www.ziyouz.com kutubxonasi
114
burildi-da, g‘arb tomonga yo‘l oldi va oxiri Birinchi avenyuga yetdi. U yerda nafasi ichiga tushib,
to‘xtadi, orqasi bilan g‘adir-budur g‘ishtin devorga yopishdi. — Bundan keyin odamga o‘xshab yashay
boshlayman, — bazo‘r gapirdi u og‘zi bilan havoni yutoqib ichiga tortarkan. U peshonasidan ter
chiqqanini sezdi. Bo‘shashib, ro‘molchani qidirib cho‘ntagini kavlagancha pastga sirg‘alib tushdi.
To‘satdan ayol kishining qadam tovushlari qulog‘iga chalindi. Yuzini artib, muyulishda paydo bo‘lgan
bir ayol va bir erkakning ko‘rdi. Ular Palmerning shundoq yonidan o‘tib ketishdi va unga hatto qiyo
boqib qo‘yishmadi ham. Yana bitta sharobxo‘r-da, tag‘in bashang kostyum kiyib olgani-chi.
Ular qorong‘ilik qo‘yniga g‘oyib bo‘lguncha u uzoqlashib borayotgan ayol qorasi ortidan qarab qoldi.
Ko‘zlarini yarim yumdi, yana ochdi va Birinchi avenyudan asta o‘tib ketayotgan taksini ko‘rdi. Qoqila-
suqila u qo‘lini silkib, ko‘cha yoqalab taksi ortidan chopdi, shu chopganicha kuchining boricha chopib
ketaverdi, ketaverdi, ketaverdi.
Yigirma uchinchi bob
Kun omadsiz boshlandi. Har doimgidek Edis bolalarni maktabga kuzatib qo‘yish uchun soat oltida
turdi. Palmer esa uyg‘onib, qimirlashga ham ulgurmay, boshi zirqirab og‘riyotganini his etdi.
Og‘riqdan afti burishib, u karavot yonidagi tumbochka ustida turgan soatga cho‘zildi. Allaqachon
sakkiz bo‘libdi. Karavotda o‘tirarkan, u darhol o‘ziga keldi va bolalari bilan ko‘risholmasligini angladi,
bankka kech qoladi, hammadan ham mana bu chidab bo‘lmas bosh og‘rig‘ini aytmaysizmi!
Nonushta ham hech qanday yengillik bermadi. Ikki dona aspirin hozircha ta’sirini bildirgani yo‘q, u
va Edis o‘rtasida yuzaga kelgan keskin vaziyat — u buni his qilib turardi — dard ustiga chipqon edi,
xolos. Harholda unga shunday ko‘rindi. U ko‘z tagidan xotinini kuzatar, u ham shu narsani his
qilayotibdimi, yo‘qmi shuni bilishga harakat qilardi, yoki uning o‘z kayfiyati shunaqa keskin vaziyat
yaratayotibdimi?
— “Tayms”dagi dasturxonning uncha fayzi bo‘lmagan, shekilli, — dedi Edis. — Balki u yoqqa
bormaganingda durust bo‘larmidi?
— Birontasi ham borishga arzimaydi, — ming‘irlab dedi Palmer.
— Unda nega...
— Maqsadlarim bor edi, — xotinining gapini bo‘lib dedi u. — Reportaj uchun mavzu qidirib, uni
topolmagan “Tayms” reportyorlari maqsadidan sal bo‘lakcha. Meni ko‘rib qo‘yishlari uchun borgan
edim u yerga va niyatimga yetdim.
— O’z burchimni bajardim, — quruqqina qilib javob qaytargan bo‘ldi Edis.
— Mutlaqo to‘g‘ri.
Xotini indamay gazetaga ko‘z yugurtira boshladi, biroq Palmer oralarida go‘yo qandaydir izhor
etilmagan fikrlar havoda mualliq osilib turgandek his etmoqda edi. Ko‘rinib turganidek, xotinining
ziyofat haqidagi suhbatni davom ettirishga moyilligi yo‘q emasdi, ammo nimadir uni tutib turardi.
Nahotki, hamma gap faqat shundangina iborat bo‘lsa? U qahvani oxirigacha ichib qo‘ydi.
— O’z-o‘zidan ma’lum, men butun oqshom u yerda o‘tirganim yo‘q, — gap qotdi Palmer, ataylab
chala qolgan suhbatga qaytarkan.
— Men ham shunday o‘ylagandim.
— Kerakli odamlarni ko‘rib olish uchun meni Berns taklif qilgandi.
Edis bosh irg‘ab qo‘ydi va mutolaada davom etdi. Qahvani ichib bo‘lib, Palmer qahva choynagiga
qo‘l cho‘zgan edi, biroq Edis gazetadan ko‘zini olmay undan ilgariroq yetib bordi va choynak
jo‘mragining quloqli piyolaga urilgani eshitildi.
— Sekinroq, — ohista ogohlantirdi er.
Edisning nigohi yuqoriga ko‘tarildi, biroq quloqli piyolaga emas, to‘g‘ri Palmerning yuziga qadaldi.
— To‘kib qo‘ydimmi?
— Men unday... — Palmer xo‘rsindi-da, gapini tugatmadi.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |