www.ziyouz.com kutubxonasi
16
taklif etdi: «Bu yoqqa, marhamat». U qizga ergashdi, keng va yashil yo‘lak bo‘ylab borarkan, uning
qaddi-qomatiga qaramaslikka harakat qildi.
Yo‘lak uni sayqal berilgan yog‘ochdan ishlangan ikki tabaqali katta eshikka olib keldi. Palmer yuqori
labining yengil terlaganini his qildi va barmog‘i bilan artib qo‘ydi. U zo‘r berib bostirib kelayotgan
noo‘rin fikrlardan o‘zini chalg‘itishga urinardi. Berkxardt o‘z bankida ichki kommunikatsiya uchun
mexanik uskuna — interkomdan foydalanishni lozim ko‘rmagandi, shu bois keluvchilarni uning
huzuriga boshlab kirishardi. Bu qariya tizimining tarkibiy qismi bo‘lib, Palmer bu yerda u bilan tanishib
bo‘lgan edi. Qiz eshikni taqillatgach, Palmer bu yerda ham chinakam konservatizmning salmoqli yuki
borligini his etdi.
Eshik oldida turgan qiz sezilar-sezilmas harakat bilan butun tanasi og‘irligini bir oyog‘iga o‘tkazdi.
Palmerning nigohi sonlari bo‘ylab sirg‘anib pastga tushdi, u chuqur, sassiz tin oldi-da, boshliqning
taklifini kutib, ko‘zlarini yumdi.
Og‘ir eshik qopqalari ortidan Berkxardtning ovozi eshitildi: «Kiring!»
Qiz eshikni ochib, Palmerni o‘tkazib yuborish uchun o‘zini chetga oldi.
— Mister Palmer, ser, — dedi qiz va tashrifchining ortidan eshikni yopdi.
Qaerdadir, Palmerning boshidan teparoqda soat zang urdi. Berkxardt zag‘cha ko‘zlarini qisarkan,
o‘rnidan turdi.
— Aniqlik — bu eng muhimi, — dedi tantanavor Berkxardt. U qo‘l berib ko‘rishdi-da Palmerni yozuv
stolining har ikki tomoniga qo‘yilgan yashil charm oromkursilardan biriga taklif qildi.
Palmer e’tiborini tortgan narsa shu bo‘ldiki, boshliqning stolida tilloyi qirqmali mo‘‘jazgina yon
daftar, yashil tsiferblatli yashil marmardan ishlangan tilla soatlar va yozuv ashyolaridan bo‘lak hech
narsa yo‘q edi. Shu buyumlarni ko‘zdan kechirar ekan, Palmer birdan qariya uning gapirishini kutib
turganini his qildi.
— Xo‘sh, nima ham derdim, — dedi Palmer, — tan olish keark, taassurotlarim mutlaqo beqiyos.
Qariya kulib yubordi.
— Ha, ko‘rishga arzigulik narsalar talaygina, to‘g‘rimi? — U oromkursining suyanchig‘iga yastandi-
da, nafasini rostladi. — Bu yerda men haftasiga uch marta, ertalablari bo‘laman. Beshinchi
avenyudagi idoramizda ham bir xona ish joyim bor. Bu idora esa, o‘zing tushunasan, keksa va doimiy
mijozlarimizga mo‘ljallangan.
— Tushunarli. Ammo ba’zida uning eshiklari sizning yangi mijozlaringiz uchun ham keng ochiladi.
Berkxardt tasdiqlab boщ irg‘adi:
— Ha, lekin kamdan-kam, shunda ham ularga kim bilan ish olib borishayotganini eslatib qo‘yish
uchun.
— Men Beshinchi avenyudagi idorani ko‘rganman, — qo‘shimcha qildi Palmer. — Ya’ni zamonaviy
me’morchilik albomida uning suratini ko‘rganman. O’ylashimcha, shunday sharoitlarda mijozlarni
saralash uchun o‘yin olib borish sizga qiyin emas. Siz avvaliga ularni tasodifiy tadbirkorlarga
mo‘ljallangan Beshinchi avenyudagi idora orqali o‘tkazasiz. O’sha joyda ular o‘zlaridan sizning bir
qadam ham uzoqlashmasligingizga to‘la kafolat oladilar. Keyin, oradan bir necha yil o‘tgach, agar ular
haqiqatan ham tadbirkor bo‘lsalar, o‘z niyatlariga yetishib, salmoqli ulush olish ilinjida bo‘ladilar,
shunda siz ularning bosh idoraga — ishonch va xotirjamlik qo‘rg‘oniga kirishlariga imkon berasiz.
Palmer shu mavzuni davom ettirmoqchi edi, yangi kelgan odamga shu ham yetarli, deb o‘yladi. U
sezdirmasdan, ayni chog‘da suhbat yo‘nalishini sezdirmasdan, shu bilan birga dadil o‘zgartirdi.
— Aftidan, sizning urushdan keyin qurilgan filiallaringizning aksariyati Beshinchi avenyudagi idora
namunasida rasmiylashtirildi.
Berkxardt yelkalarini qisdi:
— Bir jihatdan shunday, har holda tayinlangan joy bilan bog‘liq bu. — U o‘tirgan stolidan turdi-da,
butun devorni egallagan kitob javoniga yaqinlashdi. Biz «Xadson trast»ni qo‘lga kiritganimizda
elliktaga yaqin baqqollik rastasini eslatuvchi titig‘i chiqqan qurilmalarga ham ega bo‘lgandik. Biroq,
yigitlar ularni ancha epaqayga keltirib oldilar. Sintetika, alyuminiy, yorqin bezaklar va hokazo.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |