www.ziyouz.com кутубхонаси
23
tovarish Baxtiyor sho‘rlik tovarish Yakni savolga tutib qoldi-ku! Masalan: «Ayting-chi, tovarish Yak, o‘n
to‘rt yil mobaynida biror marta qurultoy chaqirilmagani partiya nizomiga xilof hol emasmi?» «Aslo.
Xalq ommasining, uning ilg‘or qismi hisoblanmish partiya faollarining xohish-talabiga ko‘ra shunday
bo‘lgan, — deb javob beradi burro tovarish Yak bezbetlarcha. — Bizda demokratiya barqaror!» Gapni
qarang! Kim buni xalqdan, uning «ilg‘or qismi hisoblanmishlar»idan so‘rab o‘tirar ekan?! Bunaqa
vaziyatda aksincha — biror falokat ro‘y bermasin deb, imkon qadar xalqdan qochiladi, qoidasi shu!
Deylik, xalqlar otasi bo‘lmish mo‘ylovdor dohiy bizda xuddi shunday yo‘l tutgan va tarixdan ma’lumki,
yanglishmagan, yutib chiqqan. Demokratiya emish! Laqillatmoqchi ekansan, sotsializm nafasi yetib
bormagan biror yurtdan kelgan biror anoyini topib laqillatganing ma’qul edi, tovarish Yak!.
Tovarish Baxtiyor yana nozikroq nimanidir so‘rab tovarish Yakni ham, muzey xodimini ham
kalovlatib qo‘ydi. Kechagina yuvosh, sipogina bo‘lib yurgan odam, riyokorliklar jonidan o‘tibmi, ana
shunday shaddod, betgachoparga aylanib qolgan edi.
Rohbonimiz, sezgir rohbonimiz bundan tegishli xulosa chiqarib, borajak manzillarimizga tahrirlar
kirita boshladi. Ammo qaerga qadam bosmang, manzara o‘sha-o‘sha edi — olam guliston! Eshik
og‘zida milliy libosga o‘rangan uch-to‘rt sertabassum qiz yetti bukilib ta’zim bilan kutib oladi. So‘ngra,
og‘zingiz totli bo‘lsin degandek, bir bordoq-bir bordoq nimtatir meva sharbati tutadilar. Keyin boyagi
qizlardan biyronrog‘i bu dargohning tarixiyu kelajagi xususida baxtiyor bir ohangda so‘zlab beradi.
Oxirida — qo‘lingizga bir dasta rangli-rangsiz ma’lumotnomayu yo‘riqnoma tutqazib, xayr-xo‘sh.
Bu soxta lutfu iltifotlardan bezib, bezor bo‘lib ketdik desam, nonko‘rlik, noinsoflik sanalmasmikan?
Xohish-talabimizga binoan olib borilgan yagona joy — markaziy telegraf mahkamasi bo‘ldi. Chamasi,
u yerga olib bormaslikka bahona topish iloji yo‘q edi. Bizga eng kerakli, lekin bizni eng sovuq
qarshilagan joy ham shu bo‘ldi deyish mumkin. Qator-qator soqchilar tekshiruvidan o‘tkazib, odmigina
bir xonada tovarish Yak bizni biri biridan ko‘hna ikki qariyaga ro‘para kildi. Ular mahkama rahbari,
ya’ni axborot vazirining o‘rinbosarlari bo‘lib, boyoqishlar bizdan tezroq qutulish chorasini topolmay
rosa aziyat chekishdi. Oddiy-oddiy savollarimizga ham sarosimaga tushib, asabiylashib, ikki muovin
o‘zaro uzoq muhokama qilib, tortisha-tortisha, so‘ng zo‘rg‘a javob qilishardi. Azbaroyi sharti ketib
parti ham qolmagan bu notavonlarga rahmimiz kelganidan biz ham uchrashuvni yumaloq-yostiq qilish
payida bo‘ldik. Bilmadim, kimdir ularga bizni kam emas, ko‘p emas, naqd Markaziy razvedka
boshqarmasining o‘ta xavfli xufiyalari deb yetkazganmi...
Tovarish Yakning zulmidan xoli chog‘larimizda mening xonamda (tovarish Baxtiyor, hartugul, bu
yerga kirmoqqa haqli) o‘tirib, televizordan muttasil ko‘rsatiladigan ishlab chiqarish ilg‘orlari bilan
uchrashuvlarga bag‘ishlangan yoki shonli inqilobiy kurashlardan nakd etuvchi sayoz-sayoz filmlarni
ermak qilamiz. Ularning bosh qahramoniyu ijobiy qahramoni o‘z-o‘zidan ma’lum — o‘sha birgina zot!
Bu tilda biror so‘zni bilmasa-da, tovarish Baxtiyor o‘zicha sho‘xlikka ularni «dublyaj» qila boshlaydi.
Rosa kulgili chiqadi. Sherigimning «tarjimon»lik mahoratiga tan berib, men dumalab-dumalab
kulaman. Darvoqe, bu ko‘rsatuvlarni tarjima qilmoqqa hojat ham yo‘q, shusiz ham bari tushunarli.
Boshqa nima ish bilan mashg‘ul bo‘laylik axir, zerikiblar o‘ladi-da odam!
Kechqurunlari toza havodan nafas olgani, aslida ko‘ngil yozib kelgani birpas ko‘chaga chiqamiz.
Lekin — ko‘ngil yozmoq qayoqda! Ko‘cha ham dilgir, ruhsiz, zerikarli! Holbuki, poytaxtning eng
gavjum markaziy ko‘chalaridan birida joylashgan eng ko‘zga ko‘ringan musofirxona oldida turibmiz!
Shunda hali notanish tovarish muxtor vakil kelajakdan turib men bilan xayolan ta’naomuz bahsga
kirishadi.
Namuncha siqilmasangiz, tovarish Erkin aka! Tevarak-atrofingiz g‘ij-g‘ij odam-ku! Birgina
musofirxonadagi sirtdan ikki tomchi suvdek bir-biriga o‘xshash, tuqqan onasi farqlay olmasa, boshqa
mardum aslo farqlayolmaydigan, bari bir xil oq koftayu qora yubka kiygan qator-qator nozaninlar-chi,
qarang! E’tibor qilgandirsiz, ularning orasida ko‘zga yaqinroq birovi goho oliftagarchilikka shim ham
kiyib qoladi. Bu yer — ajnabiylar musofirxonasi, ko‘rib qo‘ying, biz ham chakana emasmiz, degandek.
Xo‘jako‘rsinga u yoqdan-bu yoqqa atay yo‘rg‘alab turadi. Chamasi, unga ruxsat etilgan. Aslida bor-
yo‘q vazifasi ham shundan iborat bo‘lsa kerak. Chunki xizmatdan qaytayotib, ahamiyat bergan
Chapaklar yoki chalpaklar mamlakati (qissa). Erkin A’zam
Do'stlaringiz bilan baham: |