www.ziyouz.com kutubxonasi
155
Berkxardt kurashda dushman uning asosiy omili bo‘ladi degan qarorga keldi, raqibining qo‘llarini
bog‘lab qo‘ymoqchi bo‘ldi, Lumis bilan do‘stliklaridan qing‘ir yo‘lda foydalanishni o‘yladi.
— Tushunarli, — davom etdi Palmer. — Bular barini siz qayoqdan bilasiz?
— Berkxardtning o‘zi ba’zi gaplarga ishora qilar edi, boshqa gaplarni esa mening o‘zimga yoki men
borimda ochiq-oshkor aytar edi. Qolganlarini men gazetchilardan bilib olar edim.
Palmer bitta sigareta olmoqchi bo‘ldi, biroq o‘ylab, pachkani yana Virjiniyaga tutdi. Juvon rad
etgandan keyin u sigareta tutatdi.
— Endi ayting, Berkxardtning qaysarligini hamma biladimi? Sanoatchilar ichidan bitta-yarimtasining
bundan xabari bormi?
— Agar ular bilishmaydi desalar, men hayratdan yoqa ushlagan bo‘lardim.
Palmer bosh irg‘adi.
— Navbatdagi savol: o‘tgan sessiyada bo‘limlar haqidagi taklif qanday barbod bo‘lgandi? Bu
g‘alabani Berkxardtning shaxsiy g‘alabasi deb qay darajada hisoblash mumkin?
— Obbo! Siz juda nozik savollar berdingiz-ku.
— Men judayam bir chigal kalavaning uchini topmoqchiman.
— Men aytardimki... hm-hm... nima derdim? — o‘zidan so‘radi juvon. — O’tgan yili qonun
chiqaruvchi majlis taklifga deyarli bab-baravar munosabatda edi. Ovoz berish har ikki tomonga og‘ib
ketishi mumkin edi. Kelishmovchiliklar partiyaviy belgi bo‘yicha yuzaga kelmagandi, biroq muxolifat
asosan chekka shtatlardan bo‘lgani uchun respublikachilar edi; omonat banklari tarafdorlari asosan
shtat markazidan bo‘lib, demakki, demokratlar edi. Keyin esa... — Juvon jimib o‘yga toldi.
— Keyin-chi?
— Kelganlardan biri o‘rnidan turdi-da, partiyaviy yagonalikka chorladi. U omonat banklari —
mayda odamlar banki, demokratik partiya — ularning partiyasi bo‘lgani bois, xudo haqi, kelinglar,
respublikachilar va tijorat bankirlarining iblisona ittifoqiga qarshi birlashaylik va taklifni ilgari suraylik,
deb ta’kidladi.
— Bu ma’ruzaning biron ta’siri sezildimi?
— U kutilmaganda mojaroli masalani partiyadan tashqaridagi partiyaga aylantirib yubordi. Taklifda
so‘zga chiqqan ozgina respublikachilar dumlarini qisib qolishdi va birlashgan respublikachilar qanotida
unga qarshi ovoz berdilar; bu nutqdan keyin ularda boshqa yo‘l qolmagandi.
— Demak siz, — o‘smoqchiladi Palmer, — ma’ruza u qadar ta’sirchan bo‘lmadi demoqchisiz,
shundaymi?
— Haddan tashqari bema’ni nutq bo‘ldi.
— Uni tag‘in sal boshqacharoq qilib tavsiflab berolmaysizmi? — so‘radi Palmer.
— O’ta o‘ziga xos.
— Siz bu taklif tarafdorining nomi uchun uning imkoniyatlarini bu qadar gustoxona barbod
etayotganidan hayron bo‘lgandirsiz?
— Juda topib aytdingiz, shef.
Palmer yuzini tirishtirdi.
— Shu “shef” degan so‘zni boshqa eshitmay sizdan.
— Yaxshi, boss.
— Davom eting.
— Kechirasiz. — Juvon kulib qo‘ymoqchi edi-yu, biroq darhol o‘zini qo‘lga oldi. — Uzr. Azbaroyi
qiziqayotganim uchun, iltimos, sizga malol kelmasin-u, bir narsani so‘ramoqchiman, siz nimaga ishora
qilayapsiz... mister Palmer?
— O’zingizni bosing, — dedi yigit nasihatomuz. — Yana bir nechta qutquli savollarim bor. Bu yil Jo
Lumis o‘zining Berkxardtga nisbatan navbatdagi murojaati bilan yana hamma narsani harakatga
keltirganini qayoqdan bilasiz?
— Berkxardt buni hech kimdan yashirmas edi. Siz bizning baxtiyor davramizga kelib qo‘shilgan
paytdayoq u g‘azabdan o‘zini qo‘ygani joy topolmay qolgan edi.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |