga, axir!
Shu yo‘ldagi yelib-yugurishlarim butunlay zoe ketmasin, ko‘rgan-bilganlarimni nishxo‘rdga
chiqarmayin debmi, «Shovqin» degan kechmishnoma roman ham boshladim. Quloq-miyadagi balo
battar zo‘rayib, diltanglik ortib, ish yurmadi. Keyin bunga boshqa «shovqin»lar ham qo‘shildiyu
qo‘lyozma chala qolib ketdi.
Hayotimdagi eng katta tashvish — shu darddan qutulish bo‘lib qoldi. Endiliqda quloq-miya
shang‘illamasa qanday bo‘lishini tasavvur ham qilolmayman. Miya yep-engil bo‘lib qolsa kerak-da.
Kallasi «top-toza», g‘uvillash-shuvillashni bilmaydigan odamlar ham bor-a! Buning naqadar baxt
ekanini bilarmikan ular? Basharti quloq-boshimdagi shovqin bir zum tinsa, bilmadim, yo turgan
joyimda yiqilib tushsam, yo esimni yo‘qotib qo‘ysam kerak. Qo‘rquvdan!
Holbuki, bunday bo‘lmasligi aniq — deylik, barmoq qurib qolsa yoki biror falokat bilan uzilib
tushsa, qayta jonlanib, o‘sib chiqmaydi-ku! «Oxiri nima bo‘ladi?» deya gangib so‘raganimda daroz
do‘xtir «Oxiri... nima qilasiz, ko‘nikasiz-da. Boshqa iloji yo‘q», deb hukm o‘qigan edi. Keyin qazi-
pazidan so‘z ochmay (Surxondaryoda qazi qilinmasligini bilsa kerak, tandirkabobni ta’riflamoqning esa
mavridi emas — dardim o‘ta jiddiy, bedavo!), erinmasdan tekin tushuntirgan: «Shamollash-
pamollashni oyoqda o‘tkazgan ko‘rinasiz. O’shaning asorati. Ichki quloqning tovush qabul qiluvchi
hujayralarida yallig‘lanish hosil bo‘lgan. Natijada to‘qimalar jonsizlangan, karaxt. Ularni tiriltirishga esa
hozircha tibbiyotimiz ojiz. Nachora, shunday».
Mo‘‘jiza ro‘i bersa-chi? Axir, mo‘‘jiza degan gaplar ham bor-ku olamda! O’shandan beri qachon
uzoq-yaqin biror safarga otlansam, ko‘nglimda umid, ilinj g‘imirlab qoladi: balki, zora, shoyad... Bu
yurtda ham qadam qo‘yiboq dardimni tovarish Yakka aytib o‘tingan edim, u har gal so‘raganimda
«ana-mana» deya paysalga solib kelardi. Qandaydir bir mo‘ljali bo‘lganmi, bugun endi,
o‘zboshimchaligimiz uchun koyish, tanbeh berish o‘rniga meni xushxabar bilan kutib turibdi.
Chapaklar yoki chalpaklar mamlakati (qissa). Erkin A’zam
Do'stlaringiz bilan baham: |