www.ziyouz.com kutubxonasi
122
— Siz meni kechiring, — dedi Palmer, — men baribir qishloqiligimga boraman va bu narsalarga
tuzuk-quruq aqlim yetavermaydi.
— Palmer, — uning so‘zini bo‘ldi chol, — har gal kim menga o‘zini qishloqi qilib ko‘rsatib,
shaharcha nozik narsalarga aqlim yetmaydi deb aytganda, men oqibatda hamyonsiz qolaman. Ana
shunaqa. Xo‘p, mayli. Ochiqchasiga gaplashaylik. Sizga qanday topshiriq berilganini men bilaman.
Undan ko‘ra siz omonat banklari bilan jangni go‘yoki muqaddas salib yurishi hisoblab, ochiqchasiga va
aylantirmay javob berganingiz yaxshi emasmidi?
Palmer kuldi:
— Mana bu endi yoqimli kutilmagan narsa.
— Shunaqami? — Lumis unga diqqat bilan qaradi. Keyin uning javob aytishdan qochishni
do‘ndirishiga qoyil qoldi. Uning katta-katta ko‘zlari Palmerdan chetlab o‘tib, tanobiyning to‘riga diqqat
bilan tikildi. — Hammamiz shu yerdamiz, — biroz jimlikdan so‘ng dedi u, — bilamiz: bu naqd pullar
uchun bor-yo‘g‘i mushtlashuv, xolos. Hozirgi vaqtda naqd pullarning katta qismi omonat banklari
ixtiyorida turibdi, tijorat banklari esa puldan o‘marib qolmoqchi bo‘ldi. Bunday ahvolda hech kim
yutolmaydi.
— Ommadan boshqa hech kim, — qo‘shib qo‘ydi Palmer.
— Mutlaqo to‘g‘ri, — Lumis yana bir necha bor boshini irg‘adi. — Omma har doim sal bo‘lmasa
oshkora ichiqoralik bilan mushtlashuvni kuzatib turadi. Masalan, chakana narxlar atrofidagi
mushtlashuvni. Ommaga esa kim yengilishining mutlaqo farqi yo‘q. U eng arzon narxda hamma
narsani sotib olsa bo‘ladigan paytni kutib turadi, xolos. Maqola uchun a’lo sarlavha: “Bankirlar bir-
birning go‘shtini g‘ajishga tayyor”. Omma bunday narsalarni ko‘ziga surtadi. Bankirlar mushtlashib
yotganda o‘z mablag‘iga yiliga chorak foiz qo‘shimcha qidirib, mablag‘ qo‘yuvchilarning tit-pitini
chiqaradilar, go‘yo bu ularni Qorunga aylantiradigandek. Kim yutib chiqadi? Omma; lekin biz emas.
Shu joyda fikrimiz bir joydan chiqar?
— Mutlaqo.
— Sizday tajribasi bor odamga, — tezgina davom etdi Lumis, — boshqa odamlardan farqli o‘laroq,
bankirlar ularning axlatni kulbadan olib chiqishdek dabdabaga yo‘l qo‘ya olmasliklarini tushuntirib
o‘tirishning aslo hojati bo‘lmasa kerak. Gapim to‘g‘rimi, xo‘sh, nima deysiz?
— Ha, ha, siz haqsiz.
— Boshqalar uchun, biz uchun ozuqa bo‘ladigan narsa zahardir, shunday emasmi? — qo‘shib
qo‘ydi Lumis.
— To‘g‘ri.
Bunday tuturuqsizlikdan zavqlanib, Palmer o‘zini o‘rindiqqa tashladi. “Qorunga o‘xshagan boy” —
kinoyali kuldi u, — “kulbadan chiqqan axlat”, “zahar”. Bunday eski g‘oyalar yordamida Jo Lumis
qanday qilib yuksakliklarga yetib olardi? Yuraverib tekislangan temir iz baribir mustahkam bo‘larkan-
da.
— ... agar ta’bir joiz bo‘lsa, bu voqeani silliqqina yuzdan sidirib tashlash kerak, — davom etdi chol,
— to u Olbanigacha yetib borguncha. Qonun bunga qo‘l urishi hamon biz hammamiz mushkil ahvolda
qolamiz.
Palmer ehtiromli bosh irg‘ab qo‘ydi, payt poylab turdi, iloji boricha ko‘proq samimiy gapirishga
harakat qilib dedi:
— Buni siz filiallar haqidagi qonun loyihangizni qaytarib olishga tayyorsiz degan ma’noda
tushunishimiz joizmi?
Lumis o‘rindiqqa og‘ir cho‘kdi va bir nafas Palmerga u nishonga urgandek tuyuldi. Uning tub
sababini bilgandan keyin endi bu qiziq o‘yinday bo‘lib qoldi. Biroq Lumisning chekingandek bo‘lib
ko‘rinishi bor-yo‘g‘i ofitsiantning stolga yaqinlashib kelishi tufayli ekan. Ofitsiant yashin tezligida
narsalarni joy-joyiga qo‘ydi-da, yashin tezligida g‘oyib bo‘ldi. Palmer cholning o‘z jo‘jasini sanchqi
bilan aylantirayotganini kuzatib turardi.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |