www.ziyouz.com kutubxonasi
265
— Qandaydir darajada, albatta, siz ham javobgarsiz. Birinchidan, meni bu yoqqa siz olib kelgansiz,
shunday emasmi?
— Hamma gap shunda-da. — Palmer jim bo‘lib qoldi. U tarbiya ko‘rmagan, qo‘pol yigit bilan
muomala qilayotganini, unga biroz yaxshilik qilib qo‘ysa, kattagina foyda ko‘rishi mumkinligini
xayolidan o‘tkazdi. Shu bilan birga Gauss uning asl istak-xohishi nimaligini sezmasligi zarur.
— Ayrim narsalar chiqib qoldi, — davom etdi Palmer. — Bankda emas. Bank doirasidan
tashqaridagi odamda. U... mayli, hozir ochig‘ini aytadigan payt emas. Men unga sizning boshingizga
tushgan ko‘ngilsizliklar va shunga o‘xshash narsalar haqida biroz gapirib berdim. Ismlarni aytganim
yo‘q. Siz uchun ba’zi-bir ishlarni qilish imkoniyatiga ega bo‘lgani uchun u gap kim haqida
ketayotganini payqadi.
— Tavakkal qilmayapsizmi?
— Ehtiyot choralarini ko‘rdim. U yanayam xushyor bo‘ladi. Hozir ismini aytsam, darhol tushunasiz.
Asosiysi, agar siz ketishni istasangiz, u kafolat beradiki... aytmoqchimanki, hozirgi bilan teng yoki
undan ham mas’uliyatli, erkin faoliyat va cheksiz byudjetga esa joyni siz uchun kafolatlay oladi.
— Siz Vesting haqida gapiryapsizmi?..
— Ayni bosqichda men hech kim haqida gapirayotganim yo‘q. U hozir sizga bildirganlarimni aytib
qo‘yishimni so‘radi, xolos. Qalay? Bu sizda qanday taassurot qoldiradi?
— Biroq men boshqa kompaniyaning nomini bilmay turib, qanday javob berishim mumkin?
Toqati toq bo‘lgan Palmer chuqur xo‘rsindi. Suhbat juda cho‘zilib ketdi, telefonni yashirincha eshitib
turgan bo‘lishlari mumkin. Bundan tashqari, Palmer yana bir necha joyga qo‘ng‘iroq qilishi lozim.
Undan oldin...
— Gauss, hech kim o‘zingizni ko‘r-ko‘rona bog‘lab berishingizni so‘rayotgani yo‘q. Meni
g‘oyalarimizga bo‘lgan munosabatlaringiz qiziqtiradi. Unga ijobiy yondashasizmi?
— Albatta, ijobiy.
— Ajoyib.
— Sizningcha, men tezroq, a?..
— Xabarim yo‘q, — Palmer uning gapini bo‘ldi. Gaussning gap ohangida qiziqish alangasi sezilishi
bilan gapni tugatib, nemisning ichini qizdirib, orziqib kutishga majbur qilmoqchi edi u. — Sizning
hozirjavobligingizdan juda mamnunman. Ozgina harakat qilsak, biz sizni ozod qila olamiz. — Palmer
kuldi. — Shunaqa gaplar.
— Bu qachon amalga oshadi? Haftadami? Bir oydan keyinmi? Men bilishim kerak....
— Men bilgan zahotim siz ham xabardor bo‘lasiz, — va’da qildi Palmer. — Endi esa, siz bilan
xayrlashishim kerak, Gauss... U darhol go‘shakni qo‘ydi va o‘chayozgan sigaretini cheka boshladi.
Vaqt o‘ndan chorak daqiqa oshgandi. Palmer navbatdagi shaxsiy suhbatni buyurdi. Bu gal yangi
Angliyadagi shahar bilan. Bu gal ham uy telefoni raqamini qidirish muammosi boshlandi. Telefonda
ayol kishining ovozi eshitildi.
— Shaharlararo telefon general Xeygenni so‘raydi, — e’lon qildi telefonchi qiz.
— U... kim uni so‘rayapti, kechirasiz?
— Vuds Palmer. — javob berdi Palmer.
— Bir soniya, qarab ko‘raman...
Chamasi, ayol telefondan nari ketdi.
Palmer Xeygenki uxlayotgan ekan, men ham biroz mizg‘isam bo‘lardi, deb o‘yladi. U hozir necha
yoshda, 58 yoki 59 mi? Ko‘rpada ag‘anab yotadigan darajada qari emas u.
— Allo? — go‘shakdan uyqusiragan ovoz eshitildi.
— General Xeygen? — deb so‘radi telefonchi qiz.
— Men.
— Gapiring, janob.
Palmer og‘zini ochishga ulgurmadi.
— Bu qaysi Vuds Palmer? — birinchi bo‘lib gap boshladi general.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |