www.ziyouz.com кутубхонаси
5
lekin nimaga kerak? Harqalay, shuncha kun non-tuzini yebsiz. Yozmang».
Yozmadim.
Goho davralarda jahongashtalikdan gap ketib, har kim o‘zi borgan-ko‘rgan yurtlaridan naql qiladi.
Men ham «To‘ytepadan nari o‘tmagan» xonanishin emasman, dunyoning talay ko‘cha-ko‘ylarini
ko‘rdim. Ammo negadir har gal o‘sha o‘n kunlik safar taassurotlaridan so‘z ochaveraman. Eshitgan
birodarlar «E, shuni yozmaysizmi, rosa qiziq ekan!» deya qo‘zg‘ab qolishadi.
Yozmadim. Nima hojati bor? Uch
:
to‘rt yillik gap, xotiralar ham xiralashib ulgurgan. Yozmadim.
Osmonni suyab turganiga ham dunyoni xatlab bermas ekan. Bu orada yuz yoshlarga yaqinlashib
qolgan ulug‘ dohiy tovarish Xon Man Men olamdan o‘tib, mamlakat xalqi yetim qoldi. Yurtda bir necha
yillik motam e’lon qilindi. Motamga ham, yetim xalqqa ham birov bosh bo‘lmog‘i lozim. Kutilganidek,
«Sen yetim emassan!» deya xalqning boshiga «sevimli rahbar» tovarish Men Xon Man chiqdi. Ulug‘
og‘asining shon-sharaflarga burkangan tarixiy yo‘lini og‘ishmay, fidokorona davom ettirmoqqa
qasamyod qildi.
Yozmadim. Yangi, hali navqiron «sevimli rahbar»dan qo‘rqqanim, u o‘zigagina ma’lum g‘irrom bir
yo‘llar bilan bu yozmishlarimdan xabar topib, mamlakatlararo munosabatlarga putur yetishiyu (go‘yo
butun dunyo mening o‘sha tuzum to‘g‘risida nima deyishimga ko‘z tikib turgandek!) o‘zim tag‘in anovi
g‘irrom usullar bilan biron baloga giriftor etilishimdan cho‘chiganim uchun emas, albatta. Bu yog‘i
endi eski dard — tanballik, hafsalasizlik. Yozmadim.
«Sevimli rahbar»ning omadi chopmadi. Goh mamlakatni suv bosadi, goh tovarish Men Xon
Manning arzanda qizi kuyoviga qo‘shilib chet ellarga qochib ketib, tug‘ilgan yurtiga qarata malomat
toshlarini otadi. Xullas, huv ajoyib zamonlardagi tinchlik yo‘q endi, xotirjamlik yo‘q. Bamisoli bular bari
ulug‘ dohiyning ko‘hna vujudi bilan birga shahar markazidagi ulug‘vor maqbaraga eltib tiqilgandek.
Keyinroq radiodan yana noxush xabar eshitdim: ulug‘ dohiydan meros qolmish gullab-yashnagan
sotsializm o‘lkasida yoppasiga ocharchilik boshlanibdi, vabo tarqalibdi. Bahri muhit ortidagi eng xavfli
g‘oyaviy g‘anim hisoblanmish ulkan mamlakatdan bu yerga insonparvarlik yordami
yuborilayotganmish. Bu ham holva — ulkan mamlakat dunyoning qay burjida biror hodisa ro‘y
bergudek bo‘lsa, mudom aralashuvga tayyorligi ma’lum. Eng sharmandalisi shuki, ochlik changalida
qolgan mamlakat qon-qarindosh millatdoshi, ayni choqda qon-qattol dushmani sanalmish g‘arbiy
qo‘shnisidan madad so‘rayotganmish...
Bunday xabarlarni eshitgach, safarimizning so‘nggi tongi musofirxonaning yigirma oltinchi qavati
derazasi oldida turib kuzatganim — pastdagi hovlilardan birida beg‘am-betashvish halinchak
uchayotgan qizaloq, jajji qizaloq ko‘z oldimga keldi negadir. Unga nima bo‘ldi ekan? «Saida»chi, doim
jilmayib turadigan ta’zimkor «Saidam»? Yaxshimi, yomonmi, o‘n kunlik diqqinafas safarimiz davomida
ertayu kech yonimizda bo‘lgan, biz bilan tillashgan yakkayu yagona zot — tovarish Yakning ahvoli ne
kechdi ekan?
Jahongashta zanji bu yurtni «Dunyodagi eng zerikarli mamlakat» degan edi. Rostdan ham
shundaymidi? Darvoqe, nimasi zerikarli ekanining o‘zi qiziq emasmi?..
Do'stlaringiz bilan baham: |