www.ziyouz.com кутубхонаси
2
yerda ham o‘zlarini shunday tutishadi — ozod, erkin. Vatanlarida-chi, vatanlarida qanday?
Saroydek keladigan bu muhtasham restorandagi bor-yo‘q xo‘randa shugina edi. Qolganlar kecha
jo‘nab ketgan. «Uchinchi dunyo» mamlakatlari qalam ahlining navbatdagi nechanchidir anjumani
yakun topdiyu hamma yurt-yurtiga qaytib ketdi. Anovi orolliklaru manovi olazarak bashang zanjidan
boshqa yana ikki kishigina qolgan: menu tovarish Baxtiyor. Butun boshli restoranda. Yo‘q, butun
boshli musofirxonada. Ikki qanotdan iborat, qirq besh qavatli osmono‘par azamat binoda. Poytaxtdagi
eng ma’lumu eng mashhur musofirxonada. Bor-yo‘g‘i ikki musofir. Yo‘q-yo‘q, butun boshli
mamlakatda. Darvoqe, bu orada ulug‘ homiylari bo‘lmish qo‘shni o‘lkada istiqomat qiladigan o‘zlariga
o‘xshash bodomqovoq sobiq vatandoshlari — bir guruh qari-qartang ham ziyoratga kelib ketdi.
Bo‘yinlariga fotoapparat osgan, kampirsholari shim kiygan (bu yerda rasm emas, hatto qat’iy
taqiqlangan) bu ajnabiy sayyohlar ikki kunmi turib, musofirxona tolorlari bo‘ylab anqayib yurib, o‘zaro
chuvur-chuvurlashib, yosh bolalar kabi saf-saflashib belgilangan manzillarini ko‘rib, lekin hech
narsaga tushunmay, birorta ham jo‘yali surat ololmay, hayron bo‘la-bo‘la qaytib ketishdi. Bu yerda
qolgani yana o‘zimiz bo‘ldik — menu tovarish Baxtiyor. Ikki musofir. Olis-olislardan kelgan ikki nochor
musofir. Butun boshli ulkan musofirxonada. Yo‘q, butun boshli Chapaklar mamlakatida. Sababi ne,
buni ayting, tovarish muxtor vakil?
Masalaga siyosiy tus berib vahima qilmang, tovarish Erkin aka! Bizga o‘xshab qiyiqko‘z emassiz-ku,
ko‘zingizni kattaroq ochib qarang! Atrofingizda boshqalar ham bor! Masalan, musofirxona
xizmatchilari, yuzdan ortiq odam! Bari sizning, siz aziz mehmonning xizmatida, bilib qo‘ying!
Anjuman tugab, ahli mehmon jo‘nab ketganidan beri ahvol shu. Kunda uch mahal tamaddi qilgani
shu yerga kiramiz. Yeydigan taomimiz bir xil, aniqrog‘i, lug‘at boyligimizga yarasha. Ya’ni — dengiz
ne’matlari, baliq, baliq va yana baliq: qovurilgan, qaynatilgan, bug‘langan, bijg‘itilgan va hokazo, lekin
bari baliq. Goho-goho qisqichbaqayu chuvalchanglar ham aralashib turadi. Iloj qancha, dengiz
ne’mati! Chuchvaraning xomini ham, pishganini ham uyingizda yeysiz! Buyurtmani tovarish Baxtiyor
beradi. Men unga umid bilan tikilaman: yosh, o‘rischa o‘qigan, inglizchani ham bilsa kerak. U
kelganimizdan beri allaqanday lug‘atni yonidan qo‘ymaydi, biroq ovqat mahali bor bilimi esidan chiqib
ketadimi, nuqul — «fish» (baliq), «chiken» (qovurma jo‘ja go‘shti), «ti» (choy) yoki «bia» (pivo). Ko‘r
bo‘llaring! Yashasin «ikkinchi ona tilimiz» — o‘ris tili!
Har gal yemakxonaga kirayotganimizda ikki bukilib ta’zim bilan jilmaygancha «Saida» kutib oladi.
Qo‘lidagi barkashchada bug‘i chiqib turgan nam sochiqchalar. Taom oldidan qo‘llarimizni pokizalab
olishimiz lozim. Durust. O’zimizdagidek. So‘ng yana bir tizza bukib, ichkariga ishora qiladi:
«Dasturxonga marhamat etsinlar!» Bunisi ham tuzuk. Ovqat mahali ham eshik oldida qaqqayib,
xo‘randalarning imosiga mahtal holda turadi. Barakalla. Biz u bilan allanechuk qadrdon bo‘lib
qolganmiz. Birinchi kundanoq. Unga ko‘zim tushganda men, odatimcha, xuddi yosh bolani
kuldirmoqchidek jo‘rttaga aftimni burishtiraman. «Saida» bunga javoban shunday yoqimli
jilmayadiki... E, yashang-e, Yo‘ldosh aka, koinot kemalari bahona, bir g‘ayrat qilib shu yoqlarga ham
kelib ketgan ekansiz-da!
Saida — qo‘shnim Yo‘ldosh akaning qizi. Juda serg‘ayrat, o‘g‘il bolaga o‘xshagan qiz. Maktabda
katta o‘g‘lim bilan birga o‘qigan. Yili — ot. Kayfiyatim qanday bo‘lmasin, ko‘cha-ko‘yda uni ko‘rsam,
dilim o‘z-o‘zidan yorishib, aftimni boyagidek burishtirib go‘yo mayna qilgan bo‘laman, u ham xuddi
shunday javob qilib jilmayadi. Otasi bilan tengdosh, xiyla qadrdon edik. Bir-birimizni «aka-aka»lab
izzat qilardik. Juda uddaburon, yovqur yigit edi rahmatli. Hovlidagi barcha yumush-yurishlarning
boshida turardi. To‘satdan qoni aynib, devdek yigit, mushtdek bo‘lib qoldi. Bir yilga yetar-etmas
olamdan o‘tdi. Koinot kemalari uchiriladigan joylarda xizmat kilgan ekan, boyoqish.
Xo‘sh, Saida qanday kelib qoldi bu yoqlarga? Yo bu «Saida» u yoqlarga borib qolganmikan? Bir-
biriga o‘xshagan odamlarning fe’lida ham o‘xshashlik bo‘larkan-da, tavba. Buning ham yili ot bo‘lsa,
buning ham oti «s»dan boshlansa ajab emas. Lekin buni so‘raydigan mard qani? Tovarish
Baxtiyorning esa holi ma’lum: chiken, piken, fish, bia. He, o‘qigan o‘rischangdan akang!
«Saida»ga qaraymanu Saidani eslayman, Yo‘ldosh akani, Qorasuv mavzeidagi hovlimizni, uyimni,
Chapaklar yoki chalpaklar mamlakati (qissa). Erkin A’zam
Do'stlaringiz bilan baham: |