Chapaklar yoki chalpaklar mamlakati (qissa). Erkin A’zam
www.ziyouz.com кутубхонаси
1
Erkin A’zam
CHAPAKLAR yoki CHALPAKLAR MAMLAKATI
Kommunizmdan reportaj
Qissa
JAHONGASHTA ZANJINING SABOG’I
Sotsializm sharoitida o‘tayotgan oltinchi kunimiz edi.
Sizu biz bu tuzumning nimaligini bilamiz, albatta — non-namagini yeb katta bo‘lganmiz. Ammo
hozir ko‘z o‘ngimizdagisi butkul bo‘lakcha edi. O’ziga xos. Avvalgilariga o‘xshamas. Bu mamlakatda
shu tuzumning otasi ham, onasi ham, sohibu rahnamosi ham birgina kishi — tamal toshini qo‘ygan
ham o‘zi, barpo etgan ham o‘zi, o‘lgudek bahramand bo‘lib kelayotgan ham o‘zi. So‘z ulug‘ dohiy
tovarish Xon Man Men ustida ketayotir. Bu yurtda har bir toshu har giyoh shu zotning uch bo‘g‘indan
iborat sharafli nomi bilan bog‘liq. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Aslo.
Qarg‘a bulbul bo‘lolmas. Bo‘laman deb buti yirtilibdi. Bo‘laman deb bo‘g‘ilib o‘libdi. Yo‘q, qarg‘a
bulbulga havas qilib zag‘chaga aylanib qolganmish. Bu ta’biru taqqoslar nechog‘li o‘rniga tushdi yo
tushmadi — boshqa masala. Gap bunda emas hozir. Biroq har qanday nusxa, taqlid ko‘pincha
asliyatdan yorqinroq, mukammalroq, ayniqsa, serda’vo bo‘lishi ayon. Goho shu qadarki, asliyatga xos
mohiyat huv chetda qolib ketib, tamomila o‘zgacha bir manzara dunyoga keladi. Asliyatdan xabardor
kimsa, xabardori nimasi — qarg‘adan bulbul yasamoqqa uringan, uni tarbiyalab oyoqqa qo‘ygunicha
jigarlari xun bo‘lgan, goh ming turli hiyla-nayrang bilan, goh zulmu zo‘rlik bilan unga xonish o‘rgatgan
zot, deylik “xalqlar otasi” atalmish mo‘ylovdor dohiy bu manzarani ko‘rsa bormi, ehtimol, avval
azbaroyi mamnuniyat (o‘ttiz yillik zahmatlarining bir mevasi-da!), jonajon trubkasini huzur bilan bir
tortib qo‘yib, «Da-a! Xarasho, tavarish Xon Man Men!» degan, so‘ngra esa, uchlari tutundan
sarg‘aygan shopdek mo‘ylovini alam va nadomat bilan shartta yulib tashlagan bo‘lardi: «Men ham
yurgan ekanman-da, alohida bir mamlakatda sotsializm qurdim, deb!»
Ana shunday hasad qilgulik sotsializm ne’matlaridan bahramand bo‘lib (mubolag‘a yoki kinoya
qilinayotgani yo‘q) yashayotganimizning oltinchi kuni edi. Tushlik mahali qo‘shni stoldagi afrikalik
zanji biz tomonga bot-bot nazar tashlab qo‘yayotganini sezdim. O’zi qop-qora, libosi undan-da qora,
lekin bashang. Bo‘ynidagi qimmatbaho ipak bo‘yinbog‘ining uzunligidan chamalaganda xudo bo‘ydan
ham bergan bo‘lsa kerak. Devqomat. Aslzodalarga xos bir viqor bilan taltayib o‘tiribdi. Barmog‘ida
allambalo serbar uzuk, holsiragan kabi og‘zini kappa-kappa ochib sigaret tutatadi. Ikkinchi qo‘lidagi
zalvorli uzunchoq idishdan «bia» ho‘plarkan, tilla ko‘zoynagining qalin, ko‘kimtir oynasi osha bizga
qarab-qarab qo‘yadi. Sezishimcha, aynan bizga emas, negadir mening pijagim yoqasiga tikilgani
tikilgan. Men ham tekin, bebiliska «bia»dan ho‘playturib, zimdan sekingina yoqamga ko‘z tashlab
olaman. O’zbekiston bayrog‘ining o‘sha kezlarda endigina chiqqan mitti tasviri — znachok. Shunga
qarayapti shekilli. Nima kerak ekan?
Dengiz ne’matlarining hidiga to‘la yemakxona kechagi turfa mijozlarini qo‘msagan kabi ruhsiz
huvillaydi. To‘rdagi uzun stolda Ozodlik orolidan do‘stona yordamga kelgan tarjimonlar guruhi xuddi
o‘z uyidek bemalol (darvoqe, do‘stining uyi — o‘zining uyi-da!) shovqin-suron solib ovqatlanayotir.
Serzavq davra — yarmi erkak, yarmi ayol. Jami o‘n to‘rt kishi. O’n to‘rt tilning bilimdonlari. Barining
istarasi issiq, bari allanechuk jo‘shqin, quvnoq. Bir-ikkitasi musulmonga ham o‘xshaydi. Arabzaboni
qaysisi ekan? Anovi, stolning uchida to‘sdek qorasoch, qoramag‘iz juvonning kiftidan quchib sigara
burqsitayotgan tepakalu qirraburuni emasmi? O’zi ham arab-parab bo‘lsa kerak, ko‘zining oqidan
ma’lum. Shularga maza, bu yer o‘z uyidek gap, zeriksa — biqinida yelkasiga qo‘l tashlaydigani bor.
Ko‘pchilik. Yegan-ichganlari — hotamtoy birodarlarining bo‘ynida. Ba’zilari uyidan ham, oilasidan ham
bezor bo‘lib kelgandir. Yayrab-yayrab ketadi. Ozodlik orolining odamlari. Ozod, erkin odamlar. Bu