DIQQINAFAS ELCHI
— Rossiya elchixonasida nima bor, sizlar mustaqil davlat vakilisizlar-ku? — dedi tovarish Yak.
— Gap shunda-da, — dedim men. — Birinchidan, yaqin kelajakda biz bu yerda elchixona ochish
niyatidamiz, binobarin, elchixona faoliyati va mavjud shart-sharoitlar bilan tanishmog‘imiz darkor.
Ikkinchidan, o‘zingizga ma’lumki, yaqindagina biz ham sobiq Ittifoq tarkibida edik, binobarin, bu
elchixonada bizning ham haqimiz, ulushimiz bor!
Noiloj qolganidan «Bo‘pti, ko‘ramiz, o‘ylashib ko‘ramiz» deya va’da qilgan rohbonimiz so‘nggi
kunga qadar bizni Rossiya elchixonasiga yo‘latmaslikning har chorasini ko‘rdi desa bo‘ladi. Xorijiya
vazirligida ishlaydigan batartib, pishiq-puxta odam, har gal elchixonaning telefon raqamini bilib
bermoqni va’da qiladi-yu, keyin bundan so‘z ochsangiz, yo chap qoshini kerib mujmalgina kulimsirab
qo‘yadi, yo gapni chalg‘itmoqqa urinadi. Bunda bir asror ko‘rib, bizning elchixonaga qiziqishimiz battar
ortar, fikr-zikrimiz u yerga borish bo‘lib qolgan edi. Bormoq uchun esa, telefon orqali bo‘lsin,
shartlashib olmoq lozim.
Bir kuni tovarish Baxtiyor hovliqib xonamga kirdi: bekorchilikdan stoli g‘aladonidagi allaqanday
ma’lumotnomani varaqlayotib Rossiya elchixonasining telefon raqami chiqib qolibdi! Mening xonamda
telefon apparati ikkita edi, ikkalasi ham ko‘rgazmaga qo‘yadigan qimmatbaho. Biri ichki — tovarish
Yak yoki tovarish Baxtiyor bilan bog‘lanish uchun, ikkinchisiga ishim tushmagan — shahar telefoni
bo‘lsa kerak. O’sha telefonni oldimizga qo‘yib olib elchixonaning raqamini termoq bo‘lsak, apparatda
hech qanday sas-sado yo‘q. Engashib bunday qarasak, telefonning simi allaqayga mahkamlab
qo‘yilgan-u, lekin boshqa simga ulanmagan. Obbo, buyam xo‘jako‘rsinga ekan-da! Pastga —
vestibyulga tushdik: harqalay, u yerdagi devor telefonlari xo‘jako‘rsinga emasdir? Shisha «soyabon»
ichiga kirib raqamimizni tergan edik, kimdir u yoqdan tovarish Yakning lahjasida nimadir deb
chuldiradiyu telefon daf’atan o‘chib qoldi. Vestibyulning narigi boshidagi telefonga qarab chopdik. Bu
yerda ham xuddi o‘sha ahvol. Shu taxlit uchtami-to‘rtta telefonning «unini o‘chirib» turganimizda lop
etib qarshimizda tovarish Yak paydo bo‘ddi. Basharasida tanish masxaraomuz tirjayish, «Ha,
tovarishlar, aylanib yuribsizlarmi?» deydi hech narsa bilmagandek. «Yo‘q, elchixonaga telefon
qilmoqchi edik, tergan raqamimizning qaltisligidanmi, bu matohlaring birin-birin ishdan chiqib
qolyapti, sababi nima?» deya olmadik, chunki «jinoyat» ustida qo‘lga tushganimiz aniq edi. Darvoqe,
tovarish Yak ishning beliga tepmaganida, musofirxonadagi bor telefonni mana shu tarzda «buzib»
chiqmog‘imiz muqarrar edi.
— Nega bu telefonlaringiz ishlamaydi? — dedim tap tortmay, daf’atan o‘jarligim tutib.
— Nega ishlamas ekan, ishlaydi! — deya mehribonimiz «soyabon» ichiga kirib allaqanday raqamni
terdi-da, go‘shakni menga uzatdi: — Mana, marhamat...
Darhaqiqat, go‘shakda kimdir chuldirab turardi. Demak, gap telefonda emas, teriladigan raqamda
ekan!
Chapaklar yoki chalpaklar mamlakati (qissa). Erkin A’zam
Do'stlaringiz bilan baham: |