www.ziyouz.com kutubxonasi
189
bo‘yicha u ham xonaning me’moriy bo‘lagi sifatida rejalashtirilgandi. Quyi qavatning to‘rdagi
burchagida uyni enlab bir qancha mayda xonalar joylashgan, bular vino saqlanadigan hujracha,
vannaxona, yordamchi oshxona bo‘lib, taomni tortish uchun yuqoridagi oshxona bilan lift orqali
tutashtirilgandi. Mehmonxonaning o‘zi 7,5 ga 15 metr maydonni egallar, shiftning balandligi 7,5 metr,
poli dubdan, aralash parket terilgan, old tomondagi sidirg‘a oynavand devorga parda qoqilmagan edi.
Alyumin panjara uni to‘g‘riburchaklarga bo‘lib turar va orasidan bino old devorining kungiralari ko‘zga
tashlanardi. Kechqurun o‘tayotganlar mehmonxonaga old devor oralig‘idan mo‘ralash imkoniyatiga
ega bo‘ladilar. Va, darvoqe, shunday foydalanmoqdalar edi. Chirmovuq o‘sdirilgandan keyin, dedi
Palmer o‘zicha, tilla baliqchali akvarium ko‘ngildagiday zavq bermay qoladi. Lekin ungacha, o‘yladi u,
o‘tayotganlar old devordan kirib kelishga o‘rganib qolishadi. Yoki kechqurunlari xonadan
foydalanishga hojat ham qolmas?
Zinapoya oldida turganida unga uzunday bo‘lib ko‘ringan orqa devorda asosiy narsa kamin —
mustamlakachilik o‘chog‘ining zamonaviy kamoloti edi, lekin u shu qadar katta ediki, unga bir nechta
odam tik turib ham bemalol sig‘ardi. Kaminning qoq o‘rtasida o‘tin uchun oddiy qora cho‘yan taglik va
ikki metrcha enlikdagi panjara joylashgandi. Panjarada bir nechta tarasha, ular yonida kaminga
tegishli buyumlar va maroqli ko‘rinishdagi qora temir chaqmoqtosh yotardi.
— Shu narsang yomon xavfli-da, — degan edi u xotiniga.
— Uni yuz yildan beri ishlatib kelishadi-ku.
— Bizdagi shu narsani-ya?
— Ha.
— Biron yangiroq xilini o‘ylab topisholmabdimi?
Xonaga razm solar ekan, Palmer uning bo‘yog‘iga e’tibor berishni esdan chiqarayozibdi. Edisning
laklanmagan dubga moyilligini ma’qullagan holda pol chiroyli deb qo‘ydi. Devor va kamin oq rangda
edi. Chog‘roq orqa xonalarga ochiladigan eshiklar qora, kaminga tegishli narsalar ham shu tusda.
Darhaqiqat, dedi u xonaga yana bir bor sinchiklab ko‘z yugurtirib chiqib, suvratlar boshqacha jon
kiritib turibdi. Ularning har biri o‘z chirog‘ining tagidan joy olgan, bu devor oqini yumshatar va
moybo‘yoqlar yorqinligini kuchaytirardi. Lekin qolgan narsalar xona ko‘rinishiga sira ko‘rk
bag‘ishlamayotgandi. Pastak stul va devorlarga daraxt pustlog‘ini eslatuvchi mato qoplangan. Bir
nechta yashil o‘simlik g‘ildirali oq va qora ko‘chma qutilarda turardi.
Bir gal bilmasdan va g‘oyat xotirjam tusda u Edisga bo‘yoqlarning ma’nosizligi haqida aytganida
xotini uning tanbehini maqtov deb tushungandi.
— Albatta, — deb javob bergandi xotini, — xonada bo‘lgan odamlar uni bezab tursin degan
xayolda shunday qilingan.
— Sen ayollarni nazarda tutayapsanmi?
— Balki, — dedi xotini, — men bir necha ixcham-ixcham sidirg‘a rang gilam olarman.
Palmer tepada oila ovqatga yig‘ilayotganini eshitdi. U nazorat shchitiga qaytdi, chiroqni o‘chirdi va
endi ko‘zga ko‘rinmay qolgan zinadan ko‘tarila boshladi.
Uyiga qaytayotib mashinada his qilgani yolg‘izlik tuyg‘usi hozir zinadan ko‘tarilib borayotganda ham
vujudini qamrab oldi. Edis va missis Keyjning bir-biri bilan gaplashayotgandagi gaplariga emas, balki
faqat ovozlariga quloq tutdi. Shu on Palmer to‘satdan ko‘nglida boshqa tuyg‘uni, xuddi yolg‘izlikka
o‘xshagan kuchli tuyg‘uni his etdi.
Avvaliga bu qanaqa tuyg‘u ekanini bilolmadi U qandaydir tanholik bilan bog‘liqday edi, lekin baribir
bu qandaydir boshqacha edi. Yolg‘izlikni yoqimli, hatto hayajonli qiluvchi o‘shanday kuchli tuyg‘u.
U keyin tushundi. Mana shu oylar mobaynida Nyu-Yorkda u tuturuqsiz mehmonxona hayotini
kechirdi. Hamma narsa o‘zgardi. Endi u o‘zining yana odatdagi rolini — o‘z uyida oila otasi rolini
o‘ynamoqda edi, hatto yuridik ma’noda ham uy egasi mas’uliyat va mulkchilikning ola xurjuni
bo‘yniga tushgan erkak, vassalom.
Uning hech bo‘lmaganda Chikagoda o‘ynagan bu roli boshqa bir narsani ham ko‘zda tutar edi.
Uydagilarga yordam berish, garchi sezilmas bo‘lsa-da, uy yumushlarining borishi ustidan doimiy
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |