O’N KUN - O’N YIL
Bundan ko‘p yillar burun, saksoninchi yillarning o‘rtalarimidi, moskovlik bir yozuvchi do‘stimning
Mojoriston haqidagi kitobchasini maqtab qo‘yib «baloga qolgan» edim. «Budapeshtni ko‘rmabsan —
bu dunyoga kelmabsan! «Kichkina Parij» deydilar uni! Sen u yerga albatta borishing kerak!» deya
qistab turib oldi do‘stim va o‘zi tashabbus qilib yozuvchilar uyushmasi orqali menga yo‘llanma
to‘g‘rilab berdi, o‘zi samolyotga kuzatib qo‘ydi. Chinakam mo‘‘jiza shahar — Budapeshtni teng ikkiga
bo‘lib oqadigan azim Dunay bo‘yidagi saranjom-sarishta, barcha shart-sharoiti muhayyo ijara
xonadonda bir o‘zim o‘n besh kun istiqomat qildim. Ertalablari Iboya degan tarjimon ayol keladi,
ikkovlon shahar bo‘ylab aylangani chiqamiz: turli-tuman muzeyu teatrlarga boramiz, qadimiy
haykallarga to‘la istirohat bog‘larida kezamiz, kitob do‘konlari va nashriyotlarda bo‘lamiz, ko‘rgazma
zallarini tomosha qilamiz, «Illyuzion» kinoteatrida o‘sha kezlar bizdan boshqa dunyolarda mashhur
bo‘lgan filmlar namoyishida qatnashamiz, xullas, ko‘ngil tusagan go‘sha — o‘zimizniki. Bizga
xo‘jayinlik qiladigan yoki qo‘ygan qadamimizni sanab yuradigan jonzot yo‘q.
O’shanda men o‘n besh kun bir o‘zim yashab, biror daqiqa zerikkanimni eslayolmayman. Bu yerda
esa, anjuman tugar-tugamas, ikki musofir o‘zimizni qayoqqa qo‘yarimizni bilolmay qoldik.
Jahongashta zanjining kechagi zamzamasi ham ko‘ngilga g‘ulg‘ula solgan edi. Tovarish Yak tavsiya
qilgan dasturni ko‘zdan kechirib, battar diqqatimiz oshdi: unda bizning taklif va istaklarimiz deyarli
hisobga olinmagan, bari oldindan tayyorlangan ma’lum ro‘yxat bo‘yichami, ehtimol, otaxon shaxsan
o‘zi imzo chekib tasdiqlagan «g‘oyaviy musaffo» manzillardan iborat edi. Ro‘yxatga ko‘z
tashlagandayoq odamni esnoq tutardi: «Tovarish Xon Man Men nomidagi kashshoflar saroyida
uchrashuv»; «Tov. Xon Man Men nomidagi partiya tarixi institutiga tashrif»; «Tov. Xon Man Menning
uy-muzeyini ziyorat»; «Tov. Xon Man Men nomidagi tug‘ruqxonaga sayohat»...
Ensamiz qotganini ko‘rib, qani, parvo qilsa bu tepsa-tebranmas tovarish Yak! «Aravamga
mindingmi, ashulamga jo‘r bo‘lmoqqa majbursan! Xoxdasang shu, xohlamasang — hov ana, katta
ko‘cha!» Men shaxsiy iltimosimni eslatgan edim, «keyinroq ko‘rarmiz» deya mujmat qilib qo‘ydi u.
Goh pirdan, goh muriddan, debdilar. Garchi tovarish Yak piru biz murid bo‘lmasak-da, partiya
tarixi muzeyiga olib borganida uni bir mulzam qilib, alamimizdan chiqmoqchi bo‘ldik. Sirasini
aytganda, bu yer ham partiya tarixi emas, ulug‘ dohiy tovarish Xon Man Men hayoti va faoliyati
tarixidan naql qiluvchi bir joy ekan. Sobiq kommunist, partiyaviy qonun-qoidalarni yaxshi biladigan
Chapaklar yoki chalpaklar mamlakati (qissa). Erkin A’zam
Do'stlaringiz bilan baham: |