www.ziyouz.com кутубхонаси
24
bo‘lsangiz, shimini yechib ketadi. Yechmay ko‘chaga chiqib ko‘rsin-chi!
Xo‘jako‘rsin lavozimda xizmat qiladigan shu qizgina ko‘zingizni o‘ynattan chiqar, to‘g‘rimi? Axir,
boshqa ovunchoq yo‘q bu yerda — qarg‘aning oqi ham birdan ko‘zga tashlanadi-ku! Oqshom kezlari
musofirxona oldida soatlab atrofga alanglab turasiz. Yon-veringizdan guras-guras bo‘lib qiz-juvonlar
o‘tadi. Ular bari bir xil — qiyiqko‘z. Bu yurt ahlining bari shunday. Faqat sizu birodaringiz — tovarish
Baxtiyorgina boshqacha. Ko‘nglingizda shu ilinj, tevarakka ko‘zingizni yirib-yirib boqasiz: biz
boshqachamiz-ku, zora, birortasi... Esingizdami, talabalik yillaringiz jonajon Toshkentingizdagi eng
nufuzli hisoblangan «Toshkent» va «O’zbekiston» musofirxonalari oldida bitta-yarim ajnabiy sayyoh
atrofga xuddi mana shunday olazarak, hangamatalab nigoh bilan tikilib turardi? U vaqtlarda chet ellik
sayyohlar yurtingizda siyrak edi-da, atlas kiygan o‘zbek qizlari ular orasidan qorataloq zanjilarni
qo‘yib, nuqul boshiga salla o‘ragan mo‘ylovli hindilarga qiziqish va havas bilan tikilgani tikilgan edi:
anovi Raj Kapurning ukasimikan, jiyani? Voy-voy, quyib qo‘ygandek o‘ziga o‘xshaydi-ku — o‘g‘li bo‘lsa
kerak, o‘g‘li, qara! O’g‘illari kinoda chiqqan, kim tanimaydi, huv kinoda-chi, nomi nimaydi, hah
qurg‘ur, tilimning uchginasida turibdi-ya! Yo‘q, bu yo ammasining o‘g‘li, yo tog‘asining, ana,
qaranglar, to‘chniy o‘zi! Iya, buning sallasi bor-ku? Voy, bular doim shundoq sallada yuradi-de,
kinoda o‘ramay chiqadi... Bu qaqajonlarning shuvur-shuvuridan sarosimaga tushgan sho‘rlik sayyoh,
biror joyim ochiq qolibdimikan, degan o‘yda egni-boshini ko‘zdan kechirmoqqa tushadi. Hindiston —
bepoyon mamlakat, bu ham oddiy bir sayyoh yoki tujjor, umri bino bo‘lib Raj Kapur nomini yo
eshitgan, yo eshitmagan — xudo biladi. Siz esa, mana, yaqin bir soat bo‘ladiki, sherigingiz bilan
musofirxona oldida sigaretni ermak qilib turibsiz, ikki ko‘zingiz o‘tgan-ketganda. To‘g‘ri, sizlar bularga
o‘xshamaysizlar, o‘zga yurt, o‘zga iqlim farzandi ekanliklaringiz kundek ravshan. Balki bu mamlakatda
o‘zga yurtdoshlaring yo‘qdir, balki umuman bu atrof-javonibda yakka-yagonadirsizlar, ammo biron bir
sayoq it ham sizlarga o‘girilib qaramaydi. Ehtimol shunisi alam qilayotgandir, a, labbay?
Ehtimol shundaydir, tovarish muxtor vakil. Darhaqiqat, yurtingizda kechalari negadir uyda o‘tirib
emas, ko‘chadagi simyog‘ochlar atrofida, xira yog‘duda uymalashib kitob o‘qiyotgan ilmga chanqoq
yosh-yalangni ko‘p ko‘rdik, biroq bemalol gaplashib turgan yoki qo‘ltiqlashib yurgan birorta ham yigit-
qizni uchratmadik. «Ishonchli manba»mizning pichirlab xabar berishicha, bunday hol yurtingizda
qattiq qoralanar, hatto ta’qib qilinar emish. Bunisiga nima deysiz, tovarish muxtor vakil? Keling, vaj
qidirib ovora bo‘lmang — biz eshitgan manba chindan-da ishonchli, inobatli!
Musofirxonada shim kiyib yurgan qizgina ko‘zimizga issiqroq ko‘ringani rost. Negaki u ko‘z-qoshi
bilangina emas, ravish-raftori bilan ham boshqalardan yaqqol ajralib turar, unda erkin dunyolarning
allanimasi bor edi. Boshqalari esa... nega bunday? Qaysidir yili men yozuvchilarning Do‘rmondagi
bog‘ida dam olganimda g‘arbiy Buriyodan kelgan raqqosalar dastasi ham o‘sha yerda istiqomat qilgan
edi. Bari oydek-oydek, naqd o‘zimizning «Bahor» nozaninlari deysiz! Asli bir millatga mansub
bo‘laturib, nechun bu yerlik qizlar bu qadar mahzun, abgor-aftoda? Birorta ko‘zni quvnatadigani
uchramaydi-ya! Gap shim kiyish-kiymaslikda emas, albatta. Bonn shahrida o‘tgan xalqaro anjumanda
bir ayol diqqatimni tortgani esimda. U rang-ro‘yi bilangina emas, izohlash qiyin bo‘lgan boshqa bir
jihatlari bilan ham olmon xonimlaridan keskin farqlanib turardi. Men uni negadir moskovlik deb
o‘ylabman, o‘rischa so‘zlashib bunga amin ham bo‘ldim. Keyin bilsam, u ham olmon ekan, lekin
sharqiy — «sho‘roviy Olmoniya»dan kelgan ekan. Ajabo, hurriyat, erkinlik deganlari odamzodning fe’l-
atvoridagina aks etib qolmay, uning rang-ro‘yi, aft-angorida ham balqib ko‘rinar ekan-da!
O’n kun emas, o‘n yilga cho‘zilgandek edi bu safarimiz! Har kuni bir xil tartib: uch mahal
ovqatlangani yemakxonaga kiramiz, ta’zimkor «Saida» tabassum bilan kutib olib, tabassum bilan
kuzatib qo‘yadi (ko‘ngilga yagona iliqlik!); har kuni bir xil taom — «fish», «chikin», «bia»; so‘ngra
tovarish Yak yetagida yakkash bir zotning nomi bilan ataluvchi ko‘pdan-ko‘p manzillar sari yo‘l olamiz.
Ulug‘ dohiy tovarish Xon Man Men nomidagi namunaviy tug‘ruqxonaga boradigan kunimiz,
nihoyat, toqatim tugadi — yorilib ketdim.
— Tovarish Yak, — dedim iloji boricha muloyim, vazmin so‘zlamoqqa tirishib, — ruxsat bersangiz,
men o‘sha yoqqa bormasam. Ko‘rib turibsiz, sochlarimga oq oralab qolgan, endi tug‘masman, deb
Chapaklar yoki chalpaklar mamlakati (qissa). Erkin A’zam
Do'stlaringiz bilan baham: |