www.ziyouz.com kutubxonasi
261
Biroq meni jinoyatga sheriklikda ayblab bo‘lmaydi. Shuningdek, men o‘z hiylalaringni protestantlarga
ag‘darib, ayyuhannos solishingga ham yo‘l qo‘ymayman. Sen qilmishingga yarasha musht yeding.
Men faqat o‘zimni idora qilolmay, seni urib yuborganimdan afsusdaman.
— Ket. Yo‘qol.
— Virjiniya, uyingizga olib borib qo‘yishga ruxsat bering.
— Kimni, menimi? Yo‘ldan adashgan Mariya Magdalinani-ya? Uyushgan fohishabozlikka reklama
bo‘limi qo‘shgan hissasini-ya?
Palmer bir necha soniya unga ta’naomuz boqib, keyin eshikka burildi.
— Sizlarga amerikalik fuqaro o‘zining ikkita hamyurtiga murojaat qilgandek gapiryapman, — e’lon
qildi u, — ikkalangni ham jin ursin!
— Vuds!
U yana bir bor qayrilib qaradi.
— Olib borib qo‘yishimni xohlaysizmi yo‘qmi?
— Men bu yerda biroz qolib, manavi yigitni tinchlantirishga harakat qilaman.
U yana eshik tomon o‘girilib, ikkilanganicha, to‘xtab qoldi. Uning ongida qandaydir uzuq-yuluq
jumlalar goh haqiqatga, goh ro‘yoga o‘xshab aylana boshladi. Haqiqatan ham u Virjiniyadan shubha
qilganmidi? Qanday qilib undan shubha qilishi mumkin? U kim tomonda edi? Umuman biron-bir
tomon bo‘lganmidi? Yo bu odatdagi, qayta-qayta uning oyog‘iga yopishayotgan, doira bo‘ylab
aylanayotgan balchiqmidi?
— Men yana ba’zi bir narsalardan afsusdaman, — dedi u Virjiniyaga qaramasdan. — Aytib o‘tgan
fikrlarimdan afsusdaman. Umuman, menimcha, men pushaymonman.
Ellik sakkizinchi bob
Taksi haydovchisi mashinani bor kuchi bilan Uchinchi avenyu bo‘ylab tepaga haydadi. U qoidaga
bo‘ysunib yurishga toqati yetmay, mashinani katta tezlikda haydab borar, svetoforning qizil chirog‘i
yonganda esa keskin tormoz bosardi.
Palmer haydovchining har gal qizil chiroqqa tushib qolishiga, undan chiqib olish uchun salgina
bo‘lsada tezlikni o‘zgartirmayotganiga hayron bo‘lib borardi. U bu fikrini haydovchiga aytmoqchi
bo‘ldi-yu, jim ketishni ma’qul ko‘rdi. Palmer taksidan tushib, old tomoniga betondan nozik ishlov
berilgan uy eshigini ochdi. U eshik tutqichini shunchalik sekin bosdiki, u atigi bir necha santimetrcha
ochildi, xolos.
Palmer irodasini qo‘lga olishga tirishdi va kuch bilan tutqichni bosib, eshikni katta ochdi. Barmoq
bo‘g‘inlari zirqirab, asta ichkari kirdi, sekingina eshikni yopib, sovuq havodan issiqqina uyga
kirganidan sevindi...
Oshxona eshigini yopib, xona chirog‘ini yoqdi va duch kelgan yog‘och o‘rindiqqa bemajol cho‘kdi.
Qimirlashga ham majoli qolmagandi. Zinadan chiqayotganda boshi aylanganini esladi.
Nihoyat u sovutqichni ochib, bir stakan sut quyishga kuch topdi. Sutni icha turib, eshik ortida
nimadir harakatlanayotganini sezdi. Yuragi muzlab, Edis uyg‘onganini va xalatini kiyayotganini his
qildi. Va shu zahoti oshxona eshigi lang ochildi.
Edisning yuz-ko‘zida pardoz izlari qolmagan edi. Feruza rangli kenggina tasma bilan sochlari
yuqoriga tortib bog‘langan. Buning sababi Palmerga ma’lum. Uning yuziga suriladigan, qandaydir
oziqlantiruvchi kremga sochlari yopishib qolmasligi uchun shunday qilishga odatlangan.
Edis bir muddat och jigarang ko‘zlarini qisib, Palmerga ifodasiz qarab turdi. Keyin stol yoniga borib,
stakandagi sut yoniga qo‘yilgan tuflini oldi va polga qo‘ydi.
— Vudining bu odatini yo‘q qilish uchun bor-yo‘g‘i o‘n yil kerak bo‘ldi, — gap boshladi u. —
O’ylaymanki, sen ham o‘zgarishi qiyin odamsan. — U biroz jim qoldi. — basharangga qarab
bo‘lmaydi.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |