www.ziyouz.com
kutubxonasi
31
Bosh vrach, raykom gapimni qo‘llayapti, deya o‘yladi. Gapida davom etdi:
— Mana bular - partiya-hukumat rahbarlari hayotiga suiqasd qilmoqchi bo‘lganlar.
Partiya-sovet arboblarini haqorat qilganlar. Kommunistik partiya biletini yirtganlar.
Tabiblikni da’vo kilganlar. Uchar tarelkalar bilan Qor odamni targ‘ib qilganlar. Sovet
organlari ishiga qarshi chiqqan nonko‘r yuristlar... Mana bular esa - haqiqatsevarlar.
— Kim-kim?
— Haqiqatsevarlar, adolatparvarlar. Siz shoir-shoir deysiz. Mana shu palatada...
general yotibdi, general!
— General?
— Ha, sovet generali. General Grigorenko, Grigorenko!
Botir firqa matbuot xabarlarini esladi: general Grigorenko Moskvada — partiya
konferentsiyasida so‘zga chiqib, KPSS faoliyatini keskin tanqid qiladi. Shundan keyin
KPSS general Grigorenkoni partiyadan o‘chiradi. Uzoq Sharqqa surgun qiladi. Shu
vaqtda Novocherkasskda ishchilar o‘z haq-huquqlarini talab qilib, namoyish o‘tkazadi.
KPSSni buyrug‘i bilan harbiylar... namoyishchilarni otadi. Ushbu fojiani partiya-hukumat
bekitadi. General Grigorenko esa, ana shu fojia tafsilotini... varaqa qilib tarqatadi!
General Grigorenkoni bu ishi KPSSni g‘azablantiradi. Bir yig‘ilishda KPSS Markaziy
Komiteti sekretari o‘rtoq Suslov: «Grigorenko jinni», deb yuboradi. O’rtoq Suslovni ana
shu gapi... sovet meditsinasi uchun diagnoz bo‘ladi! General Grigorenkoni Moskvadagi
Serbskiy nomli institut ekspert-psixiatrlariga jo‘natadi. Professorlar: «General
Grigorenko paranoyya ko‘rinishli ruhiy kasal», deb diagnoz qo‘yadi. Davolash uchun
Leningradga yuborgandi. Yaqinda esa, Toshkentga jo‘natdi.
— Shunday zot... shu yerda yotibdimi-a? — dedi Bo-tir firqa.
— Ha, ichkarida yotibdi. Endi, Toshkent Kremldan yiroqroqda. Bu degan so‘z, general
Grigorenko sovet xalqi nazaridan olisda, chet el matbuotidan olisda, jahon ommasi
e’tiboridan olisda, degan so‘z.
— Ammo-lekin ana shu general halol kommunist, deyishadi. Beyoziqdan-beyoziq
yotibdi, deyishadi.
— Bo‘lsa bordir. Lekin KPSS diagnoz qo‘ygan! O’rtoq Suslov: «Grigorenko jinni», deb
aytgan! Ana, bizda kimlar davolanyapti! Siz bo‘lsa, shoir-shoir, deysiz. Shoiringiz kim
bo‘pti?
— Davolash kerak, jamiyatimizga sog‘lom kommunistlar zarur, davolash kerak.
— Davolayapmiz, sovet meditsinasining so‘nggi yutuqlari asosida davolayapmiz.
Botir firqa kasalxonaga qaray-qaray yurdi. Kasalxonaga qaray-qaray mashinaga o‘tirdi.
«Qabriston, qabriston! — dedi Botir firqa. — Bu kasalxona emas, tirik insonlar
qabristoni. Asl qabristonga o‘lik insonlarni ko‘madi, bu qabristonga... tirik insonlarni
ko‘madi».
33
Brejnevdan keyin SSSR ostin-ustin bo‘ldi.
Sharof Rashidovdan keyin... O’zbekiston alg‘ov-dalg‘ov bo‘ldi.
El-yurtda: qayta qurish, demokratiya, shariat so‘zlari oralab qoldi.
Zamon qaltis keldi. Do‘ppi tor keldi.
Botir firqa o‘z arizasi bilan... pensiyaga jo‘nadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |