www.ziyouz.com kutubxonasi
110
— Shaftoli, — bo‘kirdi u go‘shakka, — agar bunaqa kech yotadigan bo‘lsang, sening hayratomuz
taraqqiyotingda tanazzul boshlanadi. Xayrli tun, do‘ndiqcha! — U go‘shakni osdi.
— Seni qara-yu, Vik, — dedi norozi ohangda cho‘zib Berns, — men uni endi chog‘lab bo‘luvdim-a...
— Ertaga bizda katta ishlar bor, — gumburlab dedi Kalxeyn, salobati bilan ularni bosib. — Men,
og‘ayni, ketmasam bo‘lmaydi. Tushlik nima bo‘ladi?
Berns bu devqomat nusxa oldida oz bo‘lsa ham savlatli ko‘rinishga behuda harakat qilib gavdasini
cho‘zdi.
— Bo‘pti, bor, xotiningning peshonasidan o‘pib qo‘y.
U Kalxeynning kutilmagan chaqqonlik bilan eshik tomon yo‘nalganini kuzatib turardi.
— Tushlikda ko‘rishguncha! — uning izidan qichqirdi Berns.
— Bo‘pti.
Kalxeyn Palmerga o‘girildi:
— Siz ham ketsangiz bo‘lardi, Vudi. Uning o‘n tonnalik tansiq taomlaridan tatib ko‘rishni ko‘nglingiz
tusamay qo‘ya qolsin. Sog‘ bo‘ling. — Eshik shovqinsiz yopildi.
Berns ikki-o‘n birni terdi.
— Dispetcherni chaqiring, iltimos. — U kutib turdi, so‘ng dispetcherga qandaydir raqamni aytdi va
tirnoqlariga diqqat bilan razm solgancha yana kutib turdi: — Tommimisan? U tushyapti, mashinani o‘t
oldir. Xayrli tun.
— Kalxeynning haydovchisimi? — so‘radi Palmer.
Berns bosh irg‘adi.
— Semiz xonimchalar didingga yoqadimi? — so‘radi u. — Yoki sinab ko‘rmaganmisan?
— Anchadan beri ular bilan ishim yo‘q, — javob berdi Palmer.
— Rosa maza qilasan, og‘ayni. Bilasanmi, silasang qo‘ling to‘ladi.
— Ehtimol, — dedi Palmer. Tizzalarida sanchiqli og‘riqdan yuzi burishib, u sekin o‘rnidan turdi. —
Hozir taksi tutib bo‘lmasa kerakdir?
— Qanaqa taksi yana? — hayron bo‘ldi Berns. — Mening haydovchim olib borib qo‘yadi seni.
Palmer soatiga qaradi:
— Uni shunday bemahalda bezovta qilishning hojati yo‘q, u allaqachon uxlab qolgan.
— Mening haydovchim men bilan bir vaqtda yotib uxlaydi, — dedi Berns va yarmi ichilgan
qadahlarga qarab ma’nosiz hiringladi. U gurs etib o‘zini o‘rindiqqa tashlarkan, “hih” deb qo‘ydi va
Palmerning galstugiga tikilganicha birmuncha muddat o‘tirib qoldi. So‘ng nigohini uning yuziga oldi.
— Hoy og‘ayni! — dedi u nihoyat.
— Siz ham, haydovchingiz ham endi yotib uxlanglar, — dedi Palmer. Berns asta boshini chayqadi.
— Ayt-chi, pandavaqi, tongotarda uyga qaytib borsang, xotining nima deb o‘ylaydi?
Savolga javob beraymikan yo yaxshisi, uyga jo‘navoraymikan deb Palmer nima qilishini bilmay
birmuncha muddat turib qoldi. O’zi ham kutmagan holda o‘z javobini eshitdi:
— Bilmay qoldim. Men kelganimda u uxlab yotgan bo‘ladi.
— Seni hech qachon kutmaydimi?
— Yo‘q. Agar ertaroq qaytaman deb xabar qilsam boshqa gap.
Berns kinoyali jilmaydi.
— Ertalab tergayverib joningni egovlamaydimi?
— Yo‘q.
— Nahotki biron marta qaerda yuribsan tong otguncha, deb so‘ramagan bo‘lsa?
— Yo‘q, bunaqa bo‘lganini hech eslolmayman.
Berns xo‘rsindi.
— Oh, gavharim, — so‘zlarni dimog‘idan chiqarib, xirgoyi qilib dedi u. — Shunday oson va qulay
o‘rnashib olgansan.
— O’rnashib olgansan deganing nimasi? — Palmer o‘zini yana o‘rindiqda o‘tirganini ko‘rib hayron
bo‘ldi.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |