www.ziyouz.com kutubxonasi
17
Qariya kitob javonchasidan yashil muqovali katta kitobni oldi-da, yozuv stoliga qo‘ydi.
— Mana o‘sha filiallar, ikki yuztacha bor, — dedi u. Kitobni Palmerga tomon surib, u qo‘shib qo‘ydi.
— Uni o‘zing bilan olib ket. Bo‘sh vaqtlaringda ko‘zdan kechirarsan. Bu yerda qavatlar bo‘yicha rejalar,
rangli suratlar, umuman, hamma narsa bor.
Palmer kitobni qo‘liga oldi, hatto uni ochib ham ko‘rdi. Nimadir ko‘ngildagidek emasdi.
Berkxardtning hissiz ovoziga quloq solarkan, qandaydir mavhum tuyg‘uni his etdi: ularning
munosabatlarida ilg‘ash qiyin allanarsa bor edi. Berkxardtning so‘zlaridan gap nimadaligini payqash
qiyin edi. Shubhasiz, nimadir bor edi... Lekin nima? Manfaatdorsizlikmi? Ichki aloqa o‘rnatishga
qobiliyatsizlikmi?
Nima bo‘lganda ham, ish ko‘ngildagidek bo‘lmayapti, deb o‘yladi Palmer. Albatta, qariya bilan
o‘zining aloqalari yaxshi bo‘lib ketadi deb kutmagandi. Biroq, Berkxardtning o‘z manfaatlari uchun
kelgusida o‘zaro munosabatlari qay tarzda bo‘lishini aniqlash maqsadida ushbu uchrashuvning
dastlabki daqiqalaridan foydalanib qolishi kerak edi. U buningsiz ham uzoq tushuntirishni, bank ichki
tizimini namoyish qilinishini va bu borada o‘z ro‘lining belgilab berilishini kutmagan edi. Lekin bu
yerda, Berkxardt o‘zining birinchi o‘rinbosari Palmer bilan keyinchalik birgalikda ishlashi uchun
jo‘shqin rejani belgilab olishi darkor edi.
Palmer birinchi qadamini o‘zi qo‘yishga qaror qildi. U biroz oldinga intilib, yo‘talib oldi-da, na
ta’kidlash, na savol alomatida so‘radi:
— Sizni nimadir tashvishga solayaptimi?
Berkxardt hayron bo‘lib unga qaradi. Keyin burnini burishtirib, Palmerga tag‘in ko‘z qiri bilan qarab
qo‘ydi.
— Men hozir o‘ylab qoldim, — deya so‘z boshladi-yu, birdan nafas olib, jimib qoldi. Biror soniya
o‘tar-o‘tmas, qisqa barmoqlari bilan oppoq sochini silab, davom etdi: — Sening kelishing oldidan men
telefonda gaplashgan edim... Men Jo Lumis haqida o‘ylayapman. U menda qariyb yigirma yil
boshqaruv a’zosi bo‘lgan edi, jin ursin.
Palmer tushunaman, deganday bosh irg‘adi:
— «Jet-Tex indastriz».
— Ha. Hamda «Vakuterm elektroniks».
— Xo‘sh, necha... U necha yoshda? — so‘radi Palmer. — Yetmishga yaqinmi?
— Yetmish bir. Lekin gap bunda emas. Xudoga yaqin, toki uning yoshiga yetganingda senda ham
o‘shanday kuch-quvvat bo‘lsin. — Berkxardt boshini sarak-sarak qildi. — Yo‘q, bu yerda gap butunlay
boshqa narsada. U turli sarmoyadorlarga vasiy. Ular esa jami o‘n besh million dollar sohibidir. Bundan
tashqari u uchta boshqa bank boshqaruvining ham a’zosidir.
— Uning faqat unvonlarining o‘zini sanashdanoq mening boshim aylanib ketdi.
— Ana shu banklardan biri, — sekin davom etdi Berkxardt, — Merrey Xillning omonat bankidir.
Palmer Berkxardt undan qanday javob kutayotganini bilmay, boshini chayqadi. U qariyaning
joyidan turib, o‘z oromkursisi ortidagi katta deraza yoniga borganini diqqat bilan kuzatdi. Kengligi
yigirma fut1 keladigan ulkan deraza har biri ikki futdan kataklarga bo‘linib silliqlangan yog‘och
muqova bilan qoplangan edi. Berkxardt oyna yonida parishon holda ulardan oftobni to‘sib turgan
qo‘shni osmono‘par ikki bino oralig‘idagi torgina tosh tirqishni kuzatardi. Uning nigohi yo‘nalgan
tomonga qarab, Palmer kuz quyoshi nurida yaltirayotgan daryoga ko‘zi tushdi. Ayni shu paytda
daryoda tanker ohista suzib ketayotgandi.
— Sizda omonat banklari tufayli biror ko‘ngilsizlik yuz berdimi? Shunaqami? — so‘radi Palmer.
Javob bo‘lmagach, bir zumga jim qoldi. Aytadigan gapini fikran to‘pladi-da, davom etdi: — Baribir,
dushman qarorgohida do‘stingiz borligini bilish quvonchli...
Berkxardt asta suhbatdoshiga o‘girildi.
— «Merrey Xillning omonat banki» buni xuddi shunday baholayapti, — dedi u alam bilan.
Berkxardt so‘zini davom ettirmagani uchun Palmer ham o‘rnidan turib deraza oldiga bordi.
— Shunday qilib, — dedi u, — Jo Lumis kim tomonida ekanini aniqlash kerak.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |