35
Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi (qissa). Tog’ay Murod
www.ziyouz.com
kutubxonasi
34
U, televizorga... o‘ta iltifotli edi! Televizorni buragichdan o‘chirar edi. Stabilizatordan
o‘chirar edi. Ustidan baxmal yopib qo‘yar edi.
— Bamisoli kelin, kelin! — der edi.
Bugun... shahd bilan turdi. Shahd bilan bordi. Rozetkani changallab ushladi. Silkilab
tortdi. Rozetkani qulochkashlab otdi.
Rozetka bir burchakka tarsillab tushdi.
Televizor bir aylanib... ana shu burchakka yuz burib qoldi!
Kampiri eshiqdan yuz ko‘rsatdi.
— Ha, rais bova? — dedi.
— Choy! — deya baqirdi. Kampiri choy damlab keldi.
— Tinchlikmi, rais bova? — dedi.
Botir firqa yonboshladi. Oyoqlarini uzatdi.
— O’lmagan jon ko‘rar ekan! — dedi.
— Ha, yana nima gap?
— Gap ko‘p! Moskvalik qayta quruvchilar o‘rtoq Leninni mavzoleydan olib chiqib
tashlash tashabbusi bilan chiqibdi. Shuni televizorda ko‘rsatdi.
— Ye tavba, Leninni-ya? Leninday bir zotni-ya?
Qayoqqa olib chiqib tashlar emish?
— Kim biladi, qayoqqa olib chiqib tashlaydi. Birovi, Lenin kommunistlar qabristoniga
ko‘milsin, dedi. Birovi, Novodeviche qabristoniga qo‘yilsin, dedi.
— Sizningcha, qaerga qo‘ygani ma’qul?
— Masalaga partiyaviy yondashadigan bo‘lsak, o‘rtoq Leninni Volkovskiy qabristoniga
qo‘yish kerak. Leningradda ana shunday qabriston bor. O’rtoq Leninni onasi bilan
singlisiyam ana shu qabristonda yotibdi. Hayotligida o‘rtoq Leninni o‘ziyam ana shunday
vasiyat qilib edi.
Botir firqa tokchadan Lenin haqidagi kitobni olib keldi. Bir boshdan varaqladi. Leninni
rasmlarini tomosha etdi. Lenin mavzoleyi rasmini kampiriga ko‘rsatdi.
— Ana, KPSS o‘ylab topgan qasr, — dedi. — Ana, KPSS qurgan qasr. Qasr
bo‘lgandayam, san’at qasri. Partiya san’ati qasri! Sehrli qasr, sirli qasr. Ana shu qasrda
buyuk Lenin yotibdi. Bir o‘zi adyolga o‘ralib yotibdi. Mavzoley — KPSSni ilohiy qudrati.
Shu ilohiy qudrat bor ekan — KPSS ruhi hukm suradi. KPSS mangu yashaydi! KPSS
yulduzi mangu porlaydi!
— Porlaydi, porlaydi.
— O’rtoq Lenin hayotbaxsh zot edi, umidbaxsh zot edi. Masalan, hamma ish o‘nglab
bo‘lmas darajada pachava bo‘lar edi. Oqibat, hamma o‘zini yo‘qotib qo‘yar edi. Ammo-
lekin o‘rtoq Lenin o‘zini yo‘qotmas edi. U kishi, eng avvalo, dushmanlarini xatosini poylar
edi. Go‘yo, taqdirga tan bergan kishi bo‘lib turar edi. Dushmanlari xatolikka yo‘l qo‘ydimi
— o‘rtoq Lenin birdan oyoqqa turar edi. Dushmanlari xatosidan o‘z vaqtida, unumli
foydalanar edi. O’rtoq Lenin dushmanlarini xatolari tufayli zafar qozonar edi. O’rtoq
Lenin omadli zot edi. Omad deganlari hammaga ham nasib etavermaydi. Eng oxirigacha
chiday olgich zotlargagina omad nasib etadi. Boshi berk ishlarda ham eng so‘nggi
daqiqagacha kurasha olgich zotlargagina omad nasib etadi. O’rtoq Lenin ana shunday
zot edi! Shu bois, o‘rtoq Leninga hamisha omad yor edi.
— Lenin o‘z oti o‘zi bilan Lenin-da.
— Mana endi, kommunistlar bitta-bittadan taslim bo‘lmoqda. Birov qo‘shqo‘llab ishini
topshirmoqda. Birov qo‘shqo‘llab partiya biletini topshirmoqda. Sadqai kommunist degan
nom ketgurlar. Sadqai inson degan nom ketgurlar. Yo‘q, men oxirigacha boraman. Men
oxirigacha kurashaman!
Bu dunyoda o’lib bo’lmaydi (qissa). Tog’ay Murod
Do'stlaringiz bilan baham: |